Jahon | 21:35 / 14.11.2025
13568
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy Yaponiyaga «halokatli mag‘lubiyat» bilan tahdid qildi

Xitoy Yaponiyaning Tayvan bo‘g‘ozidagi vaziyatni harbiy yo‘l bilan hal qilishga har qanday urinishi tajovuzkorlik harakati sifatida baholanishini ma’lum qildi.

Foto: Reuters

Agar Tokio Tayvan atrofidagi vaziyatda harbiy kuch ishlatishga qaror qilsa, Yaponiya «halokatli mag‘lubiyatga uchraydi». Bu haqda brifingda Xitoy Mudofaa vazirligi rasmiy vakili Tszyan Bin ma’lum qildi.

Avvalroq, Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi Xitoyning Tayvanga qarshi ehtimoliy harakatlari Yaponiya uchun «omon qolish xavfini tug‘dirishi» va Tokioga jamoaviy mudofaa huquqini amalga oshirish imkonini berishi mumkinligi haqida gapirgan edi.

Tszyan Bin Yaponiya yetakchisining so‘zlari Xitoyning ichki ishlariga «qo‘pol aralashuv» ekanini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Tayvan masalasi «faqat Xitoyning ichki ishi» bo‘lib, «chet el aralashuviga yo‘l qo‘ymaydi». Shuningdek, u bu yil Xitoyning Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabasi va Tayvanning yapon istilosidan ozod etilganiga 80 yil to‘lishini eslatib o‘tdi.

«Agar Yaponiya tarix saboqlaridan xulosa chiqarmasa va tavakkal etib, Tayvan bo‘g‘ozidagi vaziyatga kuch bilan aralashishga qaror qilsa, muqarrar ravishda qon to‘kilishiga duch keladi va Xitoy xalq ozodlik armiyasining temir devori oldida katta tovon to‘laydi», dedi mudofaa idorasi vakili.

Avvalroq matbuot anjumanida Xitoy TIV rasmiy vakili Lin Tszyan Yaponiya bosh vazir Sanae Takaichining «g‘azablantiruvchi bayonotlarini» qaytarib olishi kerakligini aytib, aks holda Tokio «javobgarlikka tortilishi» haqida ogohlantirgandi.

Lin Tszyanning ta’kidlashicha, Yaponiyaning Tayvan bo‘g‘ozidagi vaziyatni harbiy yo‘l bilan hal qilishga har qanday urinishi Xitoy tomonidan tajovuzkorlik harakati sifatida baholanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday holatda Pekin «qat’iy javob zarbasi» huquqini o‘zida saqlab qoladi.

Mavzuga oid