O‘zbekiston | 23:13 / 05.12.2025
448
3 daqiqa o‘qiladi

Ustyurtda «O‘zbekneftgaz» va SOCAR qo‘shma loyihasi ishga tushdi

Loyiha Ustyurt mintaqasida O‘zbekiston va Ozarboyjon hamkorligida foydali qazilmalarni qidirish va qazib olishni nazarda tutadi.

Foto: Getty images

Ozarboyjonning SOCAR davlat kompaniyasi va «O‘zbekneftgaz» bilan birgalikda Qoraqalpog‘istonning Ustyurt mintaqasida foydali qazilmalarni qidirish va qazib olish loyihasini amalga oshirish boshlandi. Bu haqda Ozarboyjon Energetika vazirligi xabar berdi.

Qayd qilinishicha, Ozarboyjon energetika vaziri Parviz Shahbazov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Toshkent shahrida energetika sohasida yangi loyihalarni ishga tushirish va qurish marosimida ishtirok etdi. Tadbirda videokonferensiya shaklida Turkiya, BAA, Saudiya Arabistoni, Xitoy, shuningdek, Ozarboyjon kabi davlatlar bilan O‘zbekiston tomonidan turli hududlarda amalga oshirilayotgan loyihalar taqdim etildi.

Marosimda so‘zga chiqqan vazir Parviz Shahbazov ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli Ozarboyjon-O‘zbekiston munosabatlari strategik ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilgani, bu jarayonda davlat rahbarlarining shaxsiy ishonchi va do‘stligi beqiyos o‘rin tutishini ta’kidladi.

Shahbazov SOCAR va «O‘zbekneftgaz» bilan birgalikda Ustyurt mintaqasida foydali qazilmalarni qidirish va qazib olish loyihasini amalga oshirish boshlanganini ma’lum qildi.

«Ushbu loyiha energetika sohasidagi sherikligimizning strategik ahamiyatini yana bir bor tasdiqlaydi, ikki mamlakatning uglevodorod sohasida bilim va texnologiyalar almashinuvini mustahkamlash, mintaqaviy energetika integratsiyasi, energiya ta’minotida birgalikda ishtirok etish uchun zamin yaratadi», dedi u.

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, mintaqaviy ahamiyatga ega yana bir strategik muhim loyiha tarixda birinchi marta Ozarboyjon, O‘zbekiston va Qozog‘iston energetika tizimlarini bog‘laydigan Transkaspiy energetika yo‘lagi loyihasidir. Ushbu tashabbus kelajakda Ozarboyjonning tranzit rolini hisobga olgan holda kengaytiriladi va Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi O‘rta koridor bo‘ylab qayta tiklanadigan energiyani uzatish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

2025 yil 24 iyulda SOCAR va «O‘zbekneftgaz» o‘rtasida O‘zbekiston hududida joylashgan investitsiya bloklarida geologiya-qidiruv ishlari loyihasini amalga oshirish bo‘yicha «Qidiruv, ishlab chiqish va mahsulot taqsimoti to‘g‘risida»gi bitim imzolangan edi.

Mavzuga oid