Jahon | 14:59 / 27.11.2025
3361
9 daqiqa o‘qiladi

Vashington markazidagi otishma, Hongkongda dahshatli yong‘in va Putinning Qirg‘izistondagi rejalari – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Oq uy oldida otishma

26 noyabr kuni AQSh poytaxti — Vashington markazida, Oq uy yaqinida ikki nafar Milliy gvardiya askari otib tashlandi. Rasmiylarga ko‘ra, askarlar og‘ir yaralangan, hujum vaqtida jarohatlangan gumonlanuvchi esa qo‘lga olingan.

G‘arbiy Virjiniya Milliy gvardiyasi a’zolari bo‘lgan ushbu askarlar Oq uydan bir necha blok naridagi patrul tarkibida bo‘lgan. Gumonlanuvchi esa burchakdan chiqib kelib, ularni «pistirmadan otgani» aytilmoqda.

Otishmadan so‘ng boshqa gvardiya askarlari hujumchini qo‘lga olgan, hujumchi yakka o‘zi harakat qilgan. FQBga ko‘ra, ikkala askar ham og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.

Tergovchilar — Vashington shtatida yashovchi 29 yoshli afg‘on fuqarosi Rahmanulloh Lakanvalni gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olgan. Bu haqda anonimlik sharti bilan gapirgan Oq uyning ikki nafar rasmiysi Reutersʼga ma’lum qildi. Hujum terrorchilik harakati sifatida tergov qilinmoqda.

Lakanval 2021 yilda «Tolibon» hokimiyatga kelgach, AQShga «Ittifoqdoshlarni qabul qilish» operatsiyasi doirasida kelgan. U 2024 yil dekabrida boshpana so‘rab ariza topshirgan va uning jinoyat tarixi bo‘lmagan.

Hujum sodir bo‘lgan paytda Floridadagi kurortida bo‘lgan Tramp otishmani «yovuzlik, nafrat va terror harakati» deb atadi. U Bayden prezidentligi davrida AQShga kelgan barcha afg‘onlar «qayta ko‘rib chiqilishini» aytdi.

Vitse-prezident J. D. Vens esa migratsiya siyosati yanada kuchaytirilishini bildirdi. Mudofaa vaziri Pit Hegsetning aytishicha, ushbu voqeadan so‘ng Donald Tramp Vashingtonga yana 500 nafar gvardiyachini jalb qilishni buyurdi.

Huquq faollari va tanqidchilar odatda Tramp ma’muriyatining immigratsiya siyosatidan norozi bo‘ladi. Ular – hukumat noqonuniy darajada qattiq choralarni qo‘llayotgani, jinoyat tarixi bo‘lmagan yoki hatto qonuniy ravishda yurgan ayrim shaxslarni ham ayovsiz tarzda hibsga olayotganini aytib keladi.

Hongkongda dahshatli yong‘in

26 noyabr kuni Hongkongning Tai Po tumanida joylashgan turar joy majmuasida bir nechta ko‘p qavatli uylarda yirik yong‘in boshlandi. Politsiyaning ma’lum qilishicha, yong‘in payshanba kuni tongda ham to‘liq o‘chirilmagan. Hozirgacha kamida 44 kishining o‘limi qayd etildi. Ular orasida bir o‘t o‘chiruvchi ham bor. Yana 45 kishi og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Qariyb 300 kishi bedarak yo‘qolgan. Ushbu uy-joy majmuasidagi qariyb 2 000 ta xonadonda 4,5 mingdan ortiq odam yashagan.

Tai Po tumanidagi 32 qavatli majmua bambuk yog‘ochlari va yashil qurilish to‘rlari bilan o‘ralgan bo‘lgan. Rasmiylarga ko‘ra, yong‘in aynan — binoning tashqi tomonida ta’mirlash uchun ishlatilgan bambukdan yig‘ilgan vaqtinchalik konstruksiyadan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, ko‘pikli materiallar orqali tarqalgan bo‘lishi ham mumkin.

O‘t o‘chiruvchilar yuqori qavatlarda qolib ketgan aholiga yetib borishda qiynalmoqda. Payshanba tongiga kelib, rasmiylar yong‘in qamrab olgan to‘rt blok ustidan nazorat o‘rnatilganini, uch blokdagi operatsiya davom etayotganini aytdi.

Xitoy davlat telekanali «Si Jinping bor kuch bilan yong‘inni o‘chirish va talafotlarni kamaytirishni buyurgani» ni xabar qildi. Hongkong politsiya rasmiysi esa qurilish kompaniyasining ikki direktori va bir muhandis maslahatchisi hibsga olinganini bildirdi.

«Bizda kompaniya mas’ullari qo‘pol beparvolik qilgani, bu esa ushbu falokatga va yong‘inning nazoratsiz tarqalishiga olib kelganiga asos bor», dedi u.

Binolarni ta’mirlashda qo‘llanadigan yashil qurilish to‘ri va bambuk konstruksiyalar an’anaviy Xitoy qurilishining unsurlaridan bo‘lsa-da, xavfsizlik sabab bosqichma-bosqich bekor qilinayotgan edi.

