Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yangi Bank'ni sotish masalasi ham ko‘rilgan, lekin investor topilmagan - Ishmetov
Markaziy bank raisi Timur Ishmetov qator talablarni bajarmay kelgan Yangi Bank litsenziyasi nega ertaroq bekor qilinmaganini izohladi. Uning aytishicha, bank aksiyadorlari ustav kapitalini boshqa bizneslaridagi dividendlar hisobiga to‘ldirishni va’da berishgan. Shuningdek, ular bankni boshqa potensial investorlarga sotishni ham muhokama qilgan. «Qarorni bankning aktivlari majburiyatlaridan tushib ketmagan payti qabul qildik», dedi Ishmetov.
Foto: Kun.uz
28 yanvar kuni Markaziy bankda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida regulyator rahbari Timur Ishmetov nima uchun qator talablarni bajarmay kelayotganiga qaramay Yangi Bank litsenziyasi ertaroq bekor qilinmaganligi haqidagi savolga javob berdi.
«Har qanday bankni yopish – juda og‘riqli masala. Bizga bunday qaror qabul qilish juda ham qiyin. Albatta, har doim qat’iy qaror qabul qilishimiz kerak. Lekin imkon qadar bankni yopmasdan, uni sog‘lomlashtirish choralarini ko‘rib boramiz. Chunki har qanday bankning yopilishi – bank tizimiga salbiy munosabatni tug‘dirishi tabiiy.
Avval yopilmaganining sababi – qonunchilik bilan bir qator banklarga qo‘shimcha vaqt berganmiz. Qaysidir banklar kapitalini talab darajasiga yetkazishga ulgurgan, faqat Yangi Bank shunga rioya qila olmagan. 2025 yilning birinchi va ikkinchi choragi davomida aksiyadorlar boshqa biznesidagi dividendlar hisobiga bank ustav kapitalini to‘ldirishini ma’lum qilishgandi. Biz imkon berdik. Maksimal banklarning faoliyatini davom ettirishi tarafdori bo‘lamiz. Lekin va’da berilgan muddatda kapitalizatsiya amalga oshirilmagani bilan bir paytda, bankning moliyaviy holati yomonlashib bordi. Qarorni bankning aktivlari majburiyatlaridan tushib ketmagan paytda qabul qildik. Hozircha bank aktivlari bor, bir qismi likvidli aktiv, ya’ni pul bor. Bir qismi – kreditlar. Kredit portfeli bor, boshqa banklarga sotsa bo‘ladi. Sal likvidligi pastrog‘i ham bor.
Demak, aksiyadorlar kapitalizatsiyani qila olmasligiga amin bo‘ldik. Ikkinchidan, [bank egalari tomonidan] boshqa potensial investorlarga sotish muhokamasi ham bo‘lgan (norasmiy), boshqa investor ham topilmagan», dedi regulyator rahbari.
Avvalroq, Yangi Bank ustav kapitali miqdorini belgilangan minimum darajaga yetkazmagani, shuningdek, qonunchilikdagi ayrim talablarni bajarmagani uchun litsenziyasidan mahrum etilgan va bankni tugatish komissiya ish boshlagan edi.
Mavzuga oid
09:30 / 14.02.2026
Markaziy bank qo‘mitasi: 4 to‘lov tashkiloti ogohlantirildi, 8 ta tashkilotga jarima
16:42 / 05.02.2026
Islomiy bank faoliyatining joriy etilishiga oid qonun Senatda ma’qullandi
13:20 / 29.01.2026
«Moliyaviy xizmatlarni ko‘rsatishda monopoliya tarafdori emasmiz» - Timur Ishmetov
11:11 / 29.01.2026