O‘zbekiston | 19:01 / 12.01.2026
2195
2 daqiqa o‘qiladi

AEXA O‘zbekistonni uran chiqindilaridan tozalash rejasini tasdiqladi

Strategik reja Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonni qamrab oladi hamda xalqaro moliya va ixtisoslashgan tashkilotlar bilan hamkorlikni nazarda tutadi. Hujjat sovet davrida uran qazib olishdan zarar ko‘rgan hududlarni bosqichma-bosqich tozalash va tiklashga qaratilgan.

Yangioboddagi tashlandiq zavod

Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) Markaziy Osiyoda uran chiqindilarini rekultivatsiya qilish bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan yangi strategiyani (.pdf) qabul qildi.

Strategik reja Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonni qamrab oladi hamda xalqaro moliya va ixtisoslashgan tashkilotlar bilan hamkorlikni nazarda tutadi. Hujjat sovet davrida uran qazib olishdan zarar ko‘rgan hududlarni bosqichma-bosqich tozalash va tiklashga qaratilgan.

Dasturning yangilangan umumiy qiymati 113 million yevroga baholanmoqda. Unga qurilish-muhandislik ishlari, loyihalarni boshqarish, ehtimoliy xarajatlar zaxirasi, shuningdek, qo‘shimcha dasturiy xarajatlar kiritilgan. Hisob-kitoblar amaldagi shartnomalar va joriy smeta ma’lumotlari asosida amalga oshiriladi.

Qayd etilishicha, yangi strategiya ilgari ustuvor obektlar qatoriga kiritilmagan, ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy xavfi nisbatan past bo‘lgan obektlarga ham tatbiq etiladi.

AEXA yangi rejaning amalga oshirilishi loyihalarning takrorlanishining oldini olishga, amalga oshirilayotgan ishlarning shaffofligini oshirishga va mintaqada uran chiqindilarini tozalashni to‘liq yakunlash uchun qo‘shimcha xalqaro yordamni jalb qilishga imkon beradi, deb hisoblaydi.

SSSR davrida Markaziy Osiyoda, jumladan, hozirgi O‘zbekiston hududida yadro sanoati ehtiyojlari uchun uran faol qazib olinardi. Taxminan 40 yil davomida bunday ishlar, masalan, Toshkent viloyati, Yangiobod tumanida olib borilgan.

Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekiston hududida uran rudasini qazib olish va qayta ishlash oqibatida to‘plangan taxminan 4 million tonna radioaktiv chiqindi ko‘milgan. Taqqoslash uchun, Markaziy Osiyodagi qo‘shni mamlakatlarda bu ko‘rsatkich ancha yuqori: Qozog‘istonda 240 mln tonna, Qirg‘izistonda 132 mln tonna va Tojikistonda 42 mln tonna. Shu bilan birga, O‘zbekiston bo‘ylab radiatsiya darajasi rasman me’yordan oshmaydi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid