Sport | 22:06 / 05.11.2025
12554
2 daqiqa o‘qiladi

Yosh futbolchilarda hayajon sezildi – Islombek Ismoilov birinchi o‘yin haqida

O‘zbekiston U17 terma jamoasi bosh murabbiyi Islombek Ismoilov Qatarda boshlangan FIFA jahon chempionatining 1-turidan o‘rin olgan Paragvayga (2:1) qarshi o‘yindan keyin o‘z fikrlarini aytdi.

Foto: O‘FA

Bosh murabbiy futbolchilardagi hayajonni qayd qildi va ko‘plab (5 ta) sariq kartani yoshlarning hissiyoti bilan izohladi.

«Og‘ir kechgan o‘yinda g‘alaba qozondik. Bunaqa turnirlarda raqib oldidagi hayajonni yengish birinchi navbatda talab etiladi. Buning ustida juda ko‘p ishlarni olib bordik. Shunga qaramasdan yosh o‘yinchilarda baribir hayajon sezilib turdi.

2:0 hisobi paytida o‘yinni nazorat qildik, kerakli vaqtda himoyalanishni ham bildik. Bu oldindan o‘ylangan reja edi.

Futbolchilar o‘yindan oldin murabbiylar tomonidan aytilgan ko‘rsatmalarni to‘liq bajardi. Ularga minnatdorchilik bildiraman.

Raqib jismonan kuchli jamoa edi, shuni hisobiga biz ko‘prok taktika va tezkorlikni reja qilgan edik. Birinchi taymda bular amalga oshdi.

Sariq kartalar? Bu futbol, hissiyotlar har doim bo‘ladi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, bundan oldingi o‘yinlarda boshqa jamoalarda qizil kartalar ham ko‘p bo‘ldi. Biz buni futbolchilarga oldindan tushuntiramiz, ruhiy holati bo‘yicha alohida ishlaymiz. Lekin bu holat yosh bilan bog‘liq deb o‘ylayman. Bu holatlarni ko‘rib chiqamiz. Eng muhimi g‘alaba edi, buni futbolchilar uddaladi», dedi bosh murabbiy.

O‘zbekiston U17 terma jamoasi navbatdagi o‘yinni 8 noyabr kuni Irlandiyaga qarshi o‘tkazadi.

Mavzuga oid