Jahon | 19:25 / 22.11.2025
3438
2 daqiqa o‘qiladi

Vens Ukraina bo‘yicha har qanday tinchlik rejasining uchta shartini aytdi

AQSh vitse-prezidentining versiyasiga ko‘ra, Donald Tramp ma’muriyati tinchlik rejasining har qanday tanqidi hujjatni noto‘g‘ri tushunishga asoslangan.

Foto: Zuma Press/Scanpix/LETA

AQSh vitse-prezidenti Jyeyms Devid Vens (Jyey Di Vens) Ukraina bo‘yicha har qanday tinchlik rejasining tarkibiy qismi uchta shart bo‘lishi kerakligini aytdi. Vens tegishli postni 21 noyabr kuni X ijtimoiy tarmog‘ida joylashtirdi.

Vitse-prezident so‘zlariga ko‘ra, bunday har qanday taklif «Ukraina suverenitetini saqlab qolgan holda qotilliklarni to‘xtatishi» kerak. Bundan tashqari, u «Rossiya uchun ham, Ukraina uchun ham maqbul bo‘lishi» va «urush qayta boshlanmasligi ehtimolini maksimal darajada oshirishi» kerak.

Vensning qo‘shimcha qilishicha, ma’muriyat ishlayotgan kelishuvni har qanday tanqidi hujjatni noto‘g‘ri tushunishga yoki ba’zi muhim haqiqatlarni buzib ko‘rsatishga asoslanadi.

«Agar biz shunchaki ko‘proq pul, ko‘proq qurol-yarog‘ bersak yoki ko‘proq sanksiyalar qo‘llasak, g‘alaba yaqin bo‘ladi, degan xomxayol bor», deb yozdi Vens.

«Tinchlikka illyuziyalar dunyosida yashovchi noqobil diplomatlar yoki siyosatchilar tomonidan erishib bo‘lmaydi. Unga real dunyoda yashovchi aqlli odamlar erishishi mumkin», deb xulosa qildi vitse-prezident.

AQSh taklif qilgan tinchlik rejasi hozircha e’lon qilinmadi, biroq bir qator OAV loyihadan parchalarni keltirdi. Unga ko‘ra, Ukraina Rossiyaga hududiy yon bosishi va armiyasini qisqartirishi kerak. Qo‘shma Shtatlar va Yevropa Ukrainani tiklashni moliyalashtirish majburiyatini oladi, Rossiyaga qarshi sanksiyalar bosqichma-bosqich bekor qilinadi, Moskva va Vashington esa uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risida bitim tuzadi. Shuningdek, reja Kiyevga xavfsizlik kafolatlari berilishini nazarda tutadi.

Mavzuga oid