Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tergovda boshqa, sudda boshqa: IIB boshlig‘i ustidan sudda tezkor xodim ko‘rsatmalari o‘zgarib qoldi
Farg‘onada IIB boshlig‘i va uning o‘rinbosari ustidan sud ishida OAVning ishtiroki cheklangandi. 24 oktyabr kungi sudda tinglangan tezkor xodim Yusufbek Yoqubovning ko‘rsatmalari tergov organiga bergan guvohlik ko‘rsatuvidan keskin farq qilmoqda. Sudning “davlat siri” bahonasi bilan yopiq qilib qo‘yilishi uning kelgusida qonuniy va adolatli o‘tishiga shubha uyg‘otadi.
24 oktyabr kuni Furqat tumani IIB mansabdorlari ustidan navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tgani va unda jabrlanuvchi ayol yechintirilgani aytilayotgan “tezkor tadbir” ishtirokchisi bo‘lgan IIB tezkor xodimi Yusufbek Yoqubov ko‘rsatmalari eshitilgani haqida ma’lum qilgandik.
Yusufbek Yoqubovning tergov davrida bergan ko‘rsatmalari bilan suddagi ko‘rsatuvi bir biridan keskin farq qilmoqda. Quyida uning 24 oktyabr kuni sud majlisida aytgan va Kun.uz muxbiri yozib olgan ko‘rsatmasini keltiramiz:
“2025 yil 17 aprel kuni tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i xizmat xonasiga maktab o‘quvchisini olib kirib ketdi, degan xabar kelib tushdi. Bu xabarni ro‘yxatdan o‘tkazmaganman. Tezkorlik bilan o‘sha yerga bordik. Biz hovliga eshikdan kirdik, devordan sakrab o‘tmaganmiz. Eshikdan kirgan zahoti 2-qavatga ko‘tarildik. 2-qavatda soliq boshlig‘i va maktab direktorini qip-yalang‘och holatda ko‘rdik. Bizga xabar bergan shaxs xizmat uyiga maktab formasidagi yosh qiz kirib ketdi degandi. Ko‘rdikki, u yerda maktab o‘quvchisi emas, maktab direktori ekan. Shundan keyin boshliq o‘rinbosari Jasur Rasulov bizga hammasi joyida, pastga tushaveringlar, dedi”.
Endi Yusufbek Yoqubovning tergov davrida bergan ko‘rsatmasiga e’tibor qaratamiz:
“...2025 yil 17 aprel kuni Furqat tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Qurbonali Abdurahmonovning xizmat uyida Furqat tuman IIB xodimlari Jasur Rasulov, G‘ayrat Otaqulov, Tohir Bashirov, Sohib Nazarov, Aziz Mamajonov, A’zam Hamidjonov ishtirokida o‘tkazilgan kechiktirib bo‘lmaydigan holdagi tezkor-qidiruv tadbirini o‘tkazish uchun asos bo‘lgan ma’lumotni Jasur Rasulovga ham, boshqa shaxslarga ham bermaganman. Menda davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Qurbonali Abdurahmonov xizmat uyiga biron bir shaxsni, jumladan, voyaga yetmagan ayol kishini yoxud qizni olib kirib ketgani bo‘yicha biron bir ma’lumot va xabar bo‘lmagan.
2025 yil 17 aprel kuni soat taxminan 15:30 larda hamkasbim Tohir Bashirov bilan birga Furqat tumani Tomosha qishlog‘ida chet el valutasini noqonuniy almashtirish holati yuzasidan amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan tezkor tadbirni o‘tkazish jarayonida turganimizda Tohir Bashirovning telefoniga katta tezkor vakil G‘ayrat Otaqulov qo‘ng‘iroq qildi. Tohir Bashirov telefonni o‘chirganidan so‘ng G‘ayrat Otaqulov unga tuman markaziga tezda yetib kelishimizni, boshqa tezkor-qidiruv tadbiri borligini aytganini gapirdi. Mening boshqaruvimda bo‘lgan, davlat raqami 40 M 831 SA belgili Nexia-2 mashinamda Tohir Bashirov bilan birga tuman markaziga yetib keldik.
Shundan so‘ng Tohir Bashirov G‘ayrat Otaqulovga qo‘ng‘iroq qilganida u bizga tuman prokuraturasi oldiga yetib kelishimizni aytganini tushuntirdi. Shu sababli biz boshqaruvimdagi mashinamda tuman markazidan tuman prokuraturasi tomonga qarab harakatlanib bordik. Tuman prokuraturasi oldiga yetib kelganimizdan so‘ng Tohir Bashirovga G‘ayrat Otaqulovga qo‘ng‘iroq qilib, aniq manzilni so‘rang-chi, qayerga borishimizni aytsin, dedim. Keyin Tohir Bashirov takroran G‘ayrat Otaqulovga qo‘ng‘iroq qildi va qayerga borishimiz kerakligini so‘radi. Shunda G‘ayrat Otaqulov tuman IIB boshlig‘iga biriktirilgan xizmat uyi oldiga kelishimizni tushuntirdi. Shunga ko‘ra biz ushbu yo‘nalish bo‘yicha harakatlanib bordik.
Soat taxminan 15:45 larda sektor rahbarlarining xizmat uylari joylashgan manzilga yetib keldik. U yerga yetib borganimizda tuman IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Jasur Rasulov davlat raqami 40 850 ZBA belgili, oq rangli Nexia-2 avtomashinasida turgan ekan. G‘ayrat Otaqulov, Sohib Nazarov, profilaktika inspektori Aziz Mamajonov, A’zam Hamidjonov, voyaga yetmaganlar bilan ishlash guruhi inspektori Elbek Muhammadjonov xizmat uylari oldida turishganini ko‘rdik. G‘ayrat Otaqulovning oldiga yetib borib, undan nima bo‘lganini so‘raganimizda, tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘ining xizmat uyida qandaydir noqonuniy holat bo‘lmoqda ekan, shu sababli xizmat uyiga kirib, u yerdagi holatni aniqlashtirish kerak, dedi. Shunda Tohir Bashirov undan biron bir asosimiz bormi, deb so‘raganida, G‘ayrat Otaqulov men bilmayman, meni ham chaqirishdi, ichkaridagi holatdan xabarim yo‘q, tezroq u yerga kirib, nima bo‘layotganini aniqlash kerak ekan, deb gapirdi. Va gapiga qo‘shimcha qilib, qimor bo‘lyaptimi yoki 3-4 tasi dori chekib o‘tiribdimikan, xullas aniqlashtirish kerak ekan, dedi.
Keyin barchamiz Jasur Rasulovning xizmat mashinasi oldiga yetib bordik. G‘ayrat Otaqulov birinchi o‘rinbosar Jasur Rasulovga barcha xodimlar yetib keldi, deb aytdi. So‘ng Jasur Rasulov tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘ining xizmat uyi eshigini ko‘ringlar-chi, ochiqmikan, ichkaridagi vaziyatni, holatni bilinglar-chi, dedi. Shunda A’zam Hamidjonov tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘ining xizmat uyi eshigi ochiqligini aytdi.
Biz ushbu xizmat uyi oldiga yetib kelib, birin-ketin ichkariga kirishni boshladik. Dastlab Sohib Nazarov, undan so‘ng Tohir Bashirov, so‘ngra men va mendan keyin G‘ayrat Otaqulov, undan so‘ng esa profilaktika inspektorlari A’zam Hamidjonov va Aziz Mamajonov kirib kelishgan. Tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Qurbonali Abdurahmonovning xizmat uyiga kirib borganimizda 1-qavatda hech kim bo‘lmagan, 2-qavatdan ayol va erkak kishining ovozi eshitilayotgani sababli barchamiz zina orqali 2-qavatga ko‘tarilganmiz. Zinadan ko‘tarilib, to‘g‘ridagi xona eshigi oldiga yetib kelib, eshikni ochganimizda Qurbonali Abdurahmonov yalang‘och holatda eshik oldida turgan edi. Xonadagi divanda keyinchalik bilishimcha 29-maktab direktori Gulira’no Qosimova ham yalang‘och holatda yotgan edi.
Gulira’no Qosimova bizlarni ko‘rib, darhol ustiga qizil rangli choyshabni tashlab, divan va devor orasidagi joyga yarim o‘tirgan holda turib oldi va baland ovozda kimsanlar, deb baqirib yubordi. Uning baqirganini eshitgan Jasur Rasulov va G‘ayrat Otaqulov ham bizning oldimizga chiqib kelishdi va bo‘lgan holatni ko‘rib, Qurbonali Abdurahmonov va Gulira’no Qosimovaga ustingizga biron nima kiyib olinglar, o‘zingizni bosing, deb aytdi. Men ushbu holatni o‘zimga tegishli bo‘lgan Samsung A33 rusumli telefon apparatimga videotasvirga olganman. Biroq ushbu videotasvirlarni 2025 yil 17 aprel kuni birinchi o‘rinbosar Jasur Rasulovga Telegram orqali tashlab berganimdan so‘ng o‘zimdan o‘chirib yuborganman. Shuningdek, ushbu telefon apparatimni ham hozirga qadar sotib yuborganman”.
Yusufbek Yoqubovning tergovda bergan ko‘rsatmalarining eng muhim jihatlariga to‘xtalsak:
- “menda davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Qurbonali Abdurahmonov xizmat uyiga biron bir shaxsni, jumladan, voyaga yetmagan ayol kishini yoxud qizni olib kirib ketgani bo‘yicha biron bir ma’lumot va xabar bo‘lmagan;
- “tumanning Tomosha qishlog‘ida chet el valutasini noqonuniy almashtirish holati yuzasidan amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan tezkor tadbirni o‘tkazish jarayonida turganimizda Tohir Bashirovning telefoniga katta tezkor vakil G‘ayrat Otaqulov qo‘ng‘iroq qildi. Tohir Bashirov telefonni o‘chirganidan so‘ng G‘ayrat Otaqulov unga tuman markaziga tezda yetib kelishimizni, boshqa tezkor-qidiruv tadbiri borligini aytganini gapirdi”;
- “G‘ayrat Otaqulovning oldiga yetib borib, undan nima bo‘lganini so‘raganimizda, tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘ining xizmat uyida qandaydir noqonuniy holat bo‘lmoqda ekan, shu sababli xizmat uyiga kirib, u yerdagi holatni aniqlashtirish kerak, dedi”;
- “biron bir asosimiz bormi, deb so‘raganida, G‘ayrat Otaqulov men bilmayman, meni ham chaqirishdi, ichkaridagi holatdan xabarim yo‘q, tezroq u yerga kirib, nima bo‘layotganini aniqlash kerak ekan, deb gapirdi”.
Bundan tashqari, tezkor xodimi Yusufbek Yoqubovning suddagi “Bizga xabar bergan shaxs xizmat uyiga maktab formasidagi yosh qiz kirib ketdi degandi”, degan ko‘rsatmasi holat bo‘yicha Furqat tuman IIBda “102” xabari bo‘yicha rasmiylashtirilgan hujjatga ham teskari. Ushbu hujjatda “shaxsini sir saqlagan fuqaro Furqat tumani DSI xodimi Furqat tumani “Chirkay” MFY Mustaqillik ko‘chasida joylashgan kottej uylarning biriga bir ayolni jinsiy aloqa qilish uchun olib kirib ketgani” qayd qilingan. Ya’ni xabar beruvchi (Gulira’no Qosimova ishning bu qismi ham uyushtirilganini aytgandi) do‘kondor “maktab formasidagi yosh qiz” emas, “bir ayol” haqida gapirgan.


Suddagi ko‘rsatuvlar tergovdagisi bilan solishtirilsa, IIB xodimlari asl vaziyatni yashirishga, imkon qadar soliq idorasi rahbari hamda Gulira’no Qosimova manziliga “loy chaplash”ga, eng muhimi bu orqali sudni chalg‘itishga harakat qilayotganini tushunish qiyin emas.
Ochiq sudning OAV vakillari (ochiq sud majlisida ommaviy axborot vositalaridan faqat Kun.uz muxbiri ishtirok etmoqda) uchun yopib qo‘yilishi, boz ustiga sud raisining jabrlanuvchi Gulira’no Qosimovadan sud majlisidagi gaplarni uchinchi shaxslarga tarqatmaslik bo‘yicha tilxat olishi bundan keyingi sud jarayonlarining adolatli va qonuniy o‘tishiga soya solmay qo‘ymaydi.
Yodingizda bo‘lsa, holat jamoatchilikka oshkor bo‘lgach, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi qonunbuzilishi holatining har qanday ko‘rinishiga murosasiz ekanini bildirgan va mazkur holatni nazoratga olgandi. Senatning Xotin-qizlar masalalari qo‘mitasida doimiy asosda ishlovchi senator Malika Qodirxonova ham masaladan chetda emasligini bildirgan, tergov va sud jarayonlari ochiq va xolis bo‘lishi, jabr ko‘rgan ayolning huquqlari to‘liq tiklanishi zarurligini aytgandi.
Oliy sud JIB Quva tumani sudi raisi Avazbek Rahimovning mazkur ishda OAV (Kun.uz muxbiri) ishtirokini cheklash to‘g‘risidagi ajrimining xolisligini o‘rganib qo‘ysa, zarar qilmasdi.
Har holda “qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimaydi” degan gap bor…
Mavzuga oid:
Ruslan Saburov,
Kun.uz
Mavzuga oid
16:01 / 30.11.2025
Samarqandda furalarni yoqib yuborganlar qamoqqa olindi
18:51 / 28.11.2025
Akmal Xo‘jayev va Jasur Rasulov 4 yilga qamaldi
09:36 / 28.11.2025
Andijonda profilaktika inspektori mashinasida urib ketganlardan biri shifoxonada vafot etdi
10:44 / 27.11.2025