Iqtisodiyot | 19:10 / 23.12.2025
1173
2 daqiqa o‘qiladi

Eng ko‘p soliq to‘lamaslik holatlari savdo va umumiy ovqatlanish sohasida aniqlandi – Soliq qo‘mitasi

Soliq qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan audit natijalariga ko‘ra, eng ko‘p soliq to‘lamaslik holatlari savdo va umumiy ovqatlanish sohasida aniqlangan. Shuningdek, ishlab chiqarish va qurilish sohasida ham bu ko‘rsatkich yuqori bo‘lgan.

Foto: Shutterstock

2025 yilning yanvar-noyabr oylarida davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliqlarni to‘lamaslik xavfi yuqori bo‘lgan 3305 ta tadbirkorlik sub’yektida audit o‘tkazilgan. Bu ushbu davrda faoliyat ko‘rsatgan jami soliq to‘lovchilarning (563,9 mingta) 0,6 foizini tashkil etadi, deyiladi qo‘mita xabarida.

Bunda aniqlangan soliq xavfi summasi 10,7 trln so‘m, soliq auditida aniqlangan summa – 12,1 trln so‘m bo‘lgan. 

Soliq auditida aniqlangan summa sohalar kesimida:

  • savdo va umumiy ovqatlanish sohasida – 7,7 trln so‘m (64 foiz);
  • ishlab chiqarish sohasida – 1,1 trln so‘m (9,2 foiz);
  • qurilish sohasida – 1,1 trln so‘m (9,3 foiz);
  • xizmat ko‘rsatish sohasida – 858,8 mlrd so‘m (7,1 foiz);
  • qishloq xo‘jaligi sohasida – 610,9 mlrd so‘m (5,1 foiz);
  • transport sohasida – 316 mlrd so‘m (2,6 foiz);
  • boshqa sohalarda – 326,6 mlrd so‘m (2,7 foiz).

O‘tkazilgan soliq auditlarida 1 594 ta soliq to‘lovchida 21,2 trln so‘mdan ortiq soliq bazasi yashirilgan:

  • 584 ta sub’yektda 8,8 trln so‘mlik realizatsiya qilingan tovarlar summasi ko‘rsatilmagan;
  • 508 ta sub’yektda 6,2 trln so‘mlik tovarlar inventarizatsiya paytida ombor yoki realizatsiya joyida mavjud bo‘lmagan;
  • 502 ta sub’yektda 6,2 trln so‘mlik kirim qilinmagan tovarlar saqlangan va (yoki) realizatsiya qilingan.

Qo‘mita hozirda to‘lov muddati kelgan soliqlar miqdori 6,5 trillion so‘m bo‘lib, shundan 3,4 trillion so‘mi (46 foiz) to‘langanini ma’lum qilgan.

Mavzuga oid