Jamiyat | 20:22
2548
3 daqiqa o‘qiladi

Kosmetologiya va migratsiya: OITS bilan bog‘liq yangi tahdidlar O‘zbekistonda

O‘zbekistonda OITS bilan yashayotganlar soni 52 ming nafarga yetgan. Rasmiy ma’lumotlarda kasalliklarning katta qismi mehnat migratsiyasi bilan bog‘lansa-da, amaldagi tajriba kosmetologiya xizmatlari orqali ham infeksiya yuqish holatlari ko‘pligini ko‘rsatmoqda.

2026 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda OITSga chalinganlar soni 52 ming nafarga yetgan. Kasalliklarning juda katta foizi migrantlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Tibbiyot xodimlarining aybi bilan 10 yildan buyon OITS bilan kurashayotgan vatandoshimiz bugun ehtiyoj oshib borayotgan kosmetologik xizmatlardan ham infeksiya yuqishi ko‘paygani, ammo bu yopiq qolayotganini ta’kidladi.

“Hech kim OITSdan himoyalanmagan. Hozir ayollarimiz kosmetologlarga juda ko‘p borishyapti, nafaqat ayollar, erkaklar ham boryapti. Kosmetologiya sohasi O‘zbekistonda rivojlanib ketdi. Aynan kosmetologiyada shu kasalni yuqtirayotganlar bir qancha. Lekin bu narsa yopiq tarzda qolib ketyapti, nimagadir oshkor qilinmayapti. Va bizning chetdan kelayotgan migrantlarimiz, aynan Rossiyadan, Turkiyadan kelayotganlarda ko‘p aniqlanyapti.

Ba’zi birlarining hatto ota-onasi bilmaydi OITSga chalinganini. Uylanishi kerak bo‘lgan yigit Rossiyadan kelib nikohgacha tibbiy ko‘rikdan o‘tgan. Unda OITS aniqlangan. To‘y buzilyapti – hamma narsa belgilangan, to‘y kuni, taklifnomalar tarqatilgan. Buni eshitgan ota-ona yolg‘iz o‘g‘lini uydan haydab yuboryapti. Yigit o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘ldi, ota-ona qutqarib olishgan. Lekin baribir uydan chiqarib yuborishdi. Oxiri o‘sha yigit Rossiyaga ketishga majbur bo‘ldi.

70 yoshli otaxon keldi. Ayoli 62 yoshda, Rossiyaning Kaliningrad degan shahriga borib ishlagan va kim bilandir tanishib qolib, shu kasalni yuqtirib kelgan. Yuqtirib kelib, bila turib turmush o‘rtog‘iga yuqtiryapti. O‘sha odam uyga qaytmasligini aytib, imkon bo‘lsa Ijtimoiy himoya milliy agentligidan qariyalar uyiga joylashtirishni so‘radi”, deydi u.

Ko‘rsatuvning to‘liq shaklini ushbu havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid