O‘zbekiston | 19:08 / 04.11.2025
6719
9 daqiqa o‘qiladi

Turkistonning yuragida ikki kun

Turkiya Respublikasi milliy ta’lim vaziri, professor Yusuf Tekin Kun.uz'ga taqdim etilgan maqolasida Samarqanddagi YuNeSKO sammiti munosabati bilan O‘zbekistonga safari taassurotlari bilan o‘rtoqlashadi.

Foto: Turkiya milliy ta’lim vazirligi

YuNESKOning 43-bosh sessiyasida Turkiya Respublikasi nomidan ishtirok etish uchun Turkiston zaminining markazi bo‘lmish O‘zbekistonga tashrif etishdan benihoya xursand bo‘ldik.

Turkistonning har bir go‘shasi biz uchun muhim, ammo Samarqand va Buxoroni bag‘rida jamlagan O‘zbekistonning o‘rni juda boshqacha. Oramizda ildizlari teran do‘stlik bor, chuqur qardoshlik rishtalari mavjud. Bilge Xoqon tomonidan O‘rxun yodgorliklarida “Sabim tuketi eshitg‘il!”, ya’ni “So‘zimni boshidan oxirigacha eshitgin!” degan so‘zlar bilan boshlangan bu shodlikda va g‘amda birlik tuyg‘usi ming yillik tarixga va boshimizdan kechirgan musibatlarga qaramay kundan kunga kuchayib bormoqda. Turklarga xos bu vijdon va rahm-shafqat ideali bugungi kunda dunyoga o‘rnak bo‘ladigan qadriyatlarimizning ham ramzidir.

Hazrat Navoiy:

Odami ersang demagil odami
Aniki
yo‘q xalq g‘amidin g‘ami,

degan misralarida aynan shu ideal kuylanadi. Yoki, Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lponning birlik va hamjihatlikka, vatanga muhabbatga urg‘u bergan quyidagi misralari:

Birligimizning tebranmas tog‘i,
Umidimizning so‘nmas chirog‘i,
Birlash, ey xalqim, kelgandir chog‘i,
Bezansin
endi Turkiston bog‘i,
Uyg‘on
, xalqim, bitsin ortiq buncha zulmlar,

misralari yoki bu qardoshlikda eng ko‘p ehtiyoj sezganimiz Ozodlik urushini tariflarkan ishlatgan bu misralari birlik va birdamlik ideallarimizga hamohangdir:

Ey Inonu, ey Sakariya, ey istiqlol erlari,
Milli
y Misaq olingancha to‘xtalmasdan ilgari!

...

Bilamiz, kim “madaniyat” beshigida o‘lturg‘on,
Jallodlarning butun ta’ma va hirslari sizlarda.

...

Ey istiqlol, ey Sakariya, ey Inonu erlari,
Yur, mazlumlar to‘fonining o‘ch olg‘uvchi sellari!

Turkiya–O‘zbekiston qardoshligini yoki mening bu zaminga bo‘lgan muhabbatimni tariflash uchun shu kabi minglab misollar keltirishim mumkin. Oramizda ana shu yuqorida keltirilgan shodlikda ham, g‘amda ham birlik va birdamlikning namunasi bo‘lmish birodarlik rishtalari bor.

Milliy ta’lim vaziri sifatida bizning burchimiz ham shu do‘stlikni mustahkamlash va kelajak avlodlarning bu qardoshlik atrofida yanada kuchliroq jipslashishini ta’minlashdan iboratdir. Safarimiz davomida bu borada juda muhim qadamlar tashladik. Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova bilan do‘stligimizni mustahkamlash yo‘lidagi hamkorligimiz doirasida o‘zbek qardoshlarimiz uchun Istanbulda ochiladigan maktab va Toshkentdagi Turk maktabi uchun ajratiladigan yer maydoni haqida juda samarali suhbatlar o‘tkazdik. Shu munosabat bilan muhtarama vazirga va barcha O‘zbekiston mutasaddilariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

Biz, Turkiyada Prezidentimiz janob Rajab Toyyib Erdo‘g‘an rahnamoligida kelasi asrni ta’limda Turk asriga aylantirish yo‘lidagi eng muhim qadamlarimizdan biri bo‘lgan, yangilangan o‘quv dasturimizdagi turli o‘zgarishlar va azaliy do‘stligimizni mustahkamlash yo‘lida qilgan ishlarimiz haqida gapirib berdik. Ayniqsa, innovatsion jismoniy va texnologik infratuzilma, o‘qituvchi kadrlar yetishtirish jarayonlari, kasb-hunar va texnik ta’lim, raqamli texnologiyalar va ta’limdagi sun’iy intellekt ilovalari, darsliklar bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilishimiz mumkin bo‘lgan sohalarning ko‘pligini va bu hamkorlikni tezroq boshlashning qanchalik zarurligini ko‘rdik.

Shu doirada Turkiya davlati sifatida olib borayotgan siyosatimizni ta’lim diplomatiyasi shakliga aylantirish uchun olib borayotgan ishlarimizni muzokara qildik. Shu nuqtayi nazardan, biz ta’lim diplomatiyasini nafaqat jismoniy yoki virtual sinflarda o‘qitiladigan darslar, balki xalqlarning umumiy taqdirini belgilovchi strategik bir jarayon, bir jamiyatning muvaffaqiyat hikoyasini boshqa jamiyatlarga yetkazish usuli sifatida ko‘ramiz. Ta’lim sohasida o‘rnatgan har bir xalqaro hamkorligimiz negizida o‘z asosiy qadriyatlarimizni kelajak avlodlarga yetkazish maqsadi yotadi.

