Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Saida Mirziyoyeva tungi ekoreydda ishtirok etdi
Ekologiya bo‘yicha maxsus komissiya yig‘ilishidan so‘ng prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Qibray tumanidagi ekologik reyd tadbirlarida ishtirok etdi va havoni ifloslantirayotgan issiqxona rahbari bilan gaplashdi. «Bizga odamlarning sog‘lig‘i juda muhim. Bu narsa to‘xtashi kerak», – dedi u.
Foto: SShMirziyoyeva / Telegram
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 2 dekabr kuni kechqurun Maxsus komissiya yig‘ilishidan so‘ng mutasaddilar bilan birgalikda ekologiyani zararlayotgan issiqxonalarni tekshirish bo‘yicha tungi reydlarda qatnashdi.
«Barchamizni tashvishga solayotgan muammoni chuqurroq o‘rganish maqsadida bugun men ham ularga hamrohlik qildim. Biz Qibray tumanidagi issiqxonalardan biriga bordik», – deb yozdi u o‘z telegram-kanalida.
Aytilishicha, bu issiqxonada kuniga 150 kilogrammga yaqin ko‘mir yoqiladi va bu atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazadi.
«Biznesmen doda, endi siz biznes qilasiz, biz bu bilan nafas olamiz. Sizning ham bola-chaqangiz bor-ku? Men siz bilan gaplashgani keldim, tahlil qilgani keldim – qanaqa qilib men sizga yordam berayki, siz ham baxtli bo‘lasiz, men ham baxtli bo‘laman?» – deya so‘radi prezident administratsiyasi rahbari tadbirkordan.
Tadbirkor issiqxonaga filtr qo‘yish ishlarini hosil bir haftada tugashi, shu sababli ishlar cho‘zilayotgani bilan bog‘ladi.
«Bir hafta [muddat] berdik-ku? Qarang, bu yerda yashab bo‘lmaydi-ku, chidab bo‘lmaydi-ku? Bolalaringiz qayerda yashaydi? Hal qilinglar bu masalani, Zoyir Toirovich», – degan Saida Mirziyoyeva Toshkent viloyati hokimiga murojaat qilib.
Bunga javoban Zoyir Mirzayev tadbirkorning oxirgi muddati qolganini aytdi: «Ertaga filtrini olib kelamiz, sotvoladi, o‘rnatadi».
Prezident administratsiyasi rahbari biznes egalariga yordam ko‘rsatish muhimligini ta’kidladi. «Mayli, subsidiyalar beringlar. Nimadir o‘ylash kerak, bu narsa to‘xtashi kerak. To‘xtatinglar. Buni qaranglar ahvolini. Bizga odamlarning sog‘lig‘i juda muhim. Bolalarimizning sog‘lig‘i muhim», – tushuntirdi u.

Saida Mirziyoyeva tadbirkorlar o‘zining har bir harakati uchun javobgarlikni bo‘yniga olishi shartligini ta’kidlagan.
«Ekologiyaga yetkazilayotgan zararni moddiy manfaat, mo‘may daromad bilan oqlab bo‘lmaydi. Bunday ishlab chiqarishning iqtisodiy foydasi katta bo‘lishi mumkin, lekin aholi sog‘lig‘iga zarari undan-da ko‘proq tegadi», – deydi u.

Shu bilan birga, tadbirkorlar o‘z faoliyatini qonuniy va xavfsiz yuritishlari uchun yordam ko‘rsatish zarur, deyiladi xabarda. Shu bois, Ekologiya qo‘mitasiga bir kun ichida ushbu issiqxonaga zamonaviy filtr o‘rnatish, shuningdek, tadbirkorlar uchun seminar-trening va filtrlar savdo-ko‘rgazmasini tashkil etish vazifasi topshirilgan.
Maxsus komissiyaning bugungi yig‘ilishida ekologik vaziyat hamda uni yaxshilash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar bir martalik yoki vaqtinchalik aksiya emasligi, bundan keyin, garchi havo yaxshilangan taqdirda ham, mazkur yo‘nalishdagi ishlar to‘xtab qolmasligi, izchil hamda tizimli davom etishi, buni barcha bo‘g‘indagi rahbarlar to‘g‘ri anglashi kerakligi qat’iy ta’kidlangandi.
«Millat salomatligi prezidentimiz uchun ustuvor vazifa, muammo uzil-kesil hal bo‘lmaguncha to‘xtamaymiz», – degan yig‘ilishda Saida Mirziyoyeva.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrida havo ifloslanishi kuchayishi fonida bir hafta oldin, 24 noyabr kuni Saida Mirziyoyeva ma’muriyat va mas’ul idoralar rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazib, vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni muhokama qilgandi. Shu kuni prezident Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan ushbu chora-tadbirlar tasdiqlandi va maxsus komissiya tuzildi.
Maxsus komissiya tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida har kuni havoni ifloslayotgan shunday obektlar bo‘ylab reydlar o‘tkazib kelinmoqda.
Mavzuga oid
17:31 / 04.12.2025
Past Darg‘omda cho‘chqaxona egalari havoni ifloslab kelgani aniqlandi
09:34 / 04.12.2025
Toshkentda yo‘llarni ifloslagan yuk mashinalari bo‘yicha reydlar kuchaytirildi
22:57 / 03.12.2025
Ekologiya – nihoyat siyosiy muammoga aylanyaptimi?
20:28 / 03.12.2025