Jamiyat | 20:18 / 15.01.2026
2013
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi ayrim ko‘chalarda jamoat transporti harakati sxemasi o‘zgartiriladi

Aholi va mehmonlar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida Seoul Mun atrofida transport harakatini tartibga solish, shu jumladan yo‘l bo‘yi turargohlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgani ta’kidlanmoqda.

Foto: Transport vazirligi

Toshkentda yo‘l harakatini samarali tashkil etish, tirbandliklarni kamaytirish hamda jamoat transporti ustuvorligini ta’minlash maqsadida bir qator manzillarda o‘rganish va tahlil ishlari amalga oshirildi, deb xabar berdi poytaxt hokimligi.

Qayd qilinishicha, dastlab, Zargar va Botir Zokirov ko‘chalari kesishmasida joylashgan «Paxtakor» transport o‘tish bog‘lamasida mavjud holat o‘rganilgan. Xususan, jamoat transporti — avtobuslarning bog‘lamaga kirishi bilan bog‘liq muammolar atroflicha tahlil qilinib, mazkur masalani hal etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan. Ushbu yechimlar amalga oshirilgandan so‘ng, jamoat transport yo‘nalishlari soni 11 taga yetkazilib, bog‘lama orqali kunlik yo‘lovchilar oqimi 37 ming nafargacha oshishi ko‘zda tutilmoqda.

Shu bilan birga, Abdulla Qodiriy – Abay ko‘chalari hamda Sharof Rashidov – Osiyo ko‘chalari kesishmalarida transport vositalarining o‘tkazuvchanligini oshirish, harakatni samarali boshqarish va jamoat transportiga ustuvorlik berish yuzasidan tahlil ishlari olib borilgan.

Bundan tashqari, Ziyolilar va Kichik halqa yo‘li kesishmasida yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish, Abdulla Qodiriy – Mahtumquli ko‘chalarida harakatni optimallashtirish hamda yo‘l belgilarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.

Shuningdek, Avliyo ota ko‘chasi hamda Fidokor ko‘chasida tirbandliklarni kamaytirish maqsadida transport vositalari uchun bir tomonlama harakat tizimini joriy etish masalasi muhokama qilingan.

Ta’kidlanishicha, aholi va mehmonlar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida Seoul Mun atrofida transport harakatini tartibga solish, shu jumladan yo‘l bo‘yi turargohlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid