Jamiyat | 20:50 / 06.01.2026
3319
3 daqiqa o‘qiladi

“Credit House” ishi bo‘yicha zarar summasi hanuz aniq emas – suddan reportaj

2025 yilning eng yirik firibgarlik ishi – “Credit House” va “In Fin Stroy” mansabdorlariga nisbatan sud davom etyapti. Prokuror sudlanuvchilarga ayblovni e’lon qildi. Jabrlanuvchilarning bir qismi so‘roq qilindi. Jurnalistlarning sud majlislarini video hamda audioga yozib olishi cheklab qo‘yildi. Prokuror Sevara Saidjonovaning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, jinoyat ishi bo‘yicha umumiy zarar summasi hamon aniq emas.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

6 yanvar kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudida odamlarga “oson shartlarda” quruvchi firmalar orqali uy olib berishni va’da qilgan “Credit House” va “In Fin Stroy” MChJlari bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi.

Sudlanuvchilardan birining advokati bergan iltimosnomasi va uni quvvatlagan prokurorning talabi bilan sud majlislari OAV vakillari tomonidan audio hamda videoga yozib olinishi cheklandi.

Sud majlisida prokuror Sevara Saidjonova 9 nafar sudlanuvchiga nisbatan ayblovlarni o‘qib eshittirdi.

Sud ishiga raislik qiluvchi Bahodir Qayumov sudlanuvchilarga yuzlanib, qo‘yilgan ayblovlarni tan olishi yoki olmasligi yuzasidan savollar berdi. “Credit House” rahbari va jinoyat ishining boshida turgani aytilayotgan Dmitriy Bajyenov hamda shu firma vakili Robiya Galyamova ayblovlarni to‘liq rad etdi. Klara Tolipova hamda Shoira Rahimova esa qisman, qolgan sudlanuvchilar esa to‘liq aybiga iqror ekanini bildirdi.

Shundan so‘ng jabrlanuvchilar birma-bir so‘roq qilindi. Sud majlisi e’lon qilgan oraliq tanaffusdan foydalanib Kun.uz muxbiri ayrim jabrlanuvchilar bilan suhbatlashib, sud haqidagi fikrlarini oldi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur ish doirasida 1766 nafar shaxs jabrlanuvchi sifatida e’tirof etilgan. Hozircha ularga yetkazilgan jami zarar miqdori ma’lum emas. Prokuror Sevara Saidjonova Kun.uz muxbirining bu haqdagi so‘roviga “jami zarar summasi aniq emas”ligini, barcha ma’lumotlar suddan keyin oshkor qilinishini aytdi.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.

Mavzuga oid