Jamiyat | 10:38 / 20.11.2025
3104
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda pul evaziga ichki ishlar organlariga ishga kiritishni va’da qilgan shaxs qo‘lga olindi

U buxorolik boshqa bir fuqarodan jiyanini Navoiy viloyati IIB Tergov boshqarmasiga ishga kiritib qo‘yishini aytib, 5 ming dollar so‘ragan. Suhbat jarayonida o‘zini ichki ishlar xodimi sifatida tanishtirgan. Kelishilgan puldan 500 dollarini olganda esa tezkor tadbirda ushlangan.

Foto: Videodan kadr

Navoiyda ichki ishlar organlariga ishga kiritib qo‘yishini aytib, firibgarlik qilgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Kun.uz’ga Navoiy viloyati IIB axborot xizmati rahbari Fayozjon Qosimov xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, viloyatning Nurota tumanida yashovchi, 1987 yilda tug‘ilgan shaxs buxorolik 35 yoshli fuqaro bilan tanishgan hamda u jiyanini ichki ishlar organlariga ishga kiritmoqchi ekanidan xabar topgan. O‘zaro suhbatda “hojatbaror” bu ish xamirdan qil sug‘urgandek oson bitishini, o‘zi ham ichki ishlar organi xodimi ekanini bildirgan. So‘ngra 5 000 ming dollar evaziga Navoiy viloyati IIB Tergov boshqarmasiga ishga kiritib qo‘yishini aytgan. 

Telefon orqali suhbatlardan birida u ishni boshlab yuborish uchun pul zarurligini ma’lum qilib, 500 dollar yetkazib berishni so‘raydi. Ushbu pulni olayotganda esa IIV ShXBB Navoiy viloyati bo‘yicha bo‘limi xodimlari tomonidan qo‘lga olinadi.

Pul kerak bo‘lib qoldi. 500 dollar olib keling, keyin bu yog‘ini ko‘raveramiz, dedim. Nafs yomonlik qildi. 10 kundan keyin cho‘ntagimga pul tushadi, qaytarib beraman deb o‘ylagandim, o‘xshamadi. O‘zim uchun kerak edi u 500 dollar. Hech qanday tanishim yo‘q. Qilgan ishimdan pushaymonman”, degan ushlangan shaxs. 

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq DXXga ishga kiritishni va’da qilgan firibgarlar ushlangandi.

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid