Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Yevropa tajribasi” - uy va mashina savdosidagi naqdsiz tartibga rasmiylar izohi
O‘zbekistonda kelasi yil 1 apreldan naqd pulga uy-joy va avtomobil oldi-sotdisi bekor qilinadi. Savdo va xizmat nuqtalari uchun yagona QR-kod talabi ham joriy etilmoqda. Kun.uz bu yangiliklarga oid savollar bilan Soliq qo‘mitasi mas’ullariga murojaat qildi.
Suhbatdoshlarimiz – Soliq qo‘mitasi soliq solish bo‘yicha maslahat bo‘limi boshlig‘i Ismatulla Sevinchev va qo‘mita matbuot xizmati rahbari To‘ra To‘rayev bo‘ldi.
— O‘zbekistonda uy-joy va mashina oldi-sotdisining naqd pulda amalga oshirilishi bekor qilinyapti. Bundan maqsad nima?
Ismatulla Sevinchev: Asosiy maqsad – yashirin iqtisodiyotni qisqartirish. Hisob-kitoblar naqd pulda qilingani oqibatida, bu oldi-berdilar mamlakatimizning yalpi ichki mahsulotida aks etmaydi va bundan davlatimiz budjetiga soliqlar kelib tushmaydi. Yashirin iqtisodiyot ko‘lami juda yuqoriligicha qolyapti. Hozirda naqdsiz hisob-kitoblar ulushi 63 foiz bo‘lsa, ana shuni 2030 yilgacha 75 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Masalan, o‘sha chet mamlakatlarda hamma hisob-kitoblar naqdsiz amalga oshirilgani sababli yalpi ichki mahsulotda borib ko‘rinadi, statistika hisobotlarida ko‘rinadi, oxir-oqibat tovar aylanmasi oshib, davlat budjetiga mablag‘ kelib tushadi. Buning oqibatida mamlakatning iqtisodiy qudrati kuchayadi, aholining ijtimoiy himoyasi ko‘payadi.
Uy-joy va avtomobil oldi-sotdisidan tashqari, 2026 yil 1 apredan boshlab barcha davlat xizmatlari uchun to‘lovlar hamda elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi uchun to‘lovlar hammasi naqd pulsiz amalga oshiriladi. Alkogol va tamaki mahsulotlari, avtomobilga yoqilg‘i quyish xaridlari ham naqdsiz shaklda bo‘lishi kerak. Shuningdek, 25 million so‘mdan oshadigan tovar va xizmatlar barchasi naqd pulsiz amalga oshirilishi talab etiladi.
Masalan, shahar avtobuslarida naqd to‘lovlar bekor qilinganidan keyin, tushumlar bir necha barobarga oshgani kuzatildi.
— Firibgarlik holatlari avj olgan vaqtda, yirik mablag‘larni kartada saqlash masalasida xavotirlar uchrab turadi.
To‘ra To‘rayev: Kiberjinoyat haqiqatdan ham bor narsa. Adashmasam, Toshkent shahrining o‘zida 2023 yilda oltita yirik holat aniqlangan, juda katta summalarda. Bu borada biz ham bevosita, garchi bu bizning funksional vazifamizga kirmasa ham, fuqarolarimiz, buxgalterlar uchun seminarlar o‘tkazib, ularga tegishli idora vakillarini taklif qilib, tushuntiryapmizki, siz ehtiyot bo‘lishingiz kerak mana shu hisob-kitobni amalga oshirayotganingizda yoki hisobotingizni topshirayotganingizda. Pul bilan hisob-kitob qiladigan xodimlarni qo‘limizdan kelganicha ogohlantiryapmiz: hisobotingizni mana shu dastur orqali topshirishingiz kerak va hokazo deya.
Fuqarolar plastik kartasidagi mablag‘ning o‘g‘irlanishidan xavotirlanishi tabiiy, lekin buning oldini olish uchun juda ko‘p joyda aytilayotgan oddiy qoidalarga rioya qilish lozim: SMS'dagi kodni birovga aytmaslik, karta ma’lumotlarini oshkor qilmaslik va hokazo. Endi, kiberjinoyat bo‘lar ekan, kartamizda pul ko‘p ekan deb, naqdsiz hisob-kitobni to‘xtatib turadigan bo‘lsak, u ham noto‘g‘ri bo‘ladi. Lekin siz aytgan masalangiz juda dolzarb. Har birimiz ehtiyotkorlikni o‘zimizdan boshlashimiz kerak.
— Uy-joy va avtomobil oldi-sotdisining naqdsiz shaklda bo‘lishi talab etilishi bilan, yashirin iqtisodiyot qanday qilib qisqaradi? Masalan, unda ham quruvchi uy narxini kamroq qilib ko‘rsatishi mumkin-da.
Ismatulla Sevinchev: Hech kimga sir emas, ko‘chmas mulkni sotib olishda notariusda bitta summa ko‘rsatiladi, haqiqatda boshqa bo‘ladi. Bunday holatlarni kamaytirish uchun xalqimiz faollik ko‘rsatishi, quruvchining haqiqiy summani ko‘rsatmaslik so‘rovini rad etishi kerak. Agar ertaga orasida nizo kelib chiqsa, sud orqali qaytarib olaman desa, u kvadrat metri uchun haqiqatda to‘lagan 10 million emas, hujjatda ko‘rsatilgan 3 million so‘mdan qaytarib olishi sabab bo‘ladi.
Chet elda, masalan, har bir fuqaro jon kuydirib, soliqlarni 50 foizgacha ko‘tarsa ham, “men qudratli davlatda yashayotganim uchun to‘layman” deydi. Bizdagi yangi tartibotlarda esa, fuqarolardan qo‘shimcha soliq talab qilinmayapti. Xarid qilyaptimi, shuni naqd pulda emas, plastik ko‘rinishida to‘lash so‘ralyapti xolos. Bu bilan fuqaro hech narsa yo‘qotmaydi. Lekin oxir-oqibatda bu davlatimizning iqtisodiy qudratini ko‘tarishga olib keladi.
To‘ra To‘rayev: Endi baribir bu narsa ko‘proq mana shu ijtimoiy faolligimizga bog‘liq-da har birimizning. To‘g‘ri aytasiz, misol uchun, ikkita tomon kelishib, u yerda 50 million ko‘rsatib, aslida 100 millionga sotish holatlari ham bo‘lmaydi deb hech kim kafolat bermaydi. Lekin buning uchun bugun huquqiy asoslar yaratildi-da. Ana endi fuqarolarimiz agar qanchalik ijtimoiy faol bo‘lib, o‘zining huquqini talab qiladigan bo‘lsa, o‘sha quruvchi bo‘ladimi yoki mashina sotuvchisi bo‘ladimi, ogohroq bo‘ladi, ehtiyotkorroq bo‘ladi.
Biz aytmayapmiz ertaga 100 foiz hamma xufiyona iqtisodiyot chetlanadi deb. Bunday bo‘lishi mumkin emas. Yashirin iqtisodiyot hamma davlatda bor, hatto Amerikada ham bor. Lekin qachonki huquqiy asos yaratiladigan bo‘lsa, fuqaroda ijtimoiy faollikka rag‘bat va poydevor paydo bo‘ladi.
— O‘zi mana shu tizimni joriy qilishda qaysi davlatlardan andoza olingan? Bormi shunaqa davlatlar?
Ismatulla Sevinchev: Albatta, Xalqaro valuta jamg‘armasi va Yevropa mutaxassislarining tavsiyalari asosida ishlab chiqildi bu tartib. Bunda asosan Yevropa davlatlaridan andoza olingan.
To‘ra To‘rayev: Uzoqqa borish kerak emas, Qozog‘istonda ham bugun mana shu yo‘lga o‘tilgan. Xufiyona iqtisodiyotning oldini olish uchun Qozog‘istonda ham shunday tartib joriy qilingan va u o‘zining ijobiy samarasini beryapti.
To‘liq suhbatni Kun.uz'ning YouTube kanalida tomosha qiling.
Elyor Hoshimov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
15:22 / 13.12.2025
Toshkentda “avtomoyka”da qoldirilgan Malibu olib qochildi
13:30 / 11.12.2025
Yangi uylar soni bo‘yicha Namangan, Toshkent va Surxondaryo yetakchilik qilmoqda
14:40 / 10.12.2025
Statistika: O‘zbekiston aholisining asosiy qismi xususiy hovlilarga ega
13:23 / 09.12.2025