Sport | 20:07
3763
3 daqiqa o‘qiladi

Jahon chempionlari Gulshan Alimardanova va Najmiddin Qosimxo‘jayevga avtomobil sovg‘a qilindi

Karate va taekvondo bo‘yicha jahon chempionlari Gulshan Alimardanova va Najmiddin Qosimxo‘jayevga prezident sovg‘asi sifatida BYD rusumli avtomobillar hamda 15 ming dollardan mukofot puli topshirilgan.

Foto: O‘zA

25 dekabr kuni Olimpiya va paralimpiya shon-shuhrati muzeyida jahon chempionatlarida g‘olib chiqqan va sovrindor bo‘lgan sportchilarning navbatdagi guruhini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zA xabariga ko‘ra, karate WKF bo‘yicha jahon chempioni Gulshan Alimardonova hamda taekvondo WT bo‘yicha jahon chempioni Najmiddin Qosimxo‘jayevga prezident sovg‘asi sifatida BYD avtomobillari va 15 ming dollardan pul mukofoti topshirilgan.

Gulshan Alimardonova noyabr oyi oxirida Qohirada karate bo‘yicha bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida g‘olib chiqqan va O‘zbekiston tarixida jahon chempioniga aylangangan ilk karatechi ayol bo‘lgandi.

Najmiddin Qosimxo‘jayev esa Xitoyning Usi shahrida taekvondo WT bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgandi.

Shuningdek, karate va taekvondo bo‘yicha jahon chempionatlari sovrindorlari Abdul Vahob Rashidov, Svetlana Osipova, Jahongir Xudoyberdiyevga, taekvondo WT bo‘yicha murabbiylar Zaynobiddin Nazaraliyev va Abdujabbor Botirovga, O‘zbekiston karate WKF assotsiatsiyasi bosh murabbiyi Sulaymon Yusupovga hamda O‘zbekiston taekvondo WT jamoasi bosh murabbiyi Pavel Xanga ham pul mukofotlari topshirilgan.

  • Eslatib o‘tamiz, joriy yil sentabr oyida ham boks, og‘ir atletika, baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionatlarida sovrindor bo‘lgan jami 13 nafar sportchi va ularning murabbiylariga BYD avtomobillari va pul mukofotlari topshirilgandi.
  • Oktyabrda esa Norvegiyadagi jahon chempionatida 3 ta oltin medalni qo‘lga kiritib, -110 kg vazn toifasida mutlaq chempionlikka erishgan Akbar Jo‘rayev BYD avtomobili hamda 15 ming dollar bilan taqdirlangan, mazkur yo‘nalishda 2 ta bronza medaliga sazovor bo‘lgan Ruslan Nurudinovga esa 3750 dollar mukofoti berilgandi.