Jahon | 23:27 / 20.11.2025
3928
2 daqiqa o‘qiladi

Mopslar va buldoglar yaqin 10 yil ichida yo‘qolib ketishi mumkin

Qayd etilishicha, odamlar ko‘pincha uy hayvonlarini oila a’zosi sifatida qabul qilmoqda va ularga o‘zlari iste’mol qiladigan taomlarga o‘xshash ozuqa berishmoqda.

Foto: Getty images

Mops, fransuz va ingliz buldogi kabi it zotlari genetika bilan bog‘liq muammolari sababli yaqin 10 yil ichida yo‘qolib ketishi mumkin, deb yozmoqda The New York Post gazetasi.

“Mops va buldog kabi “dizaynerlik itlari” zotlari yassi tumshuq, tashqariga chiqib turadigan ko‘zlar va qatlamli teriga ega tarzda olingan bo‘lib, bu ularda infeksiyalar xavfi, harakatlanishning yomonlashishi va nafas olishda qiyinchiliklarga olib kelishi mumkin”, deyiladi maqolada.

Qayd etilishicha, naslchilar ushbu anatomik kamchiliklarni nasl olishning yangi standartlari orqali to‘g‘rilashga harakat qilmoqda. Nashrning yozishicha, olimlar «Tug‘ma sog‘liqni baholash» tizimini ishlab chiqqan bo‘lib, u itlarni tashqi ko‘rinish va qatlamli teri, yassi tumshuq, tashqariga chiqib turuvchi ko‘zlar va noto‘g‘ri tish tuzilishi kabi anatomik xususiyatlar bo‘yicha baholaydi.

Yangi talablarga ko‘ra, nasl oluvchilar faqat sakkiz balldan yuqori baholashdan o‘tgan itlarni ko‘paytirishi mumkin bo‘ladi. Besh yil ichida mezonlar yanada qat’iylashadi, 10 yildan keyin esa minimal ball 10 bo‘ladi, deb yozadi gazeta.

Avvalroq ABC News telekanali odamlar ko‘pincha uy hayvonlarini oila a’zosi sifatida qabul qilayotgani va ularga o‘zlari iste’mol qiladigan taomlarga o‘xshash ozuqa berayotgani haqida xabar qilgandi. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, it va mushuklar ratsionining o‘zgarishi ularning yashash tarzi va genetikasiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Mavzuga oid