O‘zbekiston | 19:04 / 28.01.2026
4149
3 daqiqa o‘qiladi

Buxoro bug‘usini muhofaza qilish uchun populyatsiyaning bir qismini ko‘chirish taklif qilindi

Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatiga tashrif davomida Qizil kitobga kiritilgan Buxoro bug‘usining hozirgi holati va uni saqlab qolish choralari muhokama qilindi. Mutaxassislar populyatsiyaning bir qismini Baday-to‘qaydan Nazarxon uchastkasiga ko‘chirish masalasini asosiy yechim sifatida taklif qilmoqda.

Foto: Ekologiya qo‘mitasi

FOLUR-O‘zbekiston loyihasi ishchi guruhi Ekologiya qo‘mitasi tasarrufidagi Zarafshon milliy tabiat bog‘ining ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, Buxoro bug‘usi bo‘yicha ko‘p yillik ekspert Natalya Marmazinskaya bilan birgalikda Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatida bo‘ldilar.

Mutaxassislar bug‘ular populyatsiyasining bir qismini Baday-to‘qay hududidan rezervatning 60-70 kilometr masofasida joylashgan Nazarxon uchastkasiga ko‘chirish masalasiga e’tibor qaratdilar. Ekspertlar ma’lumotlariga ko‘ra, Baday-to‘qayda bug‘ular sonining keskin oshishi natijasida o‘simlik qoplami qariyb 90 foizga qisqargan, yerosti suvlari sathi esa 5-6 metrga pasaygan. Bu holatlar hayvonlarning ozuqa bazasi va yashash muhitiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Bug‘ularni Nazarxon uchastkasiga ko‘chirishning afzalliklari va ehtimoliy xavflari ko‘rib chiqildi. Natalya Marmazinskayaning ta’kidlashicha, ushbu hudud qulay landshaftga ega bo‘lib, hayvonlarni uzoq muddat saqlash uchun maqbul hisoblanadi. Shuningdek, populyatsiyaning bir qismini ko‘chirish Baday-to‘qay ekotizimiga tushayotgan bosimni kamaytirish, zich populyatsiya ichida yaqin qarindoshlar orasida chatishish bilan bog‘liq genetik muammolarning oldini olishga xizmat qiladi.

Ekspertlarga ko‘ra, Nazarxon uchastkasi Buxoro bug‘usining yashash arealini kengaytirish va butun populyatsiya barqarorligini mustahkamlash uchun eng maqbul hududlardan biri bo‘lishi mumkin.

Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati Markaziy Osiyodagi eng muhim to‘qay o‘rmonlari hududlaridan biri bo‘lib, YuNeSKOning biosfera rezervatlari tarmog‘iga kiritilgan. Buxoro bug‘usini saqlab qolish nafaqat noyob turni muhofaza qilish, balki butun mintaqaning ekologik barqarorligini ta’minlash nuqtayi nazaridan ham strategik ahamiyatga ega.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, Quyi Amudaryo rezervatiga Buxoro bug‘ulari ilk bor 1976 yilda (3 bosh), keyinchalik 1978 yilda (9 bosh) va 1987 yilda (9 bosh) olib kelingan. Jami Tojikiston Respublikasidan 21 bosh hayvon ko‘chirilgan. Bugungi kunda aynan ushbu hududda yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan va O‘zbekiston Qizil kitobida qayd etilgan Buxoro bug‘usining dunyodagi eng yirik populyatsiyasi yashaydi.

FOLUR-O‘zbekiston loyihasi mamlakatda agrolandshaftlarni barqaror boshqarish, ekotizimlarni tiklash va bioxilma-xillikni saqlashga qaratilgan xalqaro tashabbus hisoblanadi. 

Исомиддин Пулатов
Tayyorlagan Исомиддин Пулатов

Mavzuga oid