Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tojikistondan kelayotgan Cobalt bakidan 30 kg opiy topildi
Termiz tumanida yashovchi shaxs boshqaruvidagi Cobalt “Bekobod-avto” chegara bojxona postiga kirib kelgan vaqtida tekshirilgan. Jarayonda mashinaning yoqilg‘i baki ichiga 30 kgdan ortiq opiy moddasi ustamonlik bilan yashirib qo‘yilgani aniqlangan. Toshkent shahrida esa narkolaboratoriya fosh etildi.
Foto: DXX
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, Davlat xavfsizlik xizmati hamda ichki ishlar organlari hamkorligida Toshkent shahrining Yunusobod tumanida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Yashnobod tumanida yashovchi 26 yoshli va Toshkent viloyatining Qibray tumanida istiqomat qiluvchi 19 yoshli shaxslar ushlangan. Ulardan 507 dona pregabalin va 52 dona tropikamid kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur shaxslar tomonidan ijaraga olingan xonadon ham xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Natijada ular ushbu manzilda narkolaboratoriya tashkil etgani aniqlangan. Manzildan 4 kg 326 gr kukun ko‘rinishidagi pregabalin moddasi, 200 gr tropikamid va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni tayyorlashda foydalaniladigan 71 kg kimyoviy moddalar, shuningdek, ularni qadoqlash uchun kerak bo‘ladigan flakon va kapsulalar hujjatlashtirib olingan.
Ushbu shaxslar narkolaboratoriya tashkil etishlari bilanoq qo‘lga olinib, sotish maqsadida qo‘lbola usulda tayyorlagan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni lokatsiyalar orqali mijozlarga tarqatishga ulgurishmagan. Bu bilan 208 ming dona bir martalik doza aholi orasida tarqatilishining oldi olingan.
Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Bunday noqonuniy harakatlar sodir etgan shaxslar 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Yana bir holatda esa DXX Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat Bojxona boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Tojikistondan olib kelingan juda ko‘p miqdorda giyohvandlik vositasi to‘xtatib qolingan.
Xususan, Termez tumanida yashovchi, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan 57 yoshli shaxs boshqaruvidagi Cobalt “Bekobod-avto” chegara bojxona postiga kirib kelgan vaqtida tekshirilgan. Jarayonda mashinaning yoqilg‘i baki ichiga ustamonlik bilan yashirib qo‘yilgan 30 kgdan ortiq opiy moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Hozirda ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi (kontrabanda) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Avvalroq Surxondaryoda Cobalt mashinasida 51 kg gashish olib ketayotgan shaxs ushlangandi.
Mavzuga oid
20:27 / 02.12.2025
Tojikiston afg‘on chegarasini qo‘riqlash uchun Rossiyadan harbiy yordam so‘radi
19:03 / 02.12.2025
Tojik-afg‘on chegarasida yana ikki xitoylik halok bo‘ldi, Xitoy xavfsizlikni ta’minlashni talab qildi
22:44 / 28.11.2025
Tojik-afg‘on chegarasidagi qurolli hujumda uch nafar xitoylik halok bo‘ldi
08:20 / 22.11.2025