Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Real» Alonsoni ishdan bo‘shatdi: klasikodagi mag‘lubiyat kechirilmadi
Jamoani endi Alvaro Arbeloa boshqarib turadi.
Foto: AFP
Ispaniya Superkubogi uchun bo‘lib o‘tgan o‘yindan keyin 24 soat o‘tmasdan Habi Alonso Madridning «Real» klubi bosh murabbiyi lavozimini tark etdi. Allaqachon uning o‘rnini kim egallashi ma’lum – klubning boshqa bir sobiq futbolchisi Alvaro Arbeloa.
Barcha uchun kutilmagan xabar
Iste’fodan biroz oldinroq AS nashrida murabbiy klubda qolishi haqida xabar berilgandi. Ammo ko‘p o‘tmay «Qirollik klubi» rasmiy saytida ushbu mutaxassis bilan hamkorlik to‘xtatilgani haqida ma’lum qilindi.
«„Real“ futbol klubi Habi Alonso bilan o‘zaro kelishuv asosida jamoa bosh murabbiyi sifatidagi faoliyatini yakunlash to‘g‘risida qaror qabul qilinganini ma’lum qiladi. Habi Alonso doimo „Real” muxlislarining mehri va hurmatiga sazovor bo‘ladi, chunki u „Real” afsonasi hisoblanadi va har doim klubimiz qadriyatlarini o‘zida mujassam etdi. „Real“ Madrid hamisha uning uyi bo‘lib qoladi.
Klubimiz Habi Alonso va uning butun murabbiylar shtabiga ushbu davrdagi mehnati va sadoqati uchun minnatdorchilik bildiradi hamda hayotlarining yangi bosqichida ularga omad tilaydi», – deyilgan rasmiy bayonotda.
Shundan keyin turli-tuman insaydlar yog‘ila boshladi. Xususan, El Chiringuito nashri futbolchilar Habining iste’fosidan «shokka tushgani» haqida yozdi. Bunga parallel ravishda «Barselona» bilan klasiko bahsidan (2:3) keyin murabbiy va jamoa futbolchilari o‘rtasida navbatdagi ziddiyat yuzaga kelgani haqida xabar paydo bo‘ldi: go‘yoki murabbiy raqib uchun faxriy yo‘lak tashkil qilish kerakligini aytgan, ammo futbolchilar Kilian Mbappega ergashib, maydondan chiqib ketishgan.
Jurnalist Pepe Alvaresning insaydlari nisbatan haqqoniy ko‘rinadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Alonsoning o‘zi «futbolchilar tomonidan hurmatsizlikni his qilgani va ularning xudbinligidan charchagani» uchun iste’foga chiqqan.
Rasmiy versiyaga ko‘ra, shartnoma «o‘zaro kelishuv asosida» bekor qilingan.
Alonsoga baribir ishonishmadi
Habiga ilk savollar yozda, klublar o‘rtasidagi jahon chempionati vaqtidayoq tug‘ilgandi: o‘shanda «Real» yarimfinalda «PSJ»ga 0:4 hisobida yutqazgan, madridliklar 24-daqiqaga keliboq uchta gol o‘tkazishga ulgurgandi. O‘shanda murabbiy jamoada mavsumoldi yig‘inlarini o‘tkazmasdan, jangga tashlangani ham inobatga olinmagandi.
Ikkinchi ogohlik qo‘ng‘irog‘i sentabr oyida «Atletiko»ga qarshi o‘yin bo‘ldi, o‘shanda Madrid derbisi 2:5 hisobida boy berilgandi. Ammo shundan keyin «Real» olti g‘alabadan iborat seriya qayd etdi (shundan bittasi klasikoda) va murabbiyning iste’fosi haqidagi gaplar bir muddatga tinchidi.
Uchinchi inqiroz esa deyarli bir oy davom etdi – noyabr boshidan dekabrgacha. Bu oraliqda Madrid klubi yetti o‘yindan faqat ikkitasida g‘alaba qozona oldi. YeChLda «Manchester Siti»dan qabul qilib olingan mag‘lubiyatdan keyin Alonsoga vaziyatni o‘nglash uchun uchta o‘yin borligi xabar qilindi. Va ispaniyalik mutaxassis «Alaves», «Sevilya» va «Betis»ga qarshi o‘yinlarda g‘alabaga erishib, yana bir bor o‘z lavozimini saqlab qoldi.
Bunga parallel ravishda mediada murabbiy va futbolchilar o‘rtasidagi ziddiyat haqida xabarlar chiqib turdi. Xususan, The Athletic Vinisius aynan murabbiy bilan kelisha olmayotgani tufayli shartnomasini uzaytirishdan bosh tortayotgani ma’lum qilindi. Shu bilan birga, braziliyalik vingerning o‘zi qatorasiga 19 o‘yinda gol ura olmagandi, u golsiz seriyasini faqat Superkubok uchun bahsda to‘xtatdi (ammo bu gol natija uchun yetarli bo‘lmadi).
Va yakunda Alonsoning ilk ish kunidan boshlab yozib kelingan voqea sodir bo‘ldi.
«Real» yangi Zidanni topishga urinmoqda
Karlo Anchelotti ishdan ketgach, Habi Alonso bozordagi yagona mos variant bo‘lib turgandi. Hozir ham ishsiz yurgan top-murabbiylar ko‘payib qolgani yo‘q, shuning uchun klub rahbariyat yana o‘z akademiyasiga murojaat qilishiga to‘g‘ri keldi. U yerda esa Alvaro Arbeloa ishlayotgandi.

Ushbu 42 yoshli mutaxassis o‘tgan yil yozidan «Real Madrid Kastilya» jamoasini boshqarishga kirishgandi. Uning boshqaruvida Madrid klubi o‘rinbosarlari 19 o‘yinda 31 ochko jamg‘arishgan va Primere federasion (mamlakatning uchinchi divizioni) turnir jadvalida to‘rtinchi pog‘onada bormoqda.
O‘z vaqtida Zinedin Zidan ham shunday yo‘lni bosib o‘tgandi. U yoshlar jamoasidan asosiy jamoa boshqaruviga o‘tkazilgach, bu jamoa bilan qatorasiga uch marta Chempionlar ligasida g‘olib chiqadi.
Alonso shunchalik yomonmidi?
Aniq aytish muminki, yo‘q. Uning boshqaruvi davrida jamoa barcha turnirlar doirasidagi 34 o‘yindan 24 tasida g‘alabaga erishdi, urilgan gollar soni o‘tkazib yuborilgan gollar sonidan ikki baravar ko‘proq bo‘ldi. Qaymoqranglilar Primera turnir jadvalida «Barselona»dan keyingi ikkinchi o‘riinda (orada 4 ochkolik farq) bormoqda.
Chempionlar ligasida esa «Real» asosiy guruh bosqichida kuchli sakkizlikdan o‘rin olgan («Barselona» esa u yerda 15-pog‘onada).
Alonso ham o‘tgan mavsumda birorta ham sovrin qo‘lga kiritmagan jamoaga kelgandi. Shunday ekan, u yarim mavsumdayoq vaziyatni tubdan o‘zgartirishi mantiqqa to‘g‘ri kelmasdi. Bugungi yangilik shunisi bilan ko‘pchilik uchun kutilmagan hol bo‘ldi.
Mavzuga oid
14:09 / 09.02.2026
«Real» chempionlik poygasida qoldi, «Inter», «Bavariya» va «PSJ» raqiblarini yo‘q qilmoqda
12:33 / 02.02.2026
«MYu»da kambek, «Siti» darvozasiga yil goli, «Real» amalladi. Kun o‘yinlari
16:33 / 30.01.2026
«Real» yana «Benfika»ga qarshi o‘ynaydi. YeChL o‘tish bosqichiga qur’a tashlandi
13:37 / 29.01.2026