Sog‘lom hayot | 17:16 / 01.12.2025
2664
10 daqiqa o‘qiladi

Iflos havo o‘pka saratonini yuzaga keltiradimi: nega chekmaydiganlar orasida ham onkologik kasalliklarga uchrash ko‘payyapti?

Tibbiyotda shu vaqtga qadar o‘pka saratonining asosiy sababi sifatida tamaki mahsulotlari qayd etilgan. Ammo hozirda dunyoning yirik megapolislarida chekmaydigan aholida ham nafas yo‘llari bilan bog‘liq onkologik kasalliklar soni oshayotgani kuzatilmoqda. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, havodagi zaharli chang zarralari chuqur o‘pka to‘qimalariga kirib, surunkali yallig‘lanish va genetik o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi. Ushbu maqolada ifloslanish va o‘pka saratoni o‘rtasidagi bog‘liqlik ilmiy manbalar hamda Dehli tajribasi asosida tahlil qilindi, Toshkent sharoitida qanday xavf va prognozlar yuzaga kelishi mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Sigaret yoki tamaki chekmagan odamlar orasida ham o‘pka saratoni ko‘paymoqda va dunyo bo‘yicha bu kasallik onkologik xastaliklar tufayli o‘limning beshinchi eng katta sababi hisoblanadi.

Xalqaro Saraton tadqiqotlari agentligi (IARC) ma’lumotiga ko‘ra, chekmaganlarda o‘pka saratonining eng ko‘p uchraydigan turi – adenokarsinoma. Mazkur tur o‘pka saratonining to‘rt asosiy turidan eng keng tarqalganidir. The Lancet Respiratory Medicine jurnalida chop etilgan tadqiqotda keltirilishicha, 2022 yilda dunyo bo‘yicha taxminan 200 000 adenokarsinoma holati havo ifloslanishiga bog‘liq bo‘lgan.

Oxirgi 40 yil ichida ko‘plab mamlakatlarda erkaklar orasida o‘pka saratoni kamaygan bo‘lsa, ayollar orasida u hali ham ko‘payishda davom etmoqda. 2022 yilda bu kasallik erkaklarda 45,6 foiz, ayollarda esa 59,7 foizni tashkil qilgan. 2020 yilda esa ko‘rsatkichlar biroz past bo‘lib, erkaklarda 39 foiz, ayollarda 57,1 foiz qayd etilgan.

Dunyo bo‘yicha o‘pka saratoni hali ham eng keng tarqalgan va o‘limga olib keladigan onkologik kasallik turi hisoblanadi. 2022 yilda taxminan 2,5 million odam ushbu kasallik bilan tashxislangan. So‘nggi o‘n yilliklarda kasallikning turi (subtip) bo‘yicha tarqalishi o‘zgargan. IARC ma’lumotlariga ko‘ra, havo ifloslanishi adenokarsinoma xavfini oshiradi va bu kasallik holatlarining 53–70 foizida asosiy sabab bo‘lishi mumkin, ayniqsa, hech qachon chekmaganlar orasida.

Iflos havo saratonni qanday hosil qiladi?

Havoning ifloslanish holati atmosferada turli zararli moddalar, jumladan, PM2.5 va PM10 chang zarralari, azot oksidlari, sulfatlar, organik birikmalar va og‘ir metallar mavjud bo‘lishidir. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, bunday havoda uzoq muddat nafas olish nafaqat nafas yo‘llari kasalliklari, balki o‘pka saratoni va yurak-qon tomir kasalliklari rivojlanishiga ham sabab bo‘lishi mumkin.

Iflos havo tarkibidagi mayda zarralar va toksik moddalar nafas yo‘llariga kirib, o‘pka hujayralarida oksidlovchi stress (oxidative stress) hosil qiladi. Bu hujayra ichidagi normal metabolik jarayonlarni buzadi. Oqibatda hujayra DNKsi zarar ko‘rib, noto‘g‘ri bo‘linishni boshlaydi va mazkur jarayon saraton rivojlanishiga turtki bo‘ladi. Bundan tashqari, havodagi kimyoviy moddalar immun tizimi zaiflashishiga olib keladi, shuningdek, allergik va surunkali yallig‘lanish jarayonlarini kuchaytiradi. Ushbu omillarning barchasi onkologik kasalliklar xavfini oshiradi.

Dehli “tajribasi”da nimalar ma’lum bo‘ldi?

So‘nggi yillarda Dehlidagi shifoxonalarda o‘tkazilgan tahlillar shuni ko‘rsatadiki, chekmaydigan aholining katta qismida ham nafas olish yo‘llari bilan bog‘liq xastaliklarga uchrash holatlari ko‘paygan. Ular orasida o‘pka saratoni bilan kasallanganlar avval hech qachon tamaki mahsulotlaridan foydalanmagan. Bu esa havoning kimyoviy tarkibi va sanoat chiqindilari, transport vositalarining gazlari, qurilish changi kabi omillar saraton rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Mamlakatda 1998 yilda o‘pka saratoni bilan kasallanganlarning deyarli 90 foizi chekuvchi bo‘lgan bo‘lsa, 2018 yilda chekmaganlar ulushi 50-70 foizga yetgan. Bu o‘zgarish oxirgi o‘n yilliklarda shahar havosining keskin yomonlashuvi bilan bog‘liqligi ta’kidlangan.

Dehlidagi shifokorlarning ma’lum qilishicha, o‘pka saratoni bilan kasallangan chekmaydigan bemorlarning ko‘piga aynan adenokarsinoma tashxisi qo‘yilgan. Hindistonning yirik shaharlarida o‘pka saratoni endi faqat chekish bilan emas, atrof-muhit omillari bilan ham bog‘liq kasallik sifatida qaralmoqda. Uzoq muddat Dehlida yashagan, ayniqsa, vaqtini ochiq havo yoki shamollatilmagan joylarda o‘tkazgan odamlar zaharli zarrachalarning doimiy ta’siriga duch kelgan. PM2.5 va PM10 zaharli zarrachalaridan qayta-qayta zararlanish nafas yo‘llari kasalliklari xavfini sezilarli darajada oshirgan.

Ta’kidlanishicha, ifloslanish darajada ortganda PM2.5 kabi mayda zarrachalar, shuningdek, azot dioksidi, transport, sanoat hamda biomassa yonishi natijasida chiqarilgan boshqa zaharli gazlar havoga aralashadi. Ushbu zarrachalar chuqur o‘pka to‘qimalariga kirib, u yerda surunkali yallig‘lanish yoki genetik o‘zgarishlarni yuzaga keltiradi.

Dehlida kuz va qish oylarida havodagi mayda chang zarralari (PM2.5) darajasi 500–700 µg/m³ ga yetadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xavfsiz deb belgilagan me’yor esa faqat 15 µg/m³ tashkil etadi. Farqni tasavvur qiling: me’yor 15 bo‘lsa, Dehlida mazkur raqam 500–700 gacha ko‘tariladi. Bunday sharoitda odam chekmasa ham havoning ifloslanishi tufayli har kuni 20-25 sigaretaga teng zararli “tutun”ni yutadi.

Toshkentdagi vaziyat oqibatlarini qanday prognoz qilish mumkin?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti PM2.5 ni 1-toifa kanserogen deb belgilagan, ya’ni bu modda saratonga aniq sabab bo‘luvchi omil sifatida tan olingan. Iflos havo faqat o‘pka saratonini emas, siydik pufagi, jigar, ichak va sut bezi saratonlari xavfini ham oshirishi aniqlangan.

Mustaqil o‘rganishlardan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, Toshkent aholisi doimiy ravishda yuqori darajadagi iflos havoda yashashni davom ettirsa, yaqin yillarda shahar aholisi orasida nafas yo‘llari va boshqa organlar saratoni bilan kasallanish holatlari ko‘payishi ehtimoli yo‘q emas. Bu borada mahalliy doirada olib borilgan ilmiy izlanishlarni topishning imkoni bo‘lmadi. Biroq aholi salomatligi bo‘yicha taqdim etilgan ochiq statistikalar yuqoridagi gipotezani ma’lum ma’noda tasdiqlashi mumkin.

Xususan, 2022-2024 yillar bo‘yicha tahlil shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonda nafas olish tizimi kasalliklari aholining umumiy nosog‘lomlik holatida eng yirik ulushni egallagan. 2022 yilda har 100 000 aholiga 13 135,6 ta nafas yo‘llari kasalliklari to‘g‘ri kelgan va bu umumiy xastaliklar jadvalida perinatal davr muammolaridan keyingi ikkinchi o‘rinda qayd etilgan. 2023 yilda mazkur raqam 12 894 taga pasaygan, ammo nafas yo‘llari kasalliklari jadvalda birinchi o‘ringa ko‘tarilgan. 2024 yilga kelib ko‘rsatkich 11 895,9 taga tushgan bo‘lsa-da, statistikaning eng yuqori satridan yana o‘sha nafas yo‘llari kasalliklari joy olgan. Ya’ni uch yil davomida raqamlar nisbatan kamaygan, biroq muammo mohiyatan o‘zgarishsiz qolgan: aholining eng ko‘p kasallanish holati aynan o‘pka va nafas tizimi bilan bog‘liq. Ushbu jarayonning yetakchi sababi – iflos havo.

Sanitariya-epidemiologiya va jamoat salomatligi xizmati ilmiy-amaliy jurnalida chop etilgan “Toshkent shahrida atmosfera havosi ifloslanishi va yuqori nafas yo‘llari kasalliklari o‘rtasidagi bog‘liqlik: ilmiy adabiyotlar sharhi” nomli maqolada keltirilishicha, so‘nggi yillarda Toshkent shahrida yuqori nafas yo‘llari kasalliklari (rinit, faringit, bronxit, tonzillit) sabab murojaatlar sezilarli darajada oshgan. Xususiy va davlat LOR klinikalarida 2019-2023 yillar oralig‘ida bemorlar soni yillik 20–25 foiz o‘sish bilan qayd etilgan. Ayniqsa, kuz va qish oylarida, oktyabr-noyabrda murojaatlar 1,7 barobar ko‘paygan. Kuzatuvlarga ko‘ra, sovuq mavsumda havodagi mayda zarrachalar darajasi oshadi, bu esa bemorlar sonining ko‘payishiga vaqt jihatdan mos keladi. Biroq, mazkur bog‘liqlik rasmiy ilmiy asos bilan tasdiqlanmagan.

Ma’lum qilinishicha, poytaxtda havo ifloslanishi va yuqori nafas yo‘llari kasalliklari o‘rtasidagi bog‘liqlikni baholashda bir nechta muhim bo‘shliqlar mavjud:

  • Statistik modellashtirish va korrelyatsion tahlillar yetarli emas;
  • Hududlar bo‘yicha AQI ko‘rsatkichlari va kasallik statistikasi integratsiyalashmagan;
  • PM2.5 ning immun tizimiga ta’siri bo‘yicha mahalliy laboratoriya tadqiqotlari yo‘q;
  • Havo monitoring tizimlari cheklangan, real vaqtli ma’lumotlar mavjud emas;
  • Gigiyenik indeks asosida kompleks baholash ishlatilmagan.

Ushbu bo‘shliqlarni bartaraf etish va epidemiologik holatni to‘liq baholash uchun quyidagilar zarur:

  • O‘zbekiston sharoitiga moslashtirilgan gigiyenik modellar yaratish;
  • Interaktiv tahlil platformalari (Shiny Dashboard) ishlab chiqish;
  • Hududlar bo‘yicha AQI va kasallik statistikasi integratsiyalashgan ma’lumotlar bazasini yaratish;
  • Mahalliy laboratoriya tadqiqotlari orqali PM2.5 ning salomatlikka ta’sirini aniqlash.
Диёрахон Набижонова
Muallif Диёрахон Набижонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid