Jamiyat | 19:10 / 10.01.2026
7399
5 daqiqa o‘qiladi

Nestlé NAN xavotiri: bolalarda zaharlanish belgilari borligi aytilyapti

Nestlé mahsulotlaridan zararlanish holatlari yo‘q deyilgan edi. Ammo ota-onalardan kelayotgan murojaatlarga ko‘ra, bolalarda zaharlanish ehtimoli borligi taxmin qilinmoqda. Tahririyat o‘rgangan holatlarda ushbu mahsulotni iste’mol qilgan bolalarda deyarli o‘xshash belgilar kuzatilgan: qusish, qorin og‘rig‘i, ich ketish va boshqa nojo‘ya alomatlar.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

O‘zbekistonda Nestlé kompaniyasining bolalar uchun mo‘ljallangan ayrim mahsulot partiyalari ixtiyoriy ravishda qaytarib olinayotgan, kompaniya avvalroq mahsulot tarkibida ehtimoliy xavf bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgan edi. Biroq so‘nggi kunlarda tahririyatga ota-onalar tomonidan kelib tushayotgan murojaatlar vaziyat atrofida qator savollarni kun tartibiga chiqarmoqda.

Tahririyatimizga bir necha ota-onalar bolalari Nestlé NAN mahsulotlarini iste’mol qilganidan keyin qusish, qorin og‘rig‘i va boshqa nojo‘ya alomatlar kuzatilgani haqida murojaat qildi.

1-ota: «Qizimga Nestléʼning ALFARÉ Amino kashasini berardik. Oxirgi qutini 5 kun avval ochganmiz, shuni icha boshlaganidan keyin ichi ketib, qayt qila boshladi. Biz uni doimgiday bolaning qorni to‘yganidan keyingi odatdagi qusishi deb o‘yladik. Lekin biroz o‘tib bolaning ichidan qon kela boshladi. Zudlik bilan bu mahsulotni berishni to‘xtatdik, shifokorga ko‘rsatdik. Shu kashadan berganimizni aytdik, u shundan bo‘lishi mumkinligini, oxirgi kunlarda shunday taxmin bilan kasal chaqaloqlar ko‘p kelganini aytdi. Lekin nega bunga aniq analizlar topshirilib, tekshirilmayapti, «Dok1 maks»ga o‘xshab kimdir bolasidan ajralishini yoki nogiron bo‘lib qolishini kutishyaptimi?»

2-ota:«Farzandimga Nestléʼning NAN mahsulotini anchadan beri ichirardik. Yaqin kunlarda bolam mazasi qochdi, og‘zida yaralar chiqib ketdi, stomatitdan deb o‘ylagandik. Lekin undan emas ekan, NAN haqidagi xabarlarni eshitib, shifokorga borsak, hamma joyda shu kasallik bilan og‘riyotgan bolalar juda ko‘p ekan. Ko‘z oldimizda ham shunday alomatlar bilan kasal bolalar olib kelindi. Bizning farzandimiz ham oshqozoni og‘rib yig‘ladi. Pediatrga olib bordik, oshqozonni tozalash kerak deyishdi, dorilar yozishdi. Bu holat mahsulot iste’moli bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi aytildi. Kompaniyaga qo‘ng‘iroq qilsak, murojaat qilayotganlar ko‘p ekanini, kompensatsiya masalasi ko‘rib chiqilayotganini bildirishdi».

Yana ayrim ota-onalar ham bolalarida shunaqa holat kuzatilganini, mahsulot qaytarib olinishida ham muammolar bo‘layotganini, kompaniya koll-markaziga qo‘ng‘iroq qilinganda ariza qoldirish yoki boshqa joyga murojaat qilishlari kerakligini aytib, ishni paysalga solganini aytishmoqda.

Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Sanitariya va epidemiologiya qo‘mitasi bilan bog‘langanimizda hozircha ularga bolalarning zaharlanish holatlari haqida rasmiy murojaat bo‘lmaganini bildirishdi.

Ayni vaziyat ota-onalarning xavotirini yanada kuchaytirmoqda: kompaniya mahsulotni «hech qanday real zaharlanish qayd etilmagan» deb bildirgan bo‘lsa ham, murojaatchilarning va ehtimoliy holatlar borligi bu iddaoni rad etmoqda.

Nestlé va uning distribyutori Balton Trading kompaniyasi vakillariga savollar bilan yuzlandik va quyidagi javobni berishdi.

«Agar bolada zaharlanish bo‘lsa, ota-onalar elektron manzilimizga murojaat yozishlari mumkin. Mahsulotni qaytarish bo‘yicha muammo yo‘q. Barchasini o‘z xohishimiz bilan qaytarib olyapmiz. Iste’molchilar sotib olgan do‘konlariga qaytarib olib borishsa, chek bo‘lmasa ham qaytarib olinyapti (partiya nomeri to‘g‘ri kelsa) va o‘rniga yaxshi mahsulot berilyapti.

Kompensatsiya masalasi esa zaharlanish holati bo‘yicha elektron manzilga xabar yuborilsa, individual tarzda ko‘rib chiqiladi. Biz faqat qaytarish holatlarini ta’minlaymiz. Katta kompaniya bo‘lganimiz uchun har bir protsess uchun alohida javobgar odam bor», deyiladi unda.

Eslatib o‘tamiz, agar bolangizda Nestlé bolalar ozuqasini iste’mol qilganidan keyin qusish, ich ketishi, qorin og‘rig‘i, isitma kabi holatlar kuzatilsa, mahsulotni berishni zudlik bilan to‘xtating va shifokorga murojaat qiling. Mahsulot qadog‘ini tashlab yubormang, zaharlanish yoki infeksiya bo‘yicha tahlillar talab qiling. Holat haqida Sanitariya va epidemiologiya xizmatiga rasmiy murojaat qoldiring.

Bolalar sog‘lig‘i masalasida hatto ehtimoliy xavf ham jiddiy qabul qilinishi kerak.

Mavzuga oid