Iqtisodiyot | 21:29 / 21.11.2025
4961
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning Datavice kompaniyasi AQSh sanksiyalari ro‘yxatiga kiritildi

Datavice MChJ AQSh Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi tomonidan Rossiya infratuzilmasini qo‘llab-quvvatlash yoki kiberjinoyatchilik bilan bog‘liq faoliyatga aloqadorlikda ayblangan.

AQSh Moliya vazirligi / Foto: Reuters

O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan Datavice MChJ kompaniyasi Rossiyaga qarshi AQSh sanksiyalari ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda AQSh Moliya vazirligi huzuridagi Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) 19 noyabr kuni e’lon qildi.

OFAC Toshkent shahrida joylashgan Datavice MChJ kompaniyasini maxsus ajratilgan va bloklangan shaxslar ro‘yxatiga (SDN List) kiritdi. Bu shuni anglatadiki, kompaniyaning AQSh yurisdiksiyasidagi barcha aktivlari bloklanishi kerak va u bilan har qanday moliyaviy operatsiyalar Amerika kompaniyalari va fuqarolari uchun taqiqlangan.

Bundan tashqari, Datavice ikkilamchi sanksiyalar xavfi ostida qoldi, ya’ni kompaniya bilan hamkorlik qiluvchi har qanday uchinchi tomon ham cheklovlarga duch kelishi mumkin.

Rasmiy hujjatda ma’lum qilinishicha, Datavice CAATSA - Russia va CYBER4 toifalariga kiritilgan, bu esa uning Rossiya infratuzilmasini qo‘llab-quvvatlash yoki kiberjinoyatchilik bilan bog‘liq faoliyatga aloqadorligini ko‘rsatadi.

OFAC ma’lumotlariga ko‘ra, Datavice MChJ kompaniyasi avvalroq AQSh sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan Rossiyaning Aeza Group LLC kompaniyasi bilan aloqador. Aeza Group turli kiberjinoiy guruhlar, jumladan, tovlamachi dastur operatorlari va zararli dasturiy ta’minot yaratuvchilari uchun xosting xizmatlarini taqdim etganlikda ayblanmoqda. Aeza Group mijozlari orasida BianLian tovlamachi dasturlari bilan bog‘liq guruhlar, shuningdek, tarmoqdagi noqonuniy faoliyatga ixtisoslashgan RedLine va BlackSprut platformalari bor. OFAC ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu tuzilmalar AQSh mudofaa sanoati va texnologiya kompaniyalariga, shuningdek, butun dunyo bo‘ylab obektlarga hujum qilish uchun xosting xizmatlaridan foydalangan.

AQSh sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekiston kompaniyalarining birinchisi 2022 yil iyun oyida PROMCOMPLEKTLOGISTIC xususiy kompaniyasi bo‘ldi. AQSh Davlat departamenti xabariga ko‘ra, ushbu kompaniya 2022 yil mart oyida Rossiyaning «Radioavtomatika» korxonasiga qarshi sanksiyalar joriy etilganiga qaramay, u bilan hamkorlikni davom ettirgan.

2023 yilda rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonov bilan affillanganligi sababli «Ohangaronsement» zavodi ham sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi.

2024 yilda OFAC sanksiyalari ro‘yxatiga O‘zbekistonning ikkita kompaniyasi - Uzstanex va The Elite Investment Group kiritilgan edi.

Mavzuga oid