Gvineya-Bissauda davlat to‘ntarishi

G‘arbiy Afrikadagi Gvineya-Bissau davlatida harbiy to‘ntarish yuz berdi. Harbiylar prezidenti Umaru Sisoku Embaloni hokimiyatdan ag‘darganini e’lon qildi. Ular barcha siyosiy institutlar, shuningdek, dengiz, havo va quruqlikdagi chegaralarni vaqtincha yopdi.

Harbiylar o‘z harakatlarini «saylov natijalarini manipulyatsiya qilish va mamlakatni beqarorlashtirish rejasi aniqlanganidan so‘ng majburiy chora» sifatida izohlagan. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, bu rejada ayrim siyosatchilar va narkomafiya vakillari qatnashgan.

Bu yerda 23 noyabr kuni prezidentlik va parlament saylovlari bo‘lib o‘tgandi. Ammo natijalar rasmiy e’lon qilinadigan 27 noyabrgacha: amaldagi prezident ham, uning asosiy raqibi ham o‘zini g‘olib deb e’lon qilib yuborgan. Bu esa siyosiy taranglikni yanada kuchaytirgan.

Gvineya-Bissau dunyodagi eng kambag‘al va siyosiy jihatdan inqirozli mamlakatlardan biri hisoblanadi.

Isroil G‘arbiy Sohilda yangi operatsiya boshladi

Isroil xavfsizlik kuchlari 26 noyabr kuni G‘arbiy Sohildagi Tubas shahrida pozitsiyalar egallab, ayrim falastinlik aholiga uylaridan chiqishni buyurdi. Bu shimoliy G‘arbiy sohil shaharlari bo‘ylab bir necha oydan beri davom etayotgan harbiy kampaniyaning davomidir.

Tubas gubernatori Ahmad al-Asadning Reutersʼga aytishicha, vertolyot tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Isroil kuchlari shaharni o‘rab, bir nechta mahallalarda pozitsiyalar o‘rnatgan.

«Bosqin uzoqqa cho‘ziladiganga o‘xshaydi; ishg‘ol kuchlari odamlarni uylaridan haydab chiqardi, binolar tomlarini egalladi va hibsga olish ishlarini olib bormoqda», dedi u.

Isroil o‘tkazayotgan operatsiya chorshanba kuni ertalab «dastlabki razvedka aniqlovi»dan so‘ng boshlangani aytildi. Harbiylar bosib olingan G‘arbiy sohildagi o‘nlab uylarda o‘tkazilgan tintuvlar davomida «kuzatuv nazorat xonasi» aniqlanganini bildirgan.

Shaharda harbiy texnikalar harakatlanayotgani, qo‘shinlarning ko‘chalarda patrul qilayotgani kuzatildi.

Al-Asadning aytishicha, Isroil kuchlari uylaridan haydalgan aholi vakillariga operatsiya tugamaguncha ortga qaytmaslikni buyurgan. U buning bir necha kun davom etishi mumkinligini taxmin qildi.

G‘arbiy sohilda 2,7 million falastinlik yashaydi; ular Isroil harbiy boshqaruvi ostida cheklangan o‘zini o‘zi boshqarish huquqiga ega. Bu hududda yuz minglab isroillik ko‘chmanchilar ham noqonuniy joylashib olgan.

Putinning Qirg‘iziston bilan rejalari

Bishkekka tashrif buyurgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin chorshanba kuni Qirg‘izistonda birinchi atom elektr stansiyasini qurish ehtimoli haqida e’lon qildi.

«Rosatom [Qirg‘izistondagi] uran qazib olish maydonlarini rekultivatsiya qilish dasturini amalga oshirmoqda. Respublikadagi birinchi atom elektr stansiyasini rus texnologiyasi — kichik modul reaktor texnologiyasidan foydalangan holda qurish imkoniyati o‘rganilmoqda», dedi Putin.

U shuningdek, Issiqko‘l mintaqasida hamkorlikda yirik quyosh elektr stansiyasi qurilishi, boshqa hududda esa IES qurilishi rejalashtirilayotganini aytdi.

Putinning aytishicha, ikki mamlakat o‘rtasidagi ittifoqchilikni mustahkamlashga doir «qo‘shma siyosiy bayonot» imzolashga tayyor. Rossiya va Qirg‘iziston to‘lovlarning qariyb 97 foizini o‘z milliy valutalarida amalga oshirayotgani qayd etildi.

Shuningdek, Putin Qirg‘izistonda joylashgan Rossiya harbiy bazalarining ahamiyati haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

«Xavfsizlik sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Respublikaga joylashtirilgan «Rossiyaning birlashgan harbiy baza»si – mintaqada barqarorlikni ta’minlashning muhim omilidir», — dedi Putin.

Sadir Japarov esa «Rossiya – Qirg‘iziston uchun har doim strategik ittifoqchi, ishonchli hamkor va yaxshi do‘st bo‘lgani va bo‘lib qolishini» bildirdi.

Putinning tashrifi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB)ning Bishkekdagi sammiti arafasida bo‘lib o‘tmoqda. Bugun mazkur tashkilot a’zolari: Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston vakillari navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazadi.

Mavzuga oid