Bugungi kunda tashqi siyosatda muhokama qilinayotgan ko‘plab mavzular – energetika, xavfsizlik, mudofaa, migratsiya va boshqa sohalardagi hamkorlikning uzoq muddatli bo‘lishi uchun ta’lim bilan bir qatorda ilgari surilishi shart. Agar qaysi sohaga bo‘lmasin, ta’limni davraga qo‘shmasangiz, til topishish oson bo‘lmaydi, mushtarak konseptual zamin paydo bo‘lmaydi; hatto ba’zan tezda hal qilinishi mumkin bo‘lgan muammolar xalqaro munosabatlarning sur’atini sekinlashtiradi.

Ta’lim diplomatiyasi doirasida G‘arbdan Sharqqa, Shimoldan Janubgacha dunyoning har bir burchagida olib borayotgan faoliyatimiz bizga sun’iy intellekt va yangi texnologiyalarni ta’limga, dars dasturlariga integratsiyalash, o‘qituvchilar malakasini va sohada kar’yera imkoniyatlarini oshirish, kasb-hunar va texnik ta’lim yo‘nalishlarida sanoat bilan hamkorlik qilish, ta’lim qamrovini oshirish uchun masofaviy imkoniyatlarni kengaytirish, qishloqlar uchun gibrid ta’lim va boshqa raqamli yechimlar kabi keng ko‘lamli muammolar yechimiga qaratilgan, bir vaqtning o‘zida qadriyatlarga asoslangan ta’lim modelini yaratishda hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni beradi.

Qardosh O‘zbekiston bilan rivojlantirayotgan ta’lim sohasidagi aloqalarimiz ham ana shu qarashlar mevasidir. Sevgi va madaniy rishtalarga asoslangan faoliyatimizda sezilarli yutuqlarga erishmoqdamiz. Hozirda O‘zbekistonda 50 nafar o‘qituvchi va 9 nafar murabbiyimiz ishlamoqda; Toshkentda maktabgacha ta’limdan litsey darajasigacha faoliyat yurutuvchi ikki turk maktabida jami 693 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Ayni paytda o‘qituvchilarimiz turli darajadagi 14 ta’lim muassasasida o‘zbekistonlik birodarlarimizga turk tili va turk madaniyatidan saboq bermoqda. Qardosh maktablarimiz dasturi doirasida mamlakatimizdagi beshta maktab O‘zbekistondagi maktablar bilan tenglashtirilib, ikki davlat o‘rtasidagi yaqin rishtalarni saqlash va rivojlantirishga xizmat qiladigan faoliyatlarini birgalikda olib bormoqdalar.

2025 yil 1 noyabrda Samarqand shahrida O‘zbekiston maktabgacha va maktab ta’limi vaziri, muhtarama E’zozxon Karimova bilan imzolaganimiz bitim tufayli ikki do‘st davlat o‘rtasidagi ta’lim diplomatiyasi sohasidagi aloqalarimiz yangi bosqichga ko‘tarildi. Ushbu bitim doirasida Toshkentdagi turk maktablari uchun Toshkent shahrida maktab binosi qurish uchun yer ajratildi; xuddi shunday tarzda O‘zbekiston fuqarolari eng ko‘p yashaydigan Istanbul shahrining Bakirko‘y tumanida o‘zbek maktabi tashkil etish bo‘yicha o‘zaro kelishib olindi. Bu o‘zgarishlar ikki davlatning ta’lim sohasidagi hamkorligini doimiy qilishga intilishining yorqin ifodasidir.

Muhimi shundaki, bu hamkorlik mushtarak idealga asoslanganidadir: qadimgi sivilizatsiya farzandlari sifatida bizning tariximiz mushtarakdir; bizning kelajagimiz ham umumiy bo‘lishi kerak. Istanbuldagi maktab ham, Toshkentdagi maktab ham birodarlik muhitimizni butunlay yangi bosqichga olib chiqib, katta yutuqlarga erishadi.

Bu tashrifim men uchun do‘stlik jarayonini yanada rivojlantirishga qaratilgan qadamlar jihatidan ham, menga bergan ajoyib hissiyotlari jihatidan ham bebaho bo‘ldi. Avvalo, har bir tashrifimda yanada rivojlangan va yanada kuchli bo‘lgan O‘zbekistonni ko‘rishdan juda mamnun ekanligimni bildirmoqchiman. Shuningdek, bu O‘zbekistonni har jihatdan katta marralarga erishishini ta’minlagan Prezident Shavkat Mirziyoyev janobi oliylariga chin yurakdan minnatdorligimni izhor etishni burchim deb bilaman.

So‘zimning so‘nggida, bu tashrifimiz davomida bizga ko‘rsatilgan va qardoshlik ruhiga yarashadigan mezbonlik hamda iliq mehmondo‘stlik uchun tashakkurimni aytmoqchiman. Xususan, dilkash inson va samimiy do‘st sifatida taniganim O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori janob Sherzodxon Qudratxo‘jaga ham katta rahmat aytaman. Turkiston zaminining yuragida o‘tkazganim ikki mazmunli kun uchun, hamda turk-o‘zbek do‘stligi yo‘lida chin ko‘ngildan fidoyilik bilan mehnat qilayotgan barchaga o‘z minnatdorchiligimni izhor etaman.

Yusuf Tekin,
Turkiya Respublikasi milli ta’lim vaziri

Mavzuga oid