O‘zbekiston | 08:45 / 02.01.2026
722
2 daqiqa o‘qiladi

Strategik rivojlanish takliflari “Islohotlar shtablari” bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi

“Strategik rejalashtirish va rivojlanish tizimini yangicha yondashuvlar asosida tashkil etish va samarali yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, strategik rejalashtirish hujjatlarining samaradorlik ko‘rsatkichlarini monitoring qilish Strategik rejalashtirish va rivojlanishning raqamli platformasi orqali amalga oshiriladi. Bunda maqsadli ko‘rsatkichlarga mas’ul davlat organlari va tashkilotlari har bir samaradorlik ko‘rsatkichi bo‘yicha haqiqiy ma’lumotlar, natijalar hamda tasdiqlovchi hujjatlarni doimiy ravishda platformaga kiritib borishi belgilandi.

Shuningdek, milliy darajadagi keng qamrovli strategik rejalashtirish hujjatlarining asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha davlat organlari reytingi shakllantiriladi. Ushbu reyting Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan Davlat organlari faolligining milliy reytingini tuzishda inobatga olinadi.

Qarorda qayd etilishicha, raqamli platformada soha, tarmoq va hududlarni rivojlantirish bo‘yicha dasturlarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida mablag‘ ajratilishini talab qiladigan masalalar yetarlicha asoslanmagan taqdirda, bunday loyihalar Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan kelishilmaydi.

Bundan tashqari, Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tomonidan hududlarni rivojlantirish bo‘yicha taklif va tashabbuslarni ishlab chiqish “Islohotlar shtablari” bilan yaqin hamkorlikda amalga oshirilishi belgilandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish