Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Qabul emas, natija muhim” - Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori bilan ochiq suhbat
Raqamlashtirish va sun’iy intellekt davrida shifokorlik kasbi qanday o‘zgaradi? Tibbiy kadrlar tayyorlash tizimida nimalar yangilanishi zarur? Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori Shuhrat Boymurodov bilan navbatdagi suhbatda sohada ta’lim sifatini oshirish, malakali kadr tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Texnologiya inson o‘rnini egallamaydi
Suhbat boshidayoq tibbiyotda raqamlashtirish masalasi ko‘tarildi. Rektor fikricha, yaqin 10 yil ichida sohada ayrim an’anaviy funksiyalar o‘z ahamiyatini yo‘qotadi: shifokorning o‘zi emas, ish uslubi tubdan o‘zgaradi. Bugun u ko‘p vaqtini hujjat to‘ldirish, takroriy tahlillar va ma’lumot yig‘ishga sarflayotgan bo‘lsa, kelajakda mazkur jarayonlarning katta qismini raqamli tizimlar bajaradi.
“Endi shifokor ish yukining katta qismi avtomatlashtiriladi. Lekin bu davolashda inson omili kerak bo‘lmaydi degani emas. Texnologiyalar shifokorni almashtirish uchun emas, uni ortiqcha ish yukidan ozod etish uchun tibbiyotda joriy etilyapti. Buning natijasida mutaxassis bemor bilan ko‘proq muloqot qilish, kasallikning sabablarini chuqur tahlil etish va individual yondashuvni kuchaytirish imkoniga ega bo‘ladi.
Shu bilan birga, raqamlashtirish shifokordan yangi kompetensiyalarni ham talab qiladi. Endi faqat klinik bilim yetarli bo‘lmaydi: tibbiy ma’lumotlar bilan ishlash, sun’iy intellekt bergan tavsiyalarni to‘g‘ri talqin etish va yakuniy qarorni mustaqil qabul qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Negaki algoritm yordamchi bo‘lishi mumkin, ammo mas’uliyat, vijdon va qaror uchun javobgarlik baribir inson zimmasida qoladi”, – deydi Shuhrat Boymurodov.
Rektor fikricha, sun’iy intellekt bemorning oldingi tahlillari, rentgen yoki MRT natijalarini solishtirib, tavsiyalar beradi. Ammo yakuniy qaror baribir shifokor tomonidan qabul qilinadi.
Yaxshi shifokor bo‘lish formulasi qanday?
Podkastda shaxsiy rivojlanish va shifokor kompetensiyalari masalalari ham ko‘tarildi. Shuhrat Abdujalilovichning fikricha, yaxshi shifokor bo‘lishning eng birinchi va asosiy sharti aniq maqsadga ega bo‘lishdir.
“Shifokor o‘z kasbiy yo‘lini maqsadsiz boshlasa, u bilimini to‘liq ishlatolmaydi, bemor bilan muloqot, empatiya va mas’uliyat kabi insoniy jihatlarni ham rivojlantira olmaydi. Shu sababli, shaxsiy maqsadni aniqlash kasbiy kompetensiyalarni oshirish va zamonaviy tibbiyot talablariga javob berishning birinchi shartidir”, – deydi u.
Rektor, shuningdek, zamonaviy shifokor uchun chet tillarini bilish zarurligini ta’kidladi. Ingliz va rus tillari, ayniqsa, muhim, chunki ilmiy maqolalar, klinik protokollar, yangi tadqiqotlar va xalqaro tajribalar asosan shu tillarda e’lon qilinadi. Til bilimi shifokorga global tibbiyot tajribasini kuzatish, yangiliklardan xabardor bo‘lish va bemorga eng zamonaviy davolash usullarini taklif qilish imkonini beradi.
Tibbiyot ta’limida qabul emas, natija muhim
Shuhrat Boymurodov tibbiyotga qabul tizimi bo‘yicha ham o‘z tanqidiy fikrini bildirdi. Uningcha, muammo kirishda emas, o‘qish jarayonidagi talabchanlikka borib taqaladi.
“Talaba imtihonlardan biridan o‘ta olmasa ham, unga shifokorlik mutaxassisligi berilmasligi kerak. Bu faqat ta’lim sifati uchun emas, bemor xavfsizligini ta’minlash uchun zarur. Har bir talaba faqat malakali bo‘lgandan keyin bemor bilan ishlashga ruxsat olishi lozim”, – deydi rektor.
Podkast davomida bir necha bor takrorlangan fikr – diplom masalasi. “Diplomi bormi, bo‘ldi”, deyilmasligi kerak. Har yili litsenziya imtihonlari, ruxsatnomalar va malaka oshirish tizimi bo‘lishi shartligini ta’kidladi rektor.
Reklama huquqi asosida