O‘zbekiston | 20:48 / 18.12.2025
1783
3 daqiqa o‘qiladi

Konstitutsiyaviy sud faoliyati takomillashtiriladi, raqamli texnologiyalar joriy etiladi

Konstitutsiyaviy nazorat samaradorligini yangi bosqichga olib chiqish, Konstitutsiyaviy sud faoliyatini bosqichma-bosqich raqamlashtirish, konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish kafolatlarini kuchaytirish hamda Konstitutsiyaviy sudning qonun ustuvorligini ta’minlashdagi rolini yanada oshirish maqsadida yangi farmon qabul qilindi.

«O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoni imzolandi.

Farmonda belgilanishicha, muayyan ish bo‘yicha sud tomonidan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaviy sud tomonidan Konstitutsiyaga muvofiq emas deb topilishi sud hujjatini o‘rnatilgan tartibda qayta ko‘rishga asos bo‘ladi.

Shuningdek, muayyan ish bo‘yicha qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risida sudlar tashabbusi bilan Konstitutsiyaviy sudga Oliy sud tomonidan murojaat kiritilishi holatini sudda tegishli ish bo‘yicha ish yurituvini to‘xtatishga asos bo‘ladi.

Konstitutsiyaviy sud faoliyatini raqamlashtiriladi, jumladan:

- sud ishtirokchilarini Konstitutsiyaviy sud majlisining vaqti va joyi haqida “Sud xabarnomasi” elektron xizmati va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining mobil ilovasi orqali Davlat budjeti hisobidan elektron tarzda xabardor qilish;

- sud majlislari videokonferensaloqa rejimida, shu jumladan, mobil ilovadan foydalangan holda o‘tkazilishini ta’minlash;

- Konstitutsiyaviy sud faoliyati to‘g‘risidagi axborotning ochiqligini ta’minlash maqsadida fuqaro va yuridik shaxslarga interaktiv xizmatlar ko‘rsatadigan axborot tizimlarini yaratish;

- odil sudlovni amalga oshirishda zarur bo‘lgan ma’lumotlarni fuqaro va yuridik shaxslarni ovora qilmagan holda vakolatli davlat organlari va tashkilotlaridan elektron shaklda olish amaliyotini yo‘lga qo‘yish;

- sud majlislarini audioyozuv orqali qayd etib borish hamda sud majlisi bayonnomalarini ushbu tizim yordamida shakllantirish yo‘lga qo‘yiladi.

2027 yil 1 avgustdan boshlab Konstitutsiyaviy sud faoliyatiga quyidagi imkoniyatlarga ega “E-KSUD” axborot tizimi sinov tariqasida joriy etiladi:

- Konstitutsiyaviy sudga elektron shaklda murojaat qilish va murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonini onlayn kuzatib borish;

- fuqarolar va yuridik shaxslarga odil sudlovga erishishda qulaylik yaratish maqsadida interaktiv xizmatlar ko‘rsatish;

- sud majlislarini jonli efirga uzatish imkoniyatini yaratish;

- nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish.

Konstitutsiyaviy sud faoliyatini tashkiliy-huquqiy va axborot-tahliliy jihatdan samarali ta’minlash maqsadida 2026 yil 1 yanvardan qo‘shimcha 8 ta shtat birligi ajratiladi.

Vazirlar Mahkamasi 2026 yil 1 martga qadar Konstitutsiyaviy sudni alohida binoda joylashtirish, uni rekonstruksiya qilish va jihozlashni nazarda tutuvchi hukumat qarorini qabul qiladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid