Jamiyat | 22:21 / 30.01.2026
1945
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda odamlarni qo‘rqitib, pul talab qilgan o‘smirlar guruhi qo‘lga olindi

Ular o‘zini «muammolarni hal qiluvchi yetakchilar» sifatida tanishtirib, odamlarni qo‘rqitib, urish va do‘pposlash orqali pul va boshqa moddiy boyliklarni tortib olgani ta’kidlanmoqda.

Toshkent shahri, Olmazor tumanida odamlardan qo‘rqitish va kuch ishlatish orqali pul undirib kelgan o‘smirlar guruhi