Sport | 23:18 / 17.11.2025
4687
2 daqiqa o‘qiladi

Mbappe va PSJ sudda bir-biridan 200 mln yevrodan ortiq talab qildi

Mbappe klubni o‘ziga nisbatan yomon munosabatda bo‘lganlikda aybladi, klub esa uni foydali transfer kelishuvini buzganlikda ayblamoqda.

Foto: Getty images

Fransiya milliy jamoasi sardori Kilian Mbappe shartnomani uzaytirishdan bosh tortganidan keyin «Pari Sen-Jyermen» klubini o‘ziga nisbatan yomon munosabatda bo‘lganlikda aybladi va 263 million yevro tovon puli talab qildi. O‘z navbatida PSJ Mbappeni «Al-Hilol» bilan kelishuvni buzganlikda ayblab, 240 mln yevro talab qildi.

Le Monde xabariga ko‘ra, mojaro bo‘yicha sud jarayoni 17 noyabr kuni mehnat nizolari bo‘yicha Parij sudida boshlandi.

Mbappe fikriga ko‘ra, 2023/24 yilgi mavsum boshida klub yangi shartnomaga rozi bo‘lmagani uchun o‘zini o‘yinlardan chetlatgan va sotilish arafasida turgan futbolchilar bilan mashg‘ulot o‘tkazishga majburlagan. Bu holat bo‘yicha Fransiya futbolchilar kasaba uyushmasi ham o‘tgan yili shikoyat qilgan edi.

Mbappe 2023 yilda PSJ klubining Osiyo bo‘ylab mavsumoldi turniriga taklif qilinmadi va mavsumning birinchi o‘yinini o‘tkazib yubordi, ammo keyinchalik klub bilan muzokaralardan so‘ng tarkibga qaytarildi. U PSJ klubi tarkibida 308 ta o‘yinda 256 ta gol urdi.

O‘z navbatida, PSJ Mbappeni Saudiya Arabistonining «Al-Hilol» klubi bilan 300 mln yevrolik transfer kelishuvi barbod bo‘lishida aybdor deb hisoblamoqda, ushbu holatda futbolchi transferdan bosh tortgan edi.

2024 yilda Mbappe erkin agent sifatida Madridning «Real» klubiga o‘tdi.

Mavzuga oid