Texnologiya | 21:59 / 20.01.2026
3941
3 daqiqa o‘qiladi

2026 yilda 5G texnologiyalarini joriy etish jarayoni davom ettiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raqamli texnologiyalarni rivojlantirish sohasida erishilgan natijalar hamda 2026 yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi.

20 yanvar kuni o‘tkazilgan taqdimotda 2030 yilga qadar startaplarning sonini 5 mingtaga, eksport bozorlariga chiqqan startaplarning sonini 200 taga yetkazish, venchur investitsiyalarning hajmini 2 milliard dollarga olib chiqish maqsad qilingani ta’kidlandi.

Shu maqsadda xalqaro tajriba asosida startaplarni qo‘llab-quvvatlashning to‘rt bosqichli tizimi joriy etilmoqda. G‘oya, ishlab chiqish, ishga tushirish va masshtablashtirish bosqichlarida grantlar, soliq imtiyozlari, qo‘shma moliyalashtirish, eksport xarajatlarini qoplash uchun moliyaviy resurslar yo‘naltiriladi.

Elektron davlat xizmatlarini yanada rivojlantirish rejalari ko‘rib chiqildi.

Raqamli xizmatlar sonini 900 tagacha yetkazish, “MyGov.uz” mobil ilovasining funksionalini kengaytirish, 50 tadan ortiq xizmatlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, Aholining yagona reyestrini ishlab chiqish, tadbirkorlik sub’yektini ochish, yakka tartibdagi tadbirkorlik xodimlarini hisobga qo‘yish, bank plastik kartasini ochish, sim-karta olish, sug‘urta va reklama xizmatlarini raqamlashtirish rejalashtirilgan.

Taqdimotda sun’iy intellekt texnologiyalari uchun infratuzilma yaratish ishlarining borishi haqida axborot berildi.

Xususan, hozirgi kunda zamonaviy kichik super kompyuter ishga tushirildi, katta super kompyuterni xarid qilish va ishga tushirish ishlari faol bosqichda. Loyihani amalga oshirish natijasida 15 ta oliy ta’lim muassasasida sun’iy intellekt laboratoriyalari tashkil etiladi, sohadagi mutaxassislarning salohiyati oshadi, mahalliy SI yechimlarini yaratish va joriy etish imkoniyatlari yaratiladi.

Mamlakatimiz hududlarida zamonaviy data-markazlar tarmog‘ini kengaytirish, ma’lumotlar xavfsizligi va uzluksizligini ta’minlash zarurligi qayd etildi.

Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Bu borada barqaror o‘sish sur’atlariga erishilayotgani, internet tezligi va qamrovi yildan yilga oshib, mobil aloqa xizmatlarining sifati yaxshilangani ta’kidlandi. 2026 yilda 5G texnologiyalarini joriy etish va aholi punktlarini yuqori tezlikdagi internet bilan qamrab olishni davom ettirish, shuningdek, sun’iy yo‘ldosh aloqasidan foydalanishni kengaytirish rejalashtirilgan.

Prezident raqamli texnologiyalar iqtisodiyot tarmoqlari raqobatbardoshligini oshirish, davlat boshqaruvini samarali qilish va aholi hayoti sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlab, belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid