Jahon | 19:21 / 10.11.2025
14803
5 daqiqa o‘qiladi

Birgina hazilni deb aeroportda favqulodda holat e’lon qilindi 

8 noyabr kuni Qozog‘istonning Atirau xalqaro aeroportida yo‘lovchilardan biri uni ro‘yxatga olish vaqtida hazillashib qo‘l yukida bomba borligini aytdi. Birgina shu gapni deb butun aeroportda favqulodda holat e’lon qilindi. Barcha yo‘lovchilar u yerdan evakuatsiya qilingan. Lekin guvohlar aeroport xodimlari yo‘lovchidan o‘ch olish uchun buni qasddan qilganini gapirmoqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Aeroport xodimi zudlik bilan bu haqida tegishli guruhga xabar bergan. Shu zahotiyoq aeroport xavfsizlik xizmati butun obektda favqulodda holat e’lon qilib, barchani u yerdan evakuatsiya qilishni boshladi. Mahalliy qozoq nashri – Tengrinews’ga ko‘ra, hodisa joyiga yuklarni tekshirish va xavfsizlikni ta’minlash uchun favqulodda xizmatlar guruhi chaqirilgan. 

Respublika Transport departamentining tasdiqlashicha, yo‘lovchi Atiraudan Olmaotaga uchishi kerak bo‘lgan. U ro‘yxatga olish jarayonida aeroport xodimiga hazil qilaman deb, uning savoliga ha mening sumkamda bomba bor, degan. 

Biroq, tekshiruv o‘tkazilganidan keyin unda hech qanday portlovchi qurilma yo‘qligi aniqlangan. So‘ngra yo‘lovchi yolg‘on axborot bergani uchun jinoiy javobgarlikka tortiladigan bo‘ldi. 

"Ushbu hodisa yuzasidan Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi, ya’ni "Terrorchilik akti to‘g‘risida bila turib yolg‘on xabar berish" doirasida jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Jabrlanganlar yo‘q, aeroport normal ishlamoqda. Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 201-moddasiga muvofiq, boshqa ma’lumotlar tergovga aloqador emas", deyiladi rasmiy munosabatda. 

Mahalliy nashrlar tarqatgan videolarda ko‘rinishicha, kechqurun e’lon qilingan favqulodda vaziyat sabab yo‘lovchilarning hammasi ko‘chaga chiqarilgan. Aeroport hududi esa o‘rab olinib, reyslar, samolyotlarni qabul qilish to‘xtatilgan. Birgina hazilni deb, butun aeroport ish rejimidan chiqqan. 

Endi ushbu yo‘lovchiga qanday jazo berilishi tergov va suddan keyin aniq bo‘ladi. Qozog‘istonda bunday holatlar aslida tez-tez sodir bo‘lib turadi. Avvalroq, Ostona-Olmaota reysi yo‘lovchisi ham sumkamda taqiqlangan narsa bor deya hazil qilib, javobgarlikka tortilgandi.

Atirau aeroportidagi holatga guvoh bo‘lganlar aslida vaziyat bunday tus olishida aviakompaniya xodimining ham aybi borligini aytmoqda. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri aynan o‘sha reys orqali uchish uchun aeroportda bo‘lgani, aslida yo‘lovchidan o‘ch olish maqsadida registratsiya stolida o‘tirgan aviakompaniya xodimi masalani ko‘pirtirganini yozdi.

“Ular katta ehtimol bilan yo‘lovchining qo‘pol xatti-harakati va muomalasi uchun o‘ch olishdi. Uning sumkasida hech qanday bomba yo‘qligini xodim bilardi, ataylab qildi. Bu shunchaki og‘zaki janjal edi, yo‘lovchi ham biroz tilini tiyganida bunchalik bo‘lmasdi. Aviakompaniya xodimi vaziyatni noto‘g‘ri baholadi, his-tuyg‘ularga berildi, ikkalasi ham aybdor edi”, deydi guvoh. 

Yana bir ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi esa endi o‘sha yo‘lovchi jazodan qutulib qololmasligini yozdi. 

Dmitriy ismli profil egasi esa bunday hazillar boshqa oqibatlarga olib kelishi mumkin emasdi, deya yo‘lovchi o‘z harakatidan hali afsuslanishini bildirdi. 

Lekin aksariyat qozoqlar o‘z munosabatida aeroport yoki aviakompaniya xodimlarini bosiqlikka chaqirgan, hech qanday portlovchi modda yo‘qligi o‘zi ravshan bo‘lib tursa-da, asablari qo‘zigani uchun butun aeroportdagi ishni to‘xtatib qo‘yishlari noto‘g‘ri, deydi internet foydalanuvchilari. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston qonunchiligida ham xuddi shunday holatlar uchun javobgarlik mavjud. Masalan, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra, ataylab yolg‘on axborot berish, ayniqsa jamoatchilikni chalg‘ituvchi, asossiz vahima va nizo keltirib chiqaruvchi xarakterdagi xabar bo‘lsa, jarima va qamoq bilan jazolanadi. Jinoyat kodeksiga ko‘ra esa, noto‘g‘ri axborot jamiyat xavfsizligiga jiddiy zarar yetkazsa, jinoiy javobgarlik belgilanadi. 

Yuqoridagi holatlar ko‘proq medialar faoliyatiga doir bo‘lsa, fuqarolik kodeksiga muvofiq, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatish ham javobgarlikka sabab bo‘ladi. Shuning uchun kerakli joylarda hazil-huzulni unuting, adekvat inson bo‘ling.

Mavzuga oid