Sport | 21:28 / 13.12.2025
2020
4 daqiqa o‘qiladi

Avtosport yulduzlari Toshkentda. O‘zbekiston Formula-1 poygalarini o‘tkazmoqchi

Jahon avtosporti yulduzlari yilning eng yaxshilarini taqdirlash marosimi uchun Toshkentga yig‘ildi. Nafaqat ularning o‘zlari, balki chempionlik mashinalarining asl nusxalari ham poytaxtimizga olib kelindi. Kelgusida Formula 1 poygalarining ayrim bosqichlariga O‘zbekiston ham mezbonlik qilishi mumkin.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Jahon avtosport hamjamiyatining e’tibori bu hafta Toshkentga qaratildi. 12 dekabr kuni bu yerda Formula 1 poygalari tashkilotchisi bo‘lmish Jahon Avtomobil Federatsiyasi – FIA'ning Bosh Assambleyasi va FIA Awards tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Bu ikkala tadbir ham Markaziy Osiyoda birinchi marta o‘tkazildi. “O‘zbekiston” forumlar saroyida o‘tgan Bosh Assambleyada 100 dan ortiq mamlakat vakillari qatnashib, unda global avtosport siyosati va sohadagi qator masalalar muhokama qilindi.

“Humo” arenasida tashkil etilgan FIA Awards marosimida esa Formula 1, WRC, WEC, Formula E kabi yo‘nalishlarda yilning eng yaxshi pilotlari va jamoalari taqdirlandi. Unda dunyoning taniqli yulduz poygachilari, masalan Ferrari'ning monakolik mashhur piloti Sharl Lekler ham ishtirok etdi. Taqdirlash marosimi uchun 7 ta yo‘nalish bo‘yicha chempionlik mashinalarining asl nusxalari ham Toshkentga olib kelingan.

Milliy olimpiya qo‘mitasi suratlari

Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston hukumati Formula 1 poygalarining ayrim bosqichlariga mezbonlik qilish imkoniyatlarini o‘rganmoqda va bunga tayyorgarlik boshlamoqchi. Bu masala FIA rahbarlarining O‘zbekiston prezidenti va bosh vaziri bilan uchrashuvlarida asosiy mavzu bo‘lgan.

Rasmiy xabarga ko‘ra, prezident Shavkat Mirziyoyev va FIA prezidenti Muhammad bin Sulaym o‘rtasidagi uchrashuvda O‘zbekistonda avtomobil sportining kartingdan tortib, to Formula poygalarigacha bo‘lgan barcha yo‘nalishlarini rivojlantirish muhimligi qayd etilgan.

Prezident matbuot xizmati suratlari

Xususan, FIA universiteti bilan hamkorlikda o‘zbekistonlik poygachilarni o‘qitish, karting haydovchilari, muhandislar, konstruktor va mexaniklarni tayyorlash, O‘zbekistonda zamonaviy avtosport infratuzilmasini yaratish va Formula 1 bosqichlarini o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi, deyiladi xabarda. Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev FIA rahbarini “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlagan.

Foto: Milliy oliypiya qo‘mitasi

Muhammad bin Sulaym keyinroq O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov bilan ham uchrashdi. Bu uchrashuvda ham O‘zbekistonda avtosport infratuzilmasini rivojlantirish, xalqaro tadbirlarni o‘tkazish va sportchilar uchun zamonaviy sharoitlar yaratish tashabbuslari ko‘rib chiqilgan.

Ma’lumot uchun, Xalqaro Avtomobil Federatsiyasi, FIA – avtosportni tartibga soluvchi va yo‘l harakatini targ‘ib qiluvchi yetakchi xalqaro tashkilotdir. O‘zbekiston bu tashkilotga 2019 yilda a’zo bo‘lgan. O‘tgan yili Samarqandda tashkilotning 120 yilligiga bag‘ishlangan navbatdan tashqari Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tgan edi.

Mavzuga oid