O‘zbekiston | 19:54
8341
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston TIV: Dubaydagi janjal ishtirokchilarining 8 nafari umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan

O‘zbekiston fuqarolari o‘limga hukm qilingani haqida oldinroq berilgan va vazirlikdagi manba tomonidan tasdiqlangan ma’lumot xato bo‘lib chiqdi.

Foto: O‘zbekiston TIV

Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida O‘zbekistonning 9 nafar fuqarosi qamaldi. O‘zbekiston TIV matbuot xizmati holat yuzasidan rasmiy izoh berdi. 

«2025 yilning aprel oyida Dubayda ommaviy mushtlashuvda ishtirok etgan 8 nafar O‘zbekiston fuqarosiga 21 yanvar kuni sud hukmi bilan umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, bir fuqaroga 25 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi berildi.

Hozirda tegishli idoralar va diplomatik vakolatxonalarimiz tomonidan vaziyatni to‘liq o‘rganish va fuqarolarimizning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha barcha zarur choralar ko‘rilmoqda», deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil aprel oyida Dubay shahridagi yonilg‘i quyish shoxobchalaridan birida o‘zbekistonliklardan iborat ikki jinoiy guruh o‘rtasidagi to‘qnashuv kelib chiqib, bir kishi pichoq zarbasi oqibatida vafot etgan, yana bir kishi komaga tushib qolgandi. Keyinroq komadagi shaxs ham o‘ziga kelmay jon bergan.

O‘shanda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi mazkur janjalda ishtirok etishda gumonlanib, 15 nafar o‘zbekistonlik qo‘lga olinganini ma’lum qilgandi.

Dubay jinoyat qidiruv boshqarmasi «so‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston fuqarolari tomonidan sodir etilayotgan qonunbuzarlik holatlari ko‘payayotgani ikki davlat o‘rtasidagi vizasiz tartibga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi»dan ogohlantirgan, O‘zbekiston TIV esa «fuqarolarni xorijda mamlakat sha’niga dog‘ tushiruvchi harakatlardan tiyilish»ga chaqirgandi.

Bu voqealardan ko‘p vaqt o‘tmay O‘zbekiston fuqarolarining BAAga kirishida muammolar paydo bo‘ldi. Xususan, iyun oyi boshida futbol bo‘yicha Jahon chempionati saralash bosqichi doirasida mahalliy milliy jamoaga qarshi uchrashuvni ko‘rishga borgan o‘zbekistonlik muxlislarning bir qismi aeroportda tekshiruvdan o‘ta olmagandi.

Mavzuga oid