Iqtisodiyot | 16:37
786
4 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

2025 yil yakuni bo‘yicha inflatsiya prognozi 7,3 foizga pasaytirildi. 2026 yilda bu ko‘rsatkich 6,5 foiz atrofida bo‘lishi kutilyapti. Inflatsiyaning pasayishida nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari va almashuv kursining mustahkamlanishi ta’sirida bazaviy inflatsiyaning sekinlashishi asosiy omil bo‘lgan. Shuningdek, import narxlari nooziq-ovqat tovarlari inflatsiyasining barqarorlashuviga xizmat qilgan.

Foto: Kun.uz

Markaziy bank boshqaruvi 2025 yil 11 dekabrdagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi

Nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari inflyatsion bosimlar hamda inflyatsion kutilmalarning bosqichma-bosqich pasayishiga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, iqtisodiyotda barqaror yalpi iste’mol talabi, taklif omillari hamda xizmatlar sohasidagi yuqori narx dinamikasi hisobiga ma’lum darajada inflyatsion xatarlar saqlanib qolmoqda. Ushbu qaror o‘rta muddatli istiqbolda inflatsiyaning barqaror pasayish trayektoriyasiga erishishga qaratilgan.

Noyabr oyida inflatsiyaning pasayish dinamikasi davom etib, yillik 7,5 foizga teng bo‘ldi. Bunga, nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari va almashuv kursining mustahkamlanishi ta’sirida bazaviy inflatsiyaning sekinlashishi asosiy hissa qo‘shgan. Xususan, noyabr oyida bazaviy inflatsiya yillik hisobda 6,3 foizgacha pasaydi. Shuningdek, import narxlari nooziq-ovqat tovarlari inflatsiyasining barqarorlashuviga xizmat qilgan.

Shu bilan birga, xizmatlar sohasidagi inflatsiya ma’lum darajada sekinlashganiga qaramasdan, talab omillari hisobiga umumiy inflatsiya darajasidan yuqoriligicha qolyapti. Noyabr oyida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari pasayishda davom etgan.

Yuqoridagi omillarni hisobga olib, 2025 yil yakuniga umumiy inflatsiya 7,3 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Bunda, milliy valutaning mustahkamlanishi avvalgi baholashlarga nisbatan yuqoriroq darajada shakllangani hisobiga import inflatsiyasi va inflyatsion kutilmalarga pasaytiruvchi ta’siri kutilganidan kuchliroq bo‘lgani inflatsiya prognozining pasayish tomonga qayta ko‘rib chiqilishini taqozo etgan.

Yangilangan prognozlarga ko‘ra 2026 yil yakunlari bo‘yicha inflatsiya darajasi 6,5 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Iqtisodiy faollik yuqori darajada saqlanib, o‘sish sur’atlari o‘zining potensialidan balandroq shakllanmoqda. Mehnat bozoridagi talabning ortishi, savdo va pullik xizmatlar tushumlari va banklararo tranzaksiyalarning hajmi o‘sishi ushbu tendensiyani namoyon etmoqda. Joriy iqtisodiy va investitsion faollik fonida yil yakuni bo‘yicha iqtisodiy o‘sish sur’atlari 7–7,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.

Joriy inflatsiyaning pasayuvchi dinamikasi bilan bir qatorda kelgusida taklif omillari bo‘yicha xatarlar saqlanib qolmoqda. Xususan, ayrim asosiy oziq-ovqat tovarlari taklifi bilan bog‘liq xatarlar, so‘nggi oylardagi transport xizmatlari narxlarining oshishi hamda tartibga solinadigan narxlarning indeksatsiyasi bilan bog‘liq ikkilamchi ta’sirlar shular jumlasidandir.

Global moliyaviy sharoitlarning bosqichma-bosqich yumshashi hamda fiskal rag‘batlantirishlar fonida jahon iqtisodiyoti kutilganidan yuqori sur’atlarda o‘smoqda. Shu bilan birga, xalqaro xomashyo bozorlaridagi yuqori narx kon’yunkturasi saqlanib qolmoqda. Bu esa kelgusida ham mamlakat eksport tushumlarini qo‘llab-quvvatlab boradi.

Qulay tashqi sharoitlar fonida real samarali almashuv kursi o‘zining uzoq muddatli muvozanatli trendiga yaqin darajada shakllanishiga xizmat qiladi.

Ichki moliya bozoridagi nominal foiz stavkalar nisbatan barqaror shakllanishi fonida inflatsiya va inflyatsion kutilmalar pasayishi real foiz stavkalarining yuqori darajada shakllanishiga xizmat qilib, milliy valutada jamg‘arishni rag‘batlantirmoqda. Bu muddatli depozitlar hajmining yuqori o‘sish sur’atlarida namoyon bo‘lmoqda.

Shu bilan birga, moliyaviy inklyuzivlikning oshishi hisobiga chakana kreditlash sur’atlarining yuqori darajada saqlanib qolishi iste’mol faolligi yuqoriligini aks ettirib, yalpi talabni qo‘llab-quvvatlashi orqali kelgusida inflatsiyaga oshiruvchi bosimni kuchaytirishi mumkin.

Ushbu sharoitda inflatsiyaning pasayuvchi dinamikasini barqaror davom ettirish va inflyatsion xatarlar ta’sirini kamaytirish maqsadida asosiy stavkani joriy yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz saqlab qolish zarur deb topilgan.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2026 yil 28 yanvar kuniga belgilangan.

Mavzuga oid