Jahon | 21:07 / 07.01.2026
14240
3 daqiqa o‘qiladi

Eng mashhur josuslardan biri Oldrich Eyms AQSh qamoqxonasida vafot etdi

U 1985-1994 yillarda avval sovet, so‘ngra Rossiya razvedkasiga AQSh maxsus xizmatlari bilan hamkorlik qilgan agentlarning nomlarini, yuzlab razvedka operatsiyalari haqidagi ma’lumotlarni yetkazgan. Eyms umrining so‘nggi 31 yilini qamoqda o‘tkazdi.

Foto: AFP/Getty Images

Merilend shtatining Kamberlend shahridagi federal qamoqxonada 5 yanvar kuni AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) sobiq xodimi, SSSR va Rossiya foydasiga josuslik qilgani uchun sudlangan Oldrich Eyms vafot etdi. U 84 yoshda edi. Eymsning o‘limi haqida 7 yanvar kuni xabar berildi, o‘lim sababi rasman oshkor etilmagan. The Washington Post nashri uni «eng xavfli xoin» deb atadi.

Eyms muddatidan oldin ozod qilinish huquqisiz umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan edi. 1985-1994 yillarda u avval sovet, so‘ngra Rossiya razvedkasiga MRB va ittifoq maxsus xizmatlari bilan hamkorlik qilgan agentlarning nomlarini, yuzlab razvedka operatsiyalari haqidagi ma’lumotlarni yetkazgan. Bu ishga xotinini ham jalb qilgan. Tergov bilan bog‘liq kelishuv doirasida Eyms «MRB va SSSR hududidagi boshqa Amerika va xorijiy maxsus xizmatlarning deyarli barcha agentlari» shaxsini oshkor qilganini tan oldi.

AQSh Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Eyms Moskvaga kamida o‘n nafar agent shaxsi haqida ma’lumot bergan. Ularning kamida to‘qqiz nafari SSSR da otib tashlangani taxmin qilinadi. Amerika rasmiylari gap razvedka ma’lumotlari va qochqinlarning ko‘rsatmalariga asoslangan xulosalar haqida ketayotganini bir necha bor ta’kidlagan, chunki Rossiya tomoni bu odamlarning taqdirini rasman tasdiqlamagan.

Eymsning o‘zi hibsga olinganidan keyin The Washington Post nashriga bergan intervyusida o‘z harakatlari «odamlarning o‘limiga olib kelganini» tan oldi, ammo sudda o‘z qilmishi oqibatlarini kamaytirishga harakat qildi va razvedka urushlarini milliy xavfsizlik uchun ikkinchi darajali deb atadi.

Sud materiallarida aytilishicha, u ma’lumotlarni yetkazishda g‘arazli niyatlarda harakat qilgan: Moskva bilan hamkorlik qilgani uchun Eyms 1 million dollardan ortiq naqd pul, shuningdek, qo‘shimcha to‘lovlar va Rossiyada ko‘chmas mulk va’dalarini olgan.

1994 yil fevral oyida Eymsning hibsga olinishi SSSR va Sharqiy Yevropa mamlakatlarida Amerika razvedkasi manbalari ketma-ket yo‘qola boshlaganidan keyin FQB va MRB tomonidan boshlangan ko‘p yillik tergovning natijasi edi. O‘sha yili Eyms aybiga iqror bo‘ldi: tergov bilan hamkorlik qilish evaziga sud uning xotiniga nisbatan jazoni yengillashtirdi.

Eyms Amerika razvedkasiga yetkazgan zararning kattaligiga qaramay, Rossiya hech qachon uni ozod qilish yoki mahbuslarni ayirboshlash amaliyotiga qo‘shishga harakat qilmagan.

Mavzuga oid