Sport | 19:12 / 19.11.2025
10936
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek shaxmatchisi ilk bor FIDE Jahon kubogi finalida o‘ynaydi

Shuningdek, kamida bir nafar o‘zbekistonlik shaxmatchi jahon shaxmat tojiga da’vogarlarning 2026 yilgi turniriga yo‘l oladi.

Javohir Sindarov va Nodirbek Yoqubboyev

Hindistonning Goa shahrida shaxmat bo‘yicha 2025 yilgi Jahon kubogi (FIDE World Cup 2025) davom etmoqda.

Musobaqa chorakfinalida o‘zbekistonlik shaxmatchilar muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Jumladan, Javohir Sindarov meksikalik Xose Alkantarani 3,5:2,5 hisobida, Nodirbek Yoqubboyev esa germaniyalik Aleksandr Donchenkoni 1,5:0,5 hisobida mag‘lub etdi.

Endi yarimfinal bahsida Sindarov va Yoqubboyev o‘zaro to‘qnashadi, bu esa o‘zbekistonlik shaxmatchilardan birining finalda ishtirokini ta’minlaydi. Qayd qilish joiz, o‘zbek shaxmati tarixida bu birinchi marta yuz bermoqda.

FIDE Jahon kubogi musobaqasi jahon chempionini aniqlamaydi: dastlabki uch o‘rinni egallagan shaxmatchilar jahon shaxmat tojiga da’vogarlarning 2026 yilgi turniriga yo‘l oladi. Ular orasida kamida bir nafar o‘zbekistonlik shaxmatchi bo‘ladi. Bu ham o‘zbek shaxmati tarixida ilk marotaba yuz beradi.

Shaxmat tojiga da’vogarlarning 2026 yilgi turniri 28 martdan 16 aprelga qadar Kiprda o‘tkaziladi. Unda 8 nafar shaxmatchi ishtirok etadi. Hozircha musobaqaga yo‘llanma olganlar: Fabiano Karuana (AQSh), Anish Giri (Niderlandiya), Mattias Blyubaum (Germaniya), Xikaru Nakamura (AQSh).

Musobaqa g‘olibi shaxmat tojining amaldagi egasi – hindistonlik Gukesh Dommarajuga qarshi bahs olib boradi.

Mavzuga oid