Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Birinchi islomiy bank sari yo‘l: IMAN Holding yil yakunilarini sarhisob qildi
IMAN Holding uchun investorlar bilan ochiq va doimiy muloqot olib borish bir martalik munosabat emas, balki boshqaruv modelining ajralmas qismi hisoblanadi. Mana uch yil davomida, IMAN Holding o‘z investorlari uchun Sarhisob nomli yopiq uchrashuvni o‘tkazib kelmoqda. Ushbu uchrashuvda o‘tgan yil natijalari va kelgusi yil rejalari muhokama qilinadi. Sarhisob - IMAN Holding eng yirik va faol investorlarini birlashtiradigan yillik yopiq uchrashuv.
Foto: IMAN Holding
Bu format yildan yilga mustahkam an’anaga aylanib bormoqda. Agar ilk Sarhisob tadbirida 80 nafar investor qatnashgan bo‘lsa, ikkinchi uchrashuvda ularning soni qariyb 200 nafardan oshdi. Sarhisob—2025 esa eng yirik tadbir bo‘lib, unda holdingning 300 nafardan ortiq investorlari ishtirok etdi. Sarhisob uchrashuvlari investorlar uchun faqat yakuniy raqamlar bilan cheklanmaydi. Bu yerda kompaniya qaysi qarorlarni nima sababdan qabul qilgani, risklarni qanday boshqarayotgani, qaysi yo‘nalishlarga asosiy e’tibor qaratayotgani muhokama qilinadi va kelajakda amalga oshirish rejalashtirilayotgan loyihalar taqdim etiladi. IMAN Holding jamoasi fikricha, aynan shunday ochiqlik investorlar bilan uzoq muddatli ishonchli munosabatni shakllantiradi va kompaniyaning umumiy barqarorligini oshiradi.

2025 yilning asosiy voqealari
2025 yil IMAN Holding uchun katta o‘zgarishlar yili bo‘ldi. Kompaniya bir vaqtning o‘zida brendni kuchaytirish va ommalashtirish, loyihalarni kengaytirish va ichki tuzilmani mustahkamlash ustida ish olib bordi. Muhim qadamlardan biri, albatta, rebrending e’lon qilinishi, undan so‘ng investitson va moliyaviy yechimlarni o‘zida jamlagan IMANUM raqamli platformasini ishga tushirish bo‘ldi.
IMAN Kvadrat: ko‘chmas mulkka investitsiya
Ko‘chmas mulkka investitsiya yo‘nalishi ham jadal rivojlandi. IMAN Kvadrat loyihasi doirasida kompaniya BI Group va Murad Buildings bilan hamkorlikda ikkita pilot loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Bu loyihalar tanlangan model to‘g‘ri ekanini va investorlar tomonidan katta qiziqish borligini ko‘rsatdi. Ushbu tajriba kelgusida loyihani kengaytirish va real sektor investitsiyalarini ko‘paytirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qildi.
Kuzatuv kengashi: Murad Nazarov va Xabibullo Ibragimov
Shu bilan birga, kompaniya boshqaruv tizimi ham kuchaytirildi. 2025 yilda investitsiya va biznes boshqaruvi bo‘yicha katta tajribaga ega mustaqil mutaxassislar ishtirokida Kuzatuv kengashi tashkil etildi. Uning tarkibiga development sohasidagi taniqli tadbirkor Murad Nazarov hamda aktivlari 5 milliard AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan Qatarning yetakchi islomiy investitsiya banklaridan biri — Lesha Bank katta vitse-prezidenti Xabibullo Ibragimov kirdilar. Bu qadam kompaniyaning strategik qarorlarni qabul qilishda institutsional balog‘at hamda puxtalikka intilayotganini ko‘rsatadi.

MFO litsenziyasining olinishi
Yil davomida tartibga solish va infratuzilma masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. IMAN Holding mikromoliya tashkilotini ochish uchun Markaziy bank litsenziyasini oldi. Kelgusida esa ushbu tashkilotni mikromoliya bankiga aylantirish rejalashtirilgan. Bu bosqich kompaniya rivojida muhim qadam bo‘lib, O‘zbekistonda birinchi islomiy bankni ochish yo‘lida mustahkam poydevor yaratdi.

2025 yil raqamlarda
Yil yakunilari kompaniya ko‘rsatkichlarida ham yaqqol aks etdi. Hisobot davrida IMAN Holding 23 million AQSh dollari miqdorida investitsiya jalb qildi, bu o‘tgan yilga nisbatan 149 foizga ko‘p. Yangi investorlar soni 11 450 nafarni tashkil etdi, bu esa o‘tgan yilga qaraganda 124 foiz o‘sishni anglatadi. Savdo va moliyalashtirish hajmi 35,9 million dollarga yetib, 181 foizga o‘sish ko‘rsatdi. Kompaniyaning mijozlari soni 64 880 kishiga ko‘paydi, bu bir yil ichida 150 foiz o‘sish degani. Shuningdek, IMAN Holding jamoasi ham sezilarli darajada kengaydi — xodimlar soni 150 nafardan qariyb 400 kishiga yetdi.
Sarhisob 2025: natijalar, qarorlar va kelgusi rejalar
Sarhisob 2025 doirasida IMAN Holding top-menejment vakillari yil yakunlari va qabul qilingan muhim boshqaruv qarorlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Kompaniyaning operatsion direktori Madiyar Sultonov investorlar oldida muntazam hisobot berish IMAN Holding ish uslubining muhim qismi ekanini ta’kidladi:
“Biz ishonchni doimiy e’tibor va mehnat talab qiladigan katta aktiv deb bilamiz. Biz uchun faqat o‘sish ko‘rsatish emas, balki uni barqaror ushlab turish va bu o‘sish qaysi tamoyillar va qanday jarayonlar hisobiga amalga oshayotganini tushuntirish ham muhim.”

2026 yil uchun maqsadlar
Hisobot yakunida IMAN Holding jamoasi 2026 yil uchun asosiy yo‘nalishlarni belgilab berdi. Mahalliy bozorda ilk bor joriy etiladigan AAOIFI standartlariga muvofiq avtolizing va ipoteka xizmatlari shular jumlasidan. Shuningdek, kompaniya ko‘chmas mulk sohasidagi investitsion loyihalarini kengaytirish, raqamli platformani yanada kuchaytirish va butun tizimning xavfsizlik va ishonchlilik darajasini oshirishni rejalashtirmoqda.

Kompaniyaning investitsion loyihalar bo‘yicha direktori Timur Xodjayev yangi yo‘nalishlarning ishga tushirilishi investorlar mablag‘larini diversifikatsiya qilishga yordam berishi va shu orqali boshqaruvdagi aktivlar samaradorligini oshirishini qayd etdi.
Xatarlarni boshqarish
Biznesning ko‘lami kengaygani sari xatarlarni boshqarish masalalarining ahamiyati ham ortib boradi. Jamoaning ta’kidlashicha, portfel va mijozlar soni qanchalik tez oshsa, ma’lumotlar sifati va tahlilga qo‘yiladigan talablar shunchalik ortib boradi. Ayniqsa, kompaniya moliyalashtirayotgan mijozlarni baholash masalasida bu juda muhim.

IMAN Holding risklar va axborot yo‘nalishi bo‘yicha direktori Shahzod Shukurov kompaniyaning moliyaviy barqarorligi risklar bilan ishlash tizimi qanchalik puxta yo‘lga qo‘yilganiga bevosita bog‘liq ekanini ta’kidladi:
“O‘sish yagona maqsad emas. Kengayishning har bir yangi bosqichi risklarni boshqarishda yanada aniq, texnologik va tartibli yondashuvni talab qiladi. Bu, ayniqsa, mijozlarni baholash va aktivlar sifatini tekshirishda muhim.”
Uning aytishicha, kompaniyada risklarni boshqarish axborotga tayangan yondashuv va doimiy texnologik takomillashuv asosida olib boriladi. IMAN Holding mijozlar xulq-atvorini chuqurroq tahlil qilish, risklarni oldindan aniqlash va puxta qarorlar qabul qilish uchun zamonaviy tahliliy vositalardan, jumladan sun’iy idrok (AI), mashinaviy o‘rganish (LLM) va ilg‘or analitik tizimlardan foydalanadi.
“Biz doimiy ravishda yangi usullarni sinab ko‘ramiz, turli modellarni taqqoslaymiz, eng yaxshi xalqaro tajribalarni o‘rganib, ularni mahalliy bozorga moslashtiramiz. Biz uchun risklarni boshqarish — bu o‘zgarmas qoidalar to‘plami emas, balki biznes bilan birga rivojlanib boradigan jonli tizim”, — dedi Shahzod Shukurov.
Shuningdek, u axborot va texnologiyaga e’tibor qaratish kompaniyaga portfel sifatini pasaytirmasdan kengayish, o‘sish va barqarorlik o‘rtasida muvozanatni saqlash imkonini berishini ta’kidladi.

Private-banking
Takidlanishicha, tajriba va kapital oshgani sari investorlar nafaqat moliyaviy loyiha va xizmatlar, balki shaxsiy yondashuv, professional maslahat va yuqori servis darajasiga ham e’tibor bermoqda. Shu sabab 2026 yilda kompaniya uchun alohida strategik yo‘nalishlardan biri private-banking yo‘nalishini yo‘lga qo‘yish bo‘ladi.
IMAN Holding tushunchasida private-banking — bu shunchaki alohida xizmat emas, balki investorlarni uzoq muddat davomida qo‘llab-quvvatlash tizimi hisoblanadi. Bu yondashuv investitsiya portfelini tuzish, maqsadlarni belgilash, sarmoya muddati va xatar darajasini individual tarzda ko‘rib chiqishni o‘z ichiga oladi.
Reklama huquqi asosida