Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda ayollarga nisbatan raqamli zo‘ravonlikka barham berish bo‘yicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
Kampaniya doirasida 25 noyabrdan 10 dekabrgacha mamlakatning barcha hududlarida «Xotin-qizlarga nisbatan raqamli zo‘ravonlikka barham berish uchun birlashaylik» mavzusida turli tadbirlar, muloqot maydonlari, o‘quv seminarlari va axborot kampaniyalari o‘tkaziladi.
Foto: Oliy Majlis Senati
24 noyabr kuni Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi boshchiligida, BMT tuzilmalari hamkorligida «Xotin-qizlarga nisbatan raqamli zo‘ravonlikka barham berish uchun birlashaylik» kampaniyasiga start berildi.
Har yili 25 noyabr – Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish xalqaro kunidan boshlab 10 dekabr – Inson huquqlari kuniga qadar dunyo bo‘ylab «Gender asosidagi zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faollik» global kampaniyasi o‘tkaziladi.


Mazkur tashabbus doirasida joriy yil BMT tomonidan kampaniya «Xotin-qizlarga nisbatan raqamli zo‘ravonlikka barham berish uchun birlashaylik» mavzusida tashkil etilmoqda. O‘zbekistonda ham ushbu global tashabbus an’anaviy ravishda qo‘llab-quvvatlanib, mamlakat miqyosida turli yo‘nalishlardagi tadbirlar va muloqotlar orqali keng jamoatchilik ishtirokida o‘tkaziladi.
Tadbirni ochgan Senat raisi Tanzila Norboyeva xotin-qizlarni har qanday zo‘ravonlikdan, xususan, raqamli makondagi tahdidlardan himoya qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib, zo‘ravonlikka qarshi kurash uzluksiz jarayon ekanini qayd etib o‘tdi. Uning aytishicha, ayrim zararli stereotiplar jamiyatda urf-odat sifatida talqin qilinishi mumkin, ammo inson huquqlarini buzadigan bunday tasavvurlarni bartaraf etish muhim vazifa hisoblanadi. «Hech qanday stereotip zo‘ravonlikni oqlay olmaydi», deb ta’kidladi u.

Tadbirda vazirlik va idoralar, huquqni muhofaza qilish organlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, xalqaro ekspertlar va BMTning O‘zbekistondagi agentliklari xodimlari ishtirok etdi.
Shuningdek, O‘zbekistondagi BMT doimiy koordinatori Sabin Mahl mamlakatda oiladagi zo‘ravonlikni jinoyat deb belgilash, himoya xizmatlarini kuchaytirish kabi islohotlar raqamli zo‘ravonlikka qarshi kurash uchun muhim baza yaratishini ta’kidlab, raqamlashuv ortib borgani sayin qonun va xizmatlarni ham takomillashtirish zarurligini qayd etdi.

«BMT-ayollar» tuzilmasi Markaziy Osiyo Muvofiqlashtiruvchi ofisi rahbari Jyeren Guven Guresh global raqamlashuv tez o‘sishiga qaramay, dunyoda onlayn zo‘ravonlik va texnologiyalar vositasidagi zo‘ravonlik holatlarining katta qismi yashirilgan holda qolishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yilga qadar 117 mamlakat raqamli zo‘ravonlikka qarshi choralar ko‘rayotgan bo‘lsa-da, bu transmilliy tahdidga javoblar hali ham tarqoq va muvofiqlashtirilmagan holda qolmoqda.
Tadbir ishtirokchilari raqamli makonlarni barcha xotin-qizlar uchun xavfsiz, sog‘lom va imkoniyatlar yaratadigan muhitga aylantirish uchun muvofiqlashtirilgan harakatlarni kuchaytirish zarurligini qayd etdi. Shuningdek, raqamli zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha taklif va tashabbuslar ham bildirildi.

Kampaniya doirasida 25 noyabrdan 10 dekabrgacha mamlakatning barcha hududlarida «Xotin-qizlarga nisbatan raqamli zo‘ravonlikka barham berish uchun birlashaylik» mavzusida turli tadbirlar, muloqot maydonlari, o‘quv seminarlari va axborot kampaniyalari o‘tkaziladi.
Mavzuga oid
21:24 / 03.12.2025
Tanzila Norboyeva Budapeshtda Vengriya prezidenti va Milliy Assambleyasi raisi bilan uchrashdi
08:36 / 19.11.2025
Angrenda zo‘ravonlikka uchragan qiz bo‘yicha jinoyat ishi sudda ko‘rilmoqda
19:25 / 14.11.2025
Tanzila Norboyeva MDH Parlamentlararo Assambleya majlisida qator tashabbuslarni ilgari surdi
16:41 / 13.11.2025