Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Amorimning kutilmagan iste’fosi. «MYu» rahbariyatining qarori qanchalik to‘g‘ri?
Uning iste’fosi «Lids» bilan o‘yingacha hal qilingan bo‘lishi mumkin.
«Qaytaraman, men menejer bo‘lishni xohlayman, bosh murabbiy emas. Tuxel, Konte yoki Mourinio emas ismim, lekin “Manchester Yunayted” menejeriman va hech qayerga ketmoqchi emasman. Shartnomaga ko‘ra yana bir yarim yil shu ishni qilaman, keyin hamma o‘z yo‘lida ketaveradi. Sport direktori ham, skauting bo‘limi ham, men ham o‘z ishimizni qilcak kifoya. Agar Gari Nevillning tanqidlari kimnidir xavotirga solsa, klubni almashtirishi kerak» – bu Ruben Amorim so‘nggi matbuot anjumanida aytgan gaplar.
«Bugungi davrda futbol realligi shunda – sen «Manchester Yunayted»dek klub bilan mavsumni 15-o‘rinda yakunlashing, «Grimbsi Taun» degan jamoadan mag‘lub bo‘lishing, qator antirekordlarni yangilashing mumkin, senga hech narsa bo‘lmaydi, aksincha, Retklif chiqib yana uch yil ishlashing mumkinligini aytadi. Ammo klub rahbariyatiga qarshi gapirib qo‘ysang, tamom, uch kun ham berishmaydi, jamoaning holati, qandaydir tahliliy ko‘rsatkichlar, aslida APL va jahon chempioni bo‘lgan klublar bilan bir qatorda, kuchli to‘rtlikdan atigi uch ochkolik farqda ketayotganing ham qiziqtirmaydi. Jyeymi Karrager to‘g‘ri aytadi – «Ruben Amorim ayni paytda klubga o‘z shartlarini qo‘ya oladigan darajada kuchli pozitsiyada emasdi».
«Lids»ga qarshi o‘yindagi durangdan so‘ng Ruben Amorim matbuot anjumanida «portladi». Anchadan beri davom etib kelayotgan tanqidlarga dosh bera olmay, tanqidlar o‘qini boshqa tomonga, klub rahbariyati tomon yo‘naltirdi. Tabiiyki, bundan ham badtar shartlarda iste’foga chiqarilgan, ammo g‘ing deya olmaygan avvalgi murabbiylar oldida Ruben bunday yo‘l bilan nimagadir erishishiga ishonish qiyin edi.
Albatta, Rubenning iste’fosi kechagi yoki avvalgi kungi duranglar bilangina bog‘liq emas. Bu iste’foga qadamlar ancha ilgari, hatto Amorim hali klubga kelmasidan ham oldin boshlangan. Keling, voqealar xronlogiyasini ko‘rib chiqamiz.
Voqealar rivoji
2024 yil, iyun. Avvalgi rahbariyat tomonidan tayinlangan Erik ten Hag mavsumdagi 8-o‘rindan so‘ng, iste’fo yoqasida turganida, may oyida Angliya kubogi finalida g‘alaba qozondi. INEOS («Manchester Yunayted»ning yangi rahbariyati) tashqi bosim ostida niderlandiyalik mutaxassisga yana bir imkoniyat berishga qaror qiladi. Yozgi transfer oynasi aynan Erik ten Hag uchun tashkil qilinadi – Nussayr Mazraviy, Matteys de Liht, Joshua Zirkze va Manuel Ugarte kabi futbolchilar sotib olinadi.
2024 yil, noyabr. Qator muvaffaqiyatsizliklardan so‘ng jamoa turnir jadvalining ikkinchi yarmiga tushib ketadi va Erik ten Hag iste’foga chiqariladi. Ser Jim Retkliff (INEOS) «MYu»dagi eng ishongan shaxs – klub bosh direktori Omar Berrada «Sporting»da muvaffaqiyatli ishlayotgan Ruben Amorim variantini ilgari suradi va u bilan kelishadi. Ma’lum bo‘lishicha, klubning o‘sha paytdagi sport direktori, hali ish boshlaganiga ko‘p bo‘lmagan Den Eshfort bu nomzodga qarshi bo‘lgan va aynan shu tufayli ishdan bo‘shatilgan. Asosiy ziddiyat Ruben Amorimning doim 3-4-3 sxemasida o‘ynashi va bu «MYu» tarkibidagi futbolchilarga mos kelmasligi xavfi bilan bog‘liq edi.
Ruben Amorim uch yillik shartnomaga imzo chekadi. Shu bilan birga, Angliyaga kelishi bilanoq jamoa uning sxemasida harakat qilishini, barchasi shu yo‘nalishda bo‘lishini aytadi. Klub ham bu haqida xabardor bo‘lgani va Amorim to‘liq qo‘llovga ega bo‘lishiga kafolat berilgani tayin. Shu bilan birga, (bu muhim), Ruben Amorim rasman «bosh murabbiy» deb e’lon qilinadi, «menejer» deb emas.
Farq shundaki, Angliyada «menejer» jarayon yuzasidan to‘liq nazorat o‘rnatadi va transferlarda hal qiluvchi ovoz egasi bo‘ladi. Erik ten Hag aynan «menejer» sifatida qayd etilgan va uning davridagi bir qator muvaffaqiyatsiz transferlardan so‘ng klub strukturasi o‘zgarib, barchasi bir necha shaxslar tomonidan olib boriladigan bo‘lgan.
2025 yil, yoz. Jamoa tarkibi Ruben Amorim tizimi uchun ham, talab qilinadigan mehnat etikasi uchun ham umuman mos emasligi oydinlashadi. Aytish mumkinki, klub ma’lum vaqt to‘liq Ruben Amorim tomonida turdi va Reshford, Sancho va Garnacho kabi futbolchilar tarkibdan chetlashtirilishida ham murabbiyni quvvatladi. Yozda hujum chizig‘idagi uch nafar futbolchi uchun jami 200 million funtdan ortiqroq pul sarflandi. Ammo may oyidan beri Ruben ko‘p bor talab qilgan intensiv markaziy yarimhimoyachi varianti amalga oshmadi. Transferlar oynasining so‘nggi kunlarida «Brayton» yarimhimoyachisi Karlos Baleba uchun harakat qilingan bo‘lsa-da, urinishlar besamar yakunlandi. Insayder Ben Jyeykobsning aytishicha, Ruben Amorim oldingi chiziqdagi uch futbolchini tanlarkan, markaziy yarimhimoyachi olinmasligiga ham rozi bo‘lgan.
Xullas, o‘tgan ikki tranfer oynasida jami 270 million funtga yaqin pul sarflanib, Patrik Dorgu (qishki transferlar oynasida), Benjamin Sheshko, Brayan Mbeumo, Mateus Kunya va darvozabon Senne Lammens olib kelindi. Murabbiyga to‘g‘ri kelmagan Markus Reshford, Alexandro Garnacho, Rasmus Hoylund, Andre Onana kabi futbolchilar jamoani tark etishdi.
2025 yil, oktyabr. Jamoa mavsumni juda yomon boshladi. Dastlabki 6 turda 2 g‘alaba, bir durang va uch mag‘lubiyat qayd etildi. Eng yomoni, jamoa Liga kubogida quyi liga vakili «Grimsbi Taun»dan penaltilar seriyasida mag‘lubiyatga uchradi. Bosim oshib, murabbiyning iste’fosi uchun kun sanalayotgan bir paytda Jim Retkliff chiqib, Rubenga to‘liq ishonishini, u yana uch yil «MYu» bosh murabbiyi sifatida qolishini ta’kidladi.
Bu bayonotdan so‘ng jamoadagi mavhumliklar barham topdi va bu jamoa o‘yinida ham namyoon bo‘ldi. «MYu» «Sanderlend», «Liverpul» va «Brayton» kabi jamoalarni mag‘lub etib, safarda «Nottinghem» va «Tottenhem» bilan durang o‘ynadi. Go‘yoki hammasi o‘z o‘rniga tushgan, progress aniq ko‘rilayotgan, jamoa yo‘lga tushib olgandek edi.
Ammo keyingi o‘yinlarda o‘yinda yana pasayish boshlandi va jamoa bir yerda depsinib turgandek tasavvur uyg‘otdi. «Brayton»ga qarshi bahsdan keyingi 11 o‘yinda atigi 3 g‘alabaga erishildi. Ayniqsa, turnir jadvalining quyi qismida borayotgan «Everton», «Vest Hem», «Bormunt» va «Vulverhepton»ga qarshi «Old Trafford»dagi duranglarni qabul qilish juda qiyin edi. Tasavvur qiling, mana shu o‘yinlarda g‘alaba qozonilganida, ayni paytda jamoa ishonch bilan kuchli to‘rtlikda borayotgan bo‘lardi. Bu yo‘qotishlarga aniq sababni keltirish ham qiyin, go‘yoki, jamoa yomon o‘ynamayotgandek, tarkib ham yomon emas, lekin mazkur o‘yinlardagi muammolarni hatto murabbiy bilmaganki, keyingi o‘yinlarda xatolar tuzatilmadi, ayni shu muammolar davom etaverdi.
2025 yil, dekabr. «Bornmut» futbolchisi Antuan Semenyoni 65 million funtga qo‘lga kiritish varianti paydo bo‘lganida «MYu» ham xaridorga aylangani ijobiy voqea edi – demak, kerak bo‘lganda yanvar oyida transferlar uchun pul bor. Ruben Amorim ham ko‘p matbuot anjumanlarida yanvardan foydalanish mumkinligiga ishora qila boshladi. Zero, aslida yaxshi harakat qilinsa, yanvar ham kuchayish uchun yaxshi imkoniyat – o‘tgan mavsumda inqirozga tushgan «Manchester Siti» to‘rt nafar futbolchi uchun 250 million yevro pul sarflagandi. «MYu»ning o‘zi o‘z vaqtida Bruno Fernandeshni aynan yanvar oyida sotib olganini va bu jamoa mavsumni kuchli to‘rtlikda yakunlashiga katta hissa qo‘shganini eslash mumkin.
Ammo Semenyo «Manchester Siti»ni tanlagach, klub asosiy transferlarni yozga qoldirdi va yanvarda faol bo‘lmaslikni tanladi. Birinchi sabab, asosiy nishonlar bo‘lmish Karlos Baleba, Elliot Anderson kabi futbolchilarni qo‘lga kiritish yozda osonroq bo‘lishi. Ikkinchi sabab, ayni paytda ishonchsiz ko‘rinayotgan jamoaga, aniqrog‘i, murabbiyga qo‘shimcha investitsiya qilmaslik va mavsum qanday davom etishiga qarab xulosa qilish.
Fernandesh, Maunt, Maynu, de Liht, Maguayr kabi futbolchilarning jarohati, yana uch futbolchining (Mbeumo, Amad, Mazraviy) Afrika kubogiga ketishi munosabati bilan deyarli asosiy tarkib futbolchilarisiz qolgan Ruben Amorim uchun esa ko‘proq ikkinchi sabab ishonchlidek ko‘rindi va klub uni deyarli himoya qilmayotgandek tuyula boshladi. So‘nggi turlardagi qoniqarsiz natijalar, matbuotdagi tanqidlar klub rahbariyatiga ta’sir qilayotganini taxmin qilgan Ruben Amorim omma oldida, matbuot anjumanida maqola boshida keltirilgan so‘zlarni aytdi va rasman klub oldiga ultimatum qo‘ydi – yo meni to‘liq quvvatlaysiz yoki iste’foga chiqaring. Quvvatlash deganda, aynan yuqoridagi «menejer» va «bosh murabbiy» atrofidagi mulohazalar tushuniladi, ya’ni Ruben Amorim klub doirasida kengroq hokimlikni o‘z qo‘liga olmoqchi, kimni va qachon sotib olinishiga ko‘proq ta’sir qilmoqchi edi.
Albatta, bunday talablar ichkarida avvalroq kuzatilganiga shubha yo‘q, murabbiyning klub sport direktori Jyeyson Uilkoks bilan ziddiyati haqidagi xabarlar bekorga chiqmagandi. Ammo kurashning ochiq maydonga ko‘chishi – klub rahbariyatida boshqa yo‘l qoldirmadi va ushbu matbuot anjumanidan bir kun o‘tib, portugaliyalik mutaxassis iste’foga chiqarildi.

The Telegraph nashri yozishicha, Ruben Amorimning iste’fosi aslida «Lids»ga qarshi o‘yinidan oldin, ya’ni olovli matbuot anjumanidan oldinroq ham ko‘rib chiqilgandi. Manbaning aytishicha, Uilkoks Amorim bilan jarayonni ijobiy ruhda muhokama qilishga uringan, ammo gap 3-4-3 sxemasi haqida borganda, portugaliyalik murabbiy qattiq ziddiyatga borib, o‘zini tuta olmagan.
Ruben Amorim qanday ishladi?
Ruben Amorim o‘z uslubiga ega bo‘lgan, o‘ziga yarasha xarizmaga ega iqtidorli murabbiy. Ammo aytish mumkinki, Manchesterdagi bir yillik faoliyati davomida asosan umid berdi. Yetarlicha vaqt va ba’zi transferlardan keyin ham o‘yindagi ba’zi muammolar hal qilinmadi.
2025 yil yanvarida «Manchester Yunayted» «Enfild»da peshqadam «Liverpul» bilan durang (2:2) o‘ynagan, o‘sha o‘yin nihoyat Amorim tizimi ishlashni boshlaganidan darak bo‘lgandi. Lekin oradan bir yil o‘tdi hamki, jamoa hali ham o‘sha nuqtada turgandek taassurot uyg‘otmoqda. Ba’zi alohida o‘yinlarda jamoa juda yaxshi o‘yin ko‘rsatsa-da, bu ishlanmalar saqlangan holda bir necha o‘yinda muvaffaqiyat qozonish, natijalarni barqarorlashtirish imkoni bo‘lmadi. «Manchester Yunayted» Amorim qo‘l ostida faqat bir marta ketma-ket uch g‘alabaga erishgani, hali biror marta qatorasiga ikki o‘yinni gol o‘tkazmay yakunlashni uddalay olmagani mana shu beqarorlikni isbotlaydi.
Ruben Amorim tarkib to‘liq shakllanmagani, yana bir qator transferlar qilish lozimligini har qancha aytishi mumkin, ammo ayni paytdagi mavjud tarkib bilan «Vulverhempton», «Vest Hem» va «Everton» kabi jamoalar «Old Trafford»da mag‘lub etilishi shart edi. Yevrokuboklarsiz, haftada bir o‘yin rejimida aslida Ruben Amorim uchun yetarlicha tarkib va ijrochilar bor ekanini tan olish kerak.
Har qanday dogmatik, o‘z uslubiga ega bo‘lgan murabbiylar ham o‘z qo‘lida mavjud tarkib bilan, har bir futbolchining eng yaxshi xususiyatlari o‘rtaga chiqadigan, kamchiliklari yopiladigan tizim yaratishga urinishi kerak. «Manchester Yunayted»da esa aksincha, futbolchilarning ustun jihatlari namoyon bo‘lish o‘rniga, doim kamchiliklari yuzaga chiqa boshladi. Tabiiyki, o‘zi uchun noqulay shartlarda futbolchi baxtsiz bo‘ladi, bor imkoniyatini ishga solish, vaziyatlardan foydalanishda sovuqqonlik yo‘qoladi. Ruben Amorim qog‘ozda juda yaxshi, yakunda ishlashi mumkin bo‘lgan tizimga ega bo‘lishi mumkin, lekin o‘tgan bir yil davomida futbolchilar o‘yindan zavq olmagani, o‘zini berilgan vazifalar uchun mos emas deb hisoblamagani ham fakt.
Iste’fo o‘rinli edimi?
Odatda bosh murabbiyning iste’fosi uchun sabablar turlicha bo‘ladi. Birinchi variant, jamoa natijalari mutlaqo yomonlashib, murabbiy boshqaruvni butunlay yo‘qotib qo‘yishi. O‘tgan mavsumning har qanday davrida, ushbu mavsum boshida ham ushbu sabab bilan iste’fo ro‘y berishi mumkin bo‘lgan paytlar bo‘ldi, ammo klub hech birida bunday qarorga kelmagandi. Hozirda jamoa juda ko‘p yo‘qotishlar va muammolar bilan ham kuchli to‘rtlikdan atigi 3 ochko ortda bormoqda va Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashishda davom etyapti. Mavsum boshida klub asosiy maqsad – kuchli oltilikka kirish va kamida Yevropa Ligasiga yo‘llanma olish ekanini ma’lum qilganidan kelib chiqilsa, ayni paytda bu grafik buzilgani yo‘q.
Ikkinchi sabab, aksariyat futbolchilar bilan kelishmovchiliklar. Har qanday klub baribir futbolchilar uchun ko‘proq pul to‘laydi, ular asosiy aktiv hisoblanadi. Shunday ekan, ba’zida yetakchi futbolchilar bilan ziddiyatlarda bosh murabbiydan voz kechiladi. Ruben Amorimning tarkibdagi ba’zi futbolchilar bilan ziddiyati bo‘lsa-da, klub doim murabbiyning yonida bo‘lgan va bugungi tarkib to‘lig‘icha Amorimga qarshi emasligi shubhasiz.
Uchinchi sabab esa albatta, rahbariyat bilan ziddiyatlar. Avvalroq «Nottinghem Forest»da, yaqinda «Chelsi»da bo‘lganidek, bosh murabbiyning klub iyerarxiyasi bilan ziddiyati aksariyat holatlarda kechirilmaydi. Shu bilan birga, biz «Manchester Siti» Pep Gvardiolani qaysidir so‘zi uchun bo‘shatib yuboradigan vaziyatda emasmiz. Hatto o‘tgan mavsumdagi ikki sovrindan keyin «Chelsi» Mareskani bo‘shatib yuborgani ko‘proq tushunarsiz edi. Ya’ni «Manchester Yunayted» Ruben Amorimni bo‘shatib yuborishida asosli sabablar ham, mantiq ham ko‘proq topiladi.
Eng yomoni iste’fo mana shunday asosli sabablar ortidan emas, matbuot anjumanidagi fikrlar sababli bo‘layotganidir. Bu vaziyatda tabiiyki, qandaydir tahliliy ko‘rsatkichlar, asosli xulosalar emas, Retkliffning jahli chiqqani ko‘proq ahamiyat kasb etmoqda. Mavjud muammo hal qilinishi o‘rniga kimdir jazolandi, xolos.

Jamoani mavsum oxirigacha Darren Fletcher boshqarishi, nomzodlar esa yozgacha ko‘rib chiqilishi aytilmoqda. Nimanidir eslatmayaptimi? Bundan yetti yil oldin boshqa bir portugaliyalik mutaxassis ishdan bo‘shatilgan, o‘rniga esa klub sobiq afsonasi vaqtincha kelib, shu bilan uch yil qolib ketgandi. Fletcher agar mavsumning qolgan yarmida yaxshi ishlasa, unda ham Sulshernikidaqa imkoniyat bo‘larmikin?
Qahramon Aslanov