O‘zbekiston | 14:39
5076
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyati hokimiga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi

Dilshodbek Karimov Andijon viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimini tark etdi. Uning o‘rnini Akmaljon To‘lanov egalladi; Shuningdek, hokimning turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida (vakant edi) Isomiddin Ismanov ish boshladi.

Akmaljon Mahammatumarovich To‘lanov Andijon viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.

Akmaljon To‘lanov

Akmaljon To‘lanov 1989 yilda Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida tug‘ilgan. 

U 2013 yilda Andijon mashinasozlik institutini (kunduzgi) tamomlagan.

Ushbu lavozimga tayinlanguniga qadar, prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishlayotgandi.

  • Andijon viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida 2022 yil avgustidan buyon Dilshodbek Karimov ishlab kelgan. Uning keyingi faoliyati haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

Shuningdek, Isomiddin Bahriddinovich Ismanov Andijon viloyat hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Isomiddin Ismanov

Isomiddin Ismanov 1981 yilda Andijon viloyatining Andijon tumanida tug‘ilgan.

U 2006 yilda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining Toshkent oliy harbiy texnika bilim yurtini (kunduzgi ta’lim shakli)ni tamomlagan.

Hozirgacha O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Tezkor qidiruv departamenti Tezkor vaziyatlarni tahlil qilish boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritib kelayotgandi.

  • Andijon viloyati hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi 2025 yil iyulidan buyon bo‘sh turgandi, bu lavozimda 2025 yil yanvaridan buyon ishlab kelgan Davronbek Sattorov Paxtaobod tumani hokimi etib tayinlangandi.

Mavzuga oid