Jamiyat | 20:53 / 21.12.2025
3167
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda elektr tarmog‘idagi nosozlik sababli 3000 iste’molchi elektrsiz qoldi

21 dekabr kuni yana boshqa qator hududlarda elektr ta’minotida uzilishlar kuzatildi.

Foto: Kun.uz 

Soat 20:06 da Qashqadaryo viloyatida 110 kV «L-Hisorak-2» elektr uzatish tarmog‘ida nosozlik yuz berishi oqibatida Shahrisabz va Kitob tumanlari iste’molchilari qisman (3000 ta) elektr ta’minotidan uzilgan. Bu haqda energetika vazirining matbuot kotibi Dildora Hoshimova o‘z Telegram-kanalida xabar berdi.

Ma’lumot berilishicha, hozirda nosozlikni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.

21 dekabr kuni shuningdek, boshqa qator hududlarda ham elektr ta’minotida uzilishlar kuzatildi.

Jumladan, Andijon viloyatida noqulay ob-havo ta’sirida (yomg‘ir va qor) 6-10 kVli 12 ta tarmoq avariyaviy o‘chgan va viloyatning ayrim hududlarida 5000 dan ortiq iste’molchi elektr ta’minotidan uzilgan.

Jizzax viloyatida ham 6-10 kVli 7 ta tarmoq xuddi shunday sabab bilan avariyaviy o‘chgan. Oqibatda viloyatning ayrim hududlarida 2300 ta iste’molchi elektr ta’minotidan uzilgan.

Surxondaryo viloyatidagi 35 kVli «L-DTBM» elektr uzatish tarmog‘ida nosozlik yuz berishi oqibatida Denov tumanidagi 800 ta iste’molchi elektrsiz qolgan.

Toshkent shahridagi «Yuksak» podstansiyasidan chiquvchi 35 kVli «L-4-Yu» tarmog‘ida nosozlik yuzaga kelishi natijasida Chilonzor va Yakkasaroy tumanlaridagi 1800 ta xonadonning elektr ta’minotida qisqa muddatli uzilish kuzatilgan.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid