Jahon | 20:58 / 13.11.2025
6378
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp va Putin ortidan Si ham G20 sammitiga borishdan bosh tortdi

Janubiy Afrikada o‘tadigan G20 sammitida Xitoy va Rossiya prezidentlari o‘rniga boshqa vakillar ishtirok etadi, AQSh umuman qatnashmaydi.

Foto: Getty images

Janubiy Afrikadagi G20 sammitida Xitoyga Si Jinping emas, balki bosh vazir Li Tsyan vakillik qiladi. Bu haqda 13 noyabr kuni Xitoy Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

«Janubiy Afrika hukumati taklifiga binoan XXR davlat kengashi bosh vaziri Li Tsyan 21-23 noyabr kunlari Yohannesburgda bo‘lib o‘tadigan «Yigirmatalik guruhi»ning 20-sammitida ishtirok etadi», deyiladi vazirlik saytidagi xabarda.

Li Tsyan 2023 yilda Nyu-Dehlida bo‘lib o‘tgan G20 sammitida ham Xitoy nomidan ishtirok etgan. Shu bilan birga, bo‘lajak sammitda 2008 yildan beri birinchi marta uchta eng yirik ishtirokchi davlat - AQSh, Xitoy va Rossiya rahbarlari ishtirok etmaydi. Avvalroq AQSh va Rossiya prezidentlari - Donald Tramp va Vladimir Putin safarni rad etgan edi. Birinchisi mezbon davlat «juda yomon siyosat» olib borayotgani tufayli o‘z mamlakati G20 sammitida umuman ishtirok etmasligini aytgan.

May oyida JAR prezidenti Siril Ramafosaning Oq uyga tashrifi chog‘ida Amerika yetakchisi davlat hokimiyatini go‘yoki u yerda oq tanli fermerlar ommaviy ravishda o‘ldirilayotganlikda aybladi.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov oktabr oyi oxirida Vladimir Putin G20 sammitida «shaxsan ishtirok etmasligini», biroq mamlakat «munosib darajada taqdim etilishini» aytdi.

Mavzuga oid