O‘zbekiston | 14:45 / 05.12.2025
2339
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand elektr tarmoqlari Turkiya kompaniyasiga operatsion boshqaruvga beriladi

Prezident energetika tizimini rivojlantirish va sohaga xususiy sektorni keng jalb etish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar yuzasidan to‘xtalar ekan, elektr energiyasi generatsiyasida to‘plangan tajriba endilikda tarmoqlarni boshqarishga ham joriy etilayotganini ta’kidladi.

– Biz elektr energiyasi generatsiyasi yo‘nalishidagi islohotlarimiz natijasida sohaga xorijiy sarmoyalarni davlat-xususiy sheriklik asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb etishda katta tajriba orttirdik. Joriy yildan nafaqat elektr energiyasini ishlab chiqarish, balki uni iste’molchilarga yetkazib berishda ham xususiy sheriklik tamoyillarini qo‘llashni boshladik, – dedi prezident.

Ma’lum qilinganidek, Samarqand hududiy elektr tarmoqlarini xususiy boshqaruvga berish bo‘yicha Turkiyaning Aksa elektrik kompaniyasi bilan kelishuvga erishilgan. Loyiha doirasida ushbu kompaniya:

tarmoqni operatsion boshqaruvga oladi;
zarur investitsiya kiritadi;
elektr tarmoqlarini bosqichma-bosqich modernizatsiya qiladi;
yo‘qotishlarni ikki barobarga kamaytirishni ta’minlaydi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, shunday choralar natijasida har yili o‘rtacha 20 million dollar miqdorida iqtisod qilinishini ta’minlash mumkin bo‘ladi.

Prezident ta’kidlaganiday, bunday davlat-xususiy sheriklik tajribasi kelgusida boshqa hududlarda ham qo‘llanadi. Jumladan, kelgusi yilda – Jizzax va Sirdaryo viloyatlari, 2027 yilda – Namangan va Toshkent viloyatlari elektr tarmoqlari boshqaruvi ham investorlarga taklif etiladi.

Bu esa elektr ta’minoti sifatini oshirish, tarmoqlardagi yo‘qotishlarni kamaytirish va sohada samaradorlikni ko‘tarishga qaratilgan navbatdagi qadam sifatida qayd etildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid