Sport | 20:14 / 06.11.2025
21604
11 daqiqa o‘qiladi

Kavkaz «Barselona»si. «Qorabog‘» YeChLda tarix yozmoqda

Foto: Getty Images

Chempionlar Ligasi asosiy bosqichida qatnashuvchi jamoalar nomi ma’lum bo‘lgach, O‘zbekistondagi muxlislar ikki klubga nisbatan alohida e’tibor qaratdi – «Qayrat» va «Qorabog‘». Qardoshlarimizning Yevropaning eng nufuzli turnirida, eng kuchli jamoalarga qarshi o‘yini tabiiyki, o‘zbek muxlislari uchun ham o‘ziga xos voqea, zero ular orqali biz ham o‘zimizni bilvosita katta futbol bilan solishtirish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.

Birinchi turdayoq «Qorabog‘» safarda «Benfika» ustidan g‘alaba qozonib, shov-shuv ko‘tardi. Ikkinchi turda «Kopenhagen» ham mag‘lub etilgach, dastlabki natijani tasodifga yo‘ygan muxlislar ham jamoa imkoniyatlarini chamalab, keyingi raqiblarga qiziqa boshlashdi. Kecha esa «Qorabog‘» turnirda Ozarboyjonga tashrif buyuradigan eng nomdor raqibi «Chelsi»ga qarshi o‘yinda ochko olishga muvaffaq bo‘ldi (2:2).

Ayni damda «Qorabog‘» 7 ochkoga ega va ushbu bosqichda yana 4 ta o‘yin o‘tkazadi. O‘z maydonida «Ayaks» va «Ayntraxt», safarda «Napoli» va «Liverpul»ga qarshi o‘yinlarda taxminan 4-5 ochko olsa, jamoa tarixida ilk bor Chempionlar Ligasi pley-offga chiqishi mumkin.

Albatta, klub bu darajaga tasodif bilan kelmadi. Jamoa poydevori qariyb 17 yillik tarixga ega va asosiy arxitektor sifatida jamoa bosh murabbiyi Gurban Gurbanovni aytish lozim. Quyida u haqida batafsil to‘xtalib o‘tamiz.

Foto: Gualter Fatia/Getty Images

Gurban Usmono‘g‘li Gurbanov 1972 yilning 13 aprelida tug‘ilgan. Uning futbolchi sifatidagi faoliyati ham yomon kechmagan. U «Neftchi», «Turon» va Ozarboyjonning yana bir qator klublari, shuningdek, Rossiyada «Fakel», «Baltika», «Dinamo» Stavropol hamda «Volgar Gazprom» klublarida to‘p surgan. 1992-2005 yillar oralig‘ida milliy jamoa safida 68 o‘yinda maydonga tushib, 14 gol (2-o‘rin) muallifi bo‘lgan. Lekin uni jarohatlar ko‘p qiynardi. 33 yoshida jiddiy shikastlanadi va Bokuning «Inter» jamoasi safida futbolchilik faoliyatini tugatadi.

U darhol klub boshqaruv tizimida ish boshlaydi va sport direktori etib tayinlandi. Ammo ko‘p vaqt o‘tmay «Neftchi» uni bosh murabbiy vazifasiga taklif qiladi.

«Jamoani murabbiy sifatida tayyorlash futbol o‘ynashdan qiyinroq. Klub rahbariyatining ishonchi menga yordam beradi, shuningdek, ajoyib jamoa shakllangan. Aminmanki, «Neftchi» ushbu mavsumda doimiy yuqori o‘rinlardan pastlamaydi, maqsadimiz esa o‘zgarmaydi – mamlakat chempionatini yutish», – degandi ilk matbuot anjumanlaridan birida Gurban Gurbanov.

Ilk mavsumda «Neftchi» ikkinchi o‘rinni oldi va UYeFA kubogiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Ammo keyingi 2007/08 yillar mavsumi jamoa uchun yomon boshlanadi. 4 turdan keyinoq Gurbanov iste’fo beradi va uni murabbiylikdan sport direktorligiga o‘tkazishadi. Ammo bu safar ham uning ofisdagi ishlari uzoqqa cho‘zilmaydi. 2008 yilning avgustida «Qorabog‘» Gurbanovni o‘ziga chorlaydi.

«Agar futbolimiz rivojlanishini istasak, Ozarboyjonga sarmoya kiritishimiz kerak. Gap faqat futbolchilarda emas. Mahalliy mutaxassislarga ishonishni o‘rganishimiz lozim. Mamlakatimizga xorijlik murabbiylar ikki sabab bilan kelishadi – yo o‘z yurtida muvaffaqiyatli ishlay olmagan yoki bu yerda yaxshi pul ishlamoqchi. Bizga bu kerak emas», – deb ta’kidlagandi «Qorabog‘»ning o‘sha paytdagi vitse-prezidentdi Tohir Go‘zal.

Dastlabki mavsumda «Qorabog‘» ichki chempionatda beshinchi o‘rinni egallaydi. Lekin eng muhimi, o‘sha yili jamoa finalda Bokuning «Inter» jamoasini yengib, mamlakat kubogini qo‘lga kiritgandi. Keyin esa mahalliy futbol uchun dadil va muhim qadam tashlandi – «Qorabog‘» Yevropa Ligasi kvalifikatsiyasining pley-off bosqichiga chiqdi. Shu paytgacha Ozarboyjonning biror klubi bu bosqichgacha yetib kelmagandi. Ammo klub «Tvente»ga qarshi bahslarda mag‘lubiyatga uchraydi.

«Qorabog‘» asta-sekinlik bilan Gurbanov qo‘l ostida shakllana boshlaydi va natijalar ham yaxshilanib boradi. Keyingi besh yilda klub ikki marta uchinchi, bir marta ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritadi. Klub rahbariyatining ham, Gurbanovning ham ambitsiyalari o‘sib borardi. 2023/14 yillar mavsumi oldidan murabbiy jamoaning maqsadi chempion bo‘lish ekanini ma’lum qildi.

«Men faqat klub rahbariyati emas, hammaning oldida aytyapmanki, bu mavsumda chempion bo‘lmoqchiman. Chunki murabbiy sifatidagi maqsadim shu. Albatta, muammolar va kamchiliklar bo‘ladi, zero agar qaysidir murabbiy chiqib, men yuz foizga aniq chempion bo‘laman, desa ishonmang. Sababi, ba’zida har qancha yaxshi tayyorlangan bo‘lsangiz ham g‘alaba qozona olmasligingiz, nimadir o‘xshamay qolishi mumkin», – degandi Gurbanov mavsum oldidan matbuot anjumanida.  

U maqsadiga erishadi. «Qorabog‘» 2013/14 yillar mavsumida Ozarboyjon chempioniga aylanadi. Chempionlik 34-turda Bokuning «Inter» klubi ustidan qozonilgan g‘alaba bilan rasmiylashtiriladi. Gurbanov o‘yin tugagach yig‘lab yuboradi – nihoyat maqsadga yetib kelingandi.

«Qorabog‘» chempionlikni nishonlamoqda
Foto: qarabagh.com

Shundan so‘ng «Qorabog‘»ning chempionatdagi butkul hukmronlik davri boshlandi. Qatorasiga yetti yil klub chempionlik unvonini hech kimga bermadi. Faqat 2020/21 yillar mavsumdagina «Neftchi» chempion bo‘ladi, qorabog‘liklar esa ikkinchi o‘rin bilan kifoyalanishdi. Ammo keyin «Qorabog‘» yana to‘rt yil chempionlikni hech kimga bermaydi. Bundan tashqari, Gurbanov shogirdlari bu yillarda besh marta mamlakat kubogi sohibi ham bo‘ladi.

Endi mahalliy miqyosdagi yutuqlar yetarli bo‘lmay qolgandi. 2014/15 yillar mavsumida klub ilk bor yevrokuboklarning asosiy raundida qatnashdi. «Qorabog‘» Yevropa Ligasining guruh bosqichida «Inter», «Sent Etiyen» va «Dnepr»ga qarshi o‘ynadi. Keyingi ikki mavsumda ham klub Yevropa Ligasi guruh bosqichida ko‘rinish berdi.

2017/18 yillar mavsumida «Qorabog‘» tarixda ilk bor Chempionlar Ligasi guruh bosqichiga chiqa oldi. Saralash raundlarida jamoa Gurjistonning «Samtredia», Moldovaning «Sherif» hamda Daniyaning «Kopenhagen» klublarini ortda qoldirdi. Guruh bosqichida esa jamoaga «Chelsi», «Atletiko» va «Roma» raqib bo‘ladi. Gurbanov shogirdlarining asosiy muvaffaqiyati sifatida «Atletiko» bilan ikki durangni keltirish mumkin. Jamoa boshqa o‘yinlarda ochko ololmaydi.

Yevrokuboklarning pley-off bosqichiga «Qorabog‘» ilk bor ikki yil oldin, 2023/24 yillar mavsumida chiqqandi. Yevropa Ligasi guruhida jamoa Xabi Alonso boshqaruvidagi «Bayyer»dan keyingi ikkinchi o‘rinni band etgandi. Ushbu guruhda shuningdek «Hekken» va «Molde» klublari bor edi. 1/16 finalda ozarlar sensatsion ravishda Portugaliyaning «Braga» jamoasini ikki o‘yin natijasiga ko‘ra (2:3, 4:2) turnirdan chiqarib yuborishni uddalashdi. Nimchorakda esa yana eski tanish – «Bayyer» kutib turardi.

Guruhda «Bayyer» har ikki o‘yinda ham «Qorabog‘»ni mag‘lubiyatga uchratgandi. Ammo pley-offdagi to‘qnashuv ancha dramatik kechdi. O‘sha paytlarda «Bayyer» butun mavsum davomida mag‘lubiyatsiz o‘ynagan, Bundesligada peshqadamlik qilgan va Yevropa Ligasi favoriti edi. Ozarboyjondagi ilk uchrashuv 2:2 hisobida yakunlanadi. Liverkuzenda esa Gurbanov shogirdlari 2:0 hisobida oldinga chiqib oladi. Lekin «Bayyer» bu o‘yinda ham o‘ziga xos ravishda kambek amalga oshirib, 90+8-daqiqada g‘alaba golini urishga muvaffaq bo‘lgandi.

«Futbolchilarimdan minnatdorman. Ular oxirigacha qattiq kurashishdi, ko‘p kuch sarf qilishdi. Xabi Alonsoni ham chorakfinal bilan tabriklayman. Biz uchun bu katta tajriba. Biz o‘z ko‘zimiz bilan katta futbolni ko‘rdik. Bu haqida gapirish boshqa, uning ichida yashash butunlay boshqacha ekanini his qildik. Kichik bir detal butun o‘yin taqdirini hal qilishi mumkin. Uyda ham, safarda ham ikki gol urganimiz bizga yordam bermadi. Avval ham aytganimdek, bu raqib o‘zi istagancha gol ura oladi. Guvohi bo‘ldimki, o‘sishimiz uchun rejalarimning o‘zi yetarli emas, men yanayam ko‘proq ishlashim, tajriba orttirishim kerak ekan», – deb xulosa qildi o‘shanda Gurban Gurbanov.

Vijesti me nashri esa «Qorabog‘» jamoasini tasvirlar ekan, «Kavkaz Barselonasi» deb atadi va bu Gurban Gurbanovning o‘yin uslubiga ham ishora edi. Chempionlar Ligasining joriy mavsumi esa «Qorabog‘»ning yangi va yorqin tarixiga aylanmoqda. Jamoa pley-off yo‘llanmasi uchun kurashyapti.

Marko Yankovich «Chelsi» darvozasiga urilgan golni nishonlamoqda

Darvoqe, Gurbanov o‘ziga yarasha qattiqqo‘l ekanini ham unutmaslik kerak. Sportinfo.az ma’lumotiga ko‘ra, YeChLning 3-turida «Atletik»ka qarshi mag‘lubiyatdan (1:3) so‘ng murabbiy futbolchilarni jarimaga ham tortgan. Unga nafaqat qayd etilgan hisob, balki shogirdlarining munosabati ham yoqmagan. Chunki Bilbaoda o‘tgan o‘yinda ham jamoa ilk daqiqalarda gol urib, hisobda oldinga chiqib olgand. Tabiiyki, intizom muhim, busiz jamoa bu yerlargacha yetib kelmasli balki... 

Mavzuga oid