Jamiyat | 21:33
1048
6 daqiqa o‘qiladi

“Bizni tinch qo‘yishsa, ko‘proq hosil olamiz” – Kogonlik fermer o‘zi va hamkasblari qanday sharoitda ishlayotgani haqida

Kogonlik fermer o‘z misolida sohadagi muammolarni ochiqladi: hokimlik va boshqa idoralarning ishiga aralashuvi, bosimlar, moliyaviy qiyinchiliklar, sohani bo‘g‘ayotgan boshqa illatlar haqida gapirdi. Norjon Hodiyeva dardini ayta olmayotgan ko‘plab hamkasblari nomidan so‘z yuritib, islohotlar mahalliy hokimiyat tuzilmalariga yetib bormayotgani, oqibatda fermerlar omon qolish uchun doimiy kurash holatida ekanini aytmoqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Men gapiryapman, chunki ko‘pchilik erkak fermerlar bularni ayta olmaydi. Ular qarzga botib, botqoqqa botib ketyapti”, deb ta’kidladi qariyb 18 yildan beri ishlab kelayotgan “Behruz Feruz zamini” fermer xo‘jaligi rahbari Norjon Hodiyeva. “Bu bosimlar fermerlar oyoqqa turib olishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ataylab qilinadi, mahalliy idoralarning o‘zaro til biriktirishi oqibatida fermerlar yakkalanib, himoyasiz qolmoqda. Ular uchun fermerning rejasi to‘lmasligi kerak, botqoqqa botishi kerak. Bu ishlar ko‘pincha fermerlarning bankrot bo‘lishiga olib keladi. Fermer dodini kimga aytsin? Xudoga aytadi-yu, o‘tiradi, boshqa iloji yo‘q. Yoki oxiri bankrot bo‘lib, sohadan chiqib ketishi kerak”, – deydi u.

Moliyaviy mustaqillik va banklar bilan bog‘liq muammolar

Fermer hikoyasining markaziy mavzularidan biri — moliyaviy muammolar, ayniqsa, faoliyat uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan qishloq xo‘jaligi kreditlari masalasi.

Bank meni boshqarmasin, oladigan pulimni o‘zim tasarruf qilay”, — deydi Norjon Hodiyeva.

Fermer ayol, agar moliyaviy erkinlik berilsa, dehqonlar hosildorlikni keskin oshirishi mumkinligiga ishonch bildirar ekan, agrar sohadagi ishlatilmayotgan ulkan salohiyatga e’tibor qaratdi.

Bizga ham boshqa davlatlardagidek pulimizni o‘z ixtiyorimizga bersin. 1 milliard so‘m kredit olsam, o‘sha 1 milliardni to‘liq qo‘limga topshirsin. Ana o‘shanda men paxta rejasini 200 foiz qilib bajarib beraman. Amalda kreditlar ataylab kechiktirilib, eng zarur agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish imkonsiz bo‘lib qolganda ajratiladi. Bu esa, o‘z navbatida, hosilning nobud bo‘lishiga olib keladi”, — deydi fermer.

Poyezd o‘tib ketgandan keyin pul beradi bank! Dorini o‘z vaqtida sepish, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida bajarish kerak, lekin ular pulni bermaydi. Mablag‘larni olish jarayoni fermerlar uchun haqoratli tus olgan, xalq rizqi bo‘lgan yerni haydash uchun kerakli sarmoyani so‘rab, yolvorishga majburmiz. Bankka kamera o‘rnatsangiz, fermerlarning yalinib o‘tirganini ko‘rasiz. Axir u o‘z tomorqasi yoki ro‘zg‘ori uchun ishlayotgani yo‘q, bu — xalqning rizqi! Ber pulni, nomard!”, — deydi u.

Prezident qarorlari va joylardagi ijro o‘rtasidagi tafovut

Prezidentimiz tomonidan chiqarilayotgan qarorlar juda yaxshi, fermerlarga ajoyib imkoniyatlar yaratib berilyapti. Ammo bu imkoniyatlar tumandagi fermerlarga yetib kelmayapti. Amaldorlar qarorlarni og‘izda ma’qullaydi, “xo‘p-xo‘p” deydi, lekin amalda hech narsa yo‘q. Ular Prezidentimiz qarorlarini mensimaydi. Mahalliy hokimiyat vakillari “qonun mening qo‘limda” deb, zaxiradagi yerlarga noqonuniy ekin ekib, shaxsiy manfaat ko‘rish kabi korrupsion harakatlarga qo‘l uradi. “Qonun mening qo‘limda” deb, xohlagan ishini qiladi ular”, — dedi fermer ayol.

“Zaxiradagi yerlarni xohlagancha ekib, foydalanib yurishibdi. Agar sun’iy yo‘ldosh orqali tekshirilsa, kimga necha gektar paxta tegishli ekani, o‘sha yerga kim borib-kelayotgani, kimning odami ishlayotgani — hammasi ayon bo‘ladi”, — deya urg‘u berdi fermer.

Shaxsiy mashaqqatlar va yuqori idoralarga murojaat

Fermer ayol mahalliy hokimiyatning noqonuniy harakatlari oqibatida nohaq qamalganini va jismoniy zo‘ravonlikka uchraganini gapiradi.

Men terroristmanmi yoki narkobaronmanmi? Oddiy fermer ayol bo‘lsam. Oilam bilan ipak qurti boqaman, mol boqaman, paxta yerida ishlayman. Shunday bo‘lsa ham, meni qamatishdi. Farzandimni ham, o‘zimni ham do‘pposlashdi. Agar so‘rab-surishtirsangiz, o‘g‘lim to‘ppa-tuzuk, sog‘lom yigit edi. Mana, hozirgi kunga kelib ham davolanib yuribdi”, — deydi u.

Mahalliy darajada adolatga erishib bo‘lmasligini his qilgan ayol, barcha zarur dalillarni taqdim etishga tayyorligini aytib, respublika idoralaridan tekshirish o‘tkazishni so‘raydi.

Agar respublika miqyosida tekshiruv o‘tkazilsa, men hamma hujjatlarimni taqdim etishga tayyorman”, — dedi so‘ngda Norjon Hodiyeva.

Shokir Sharipov tayyorladi

Mavzuga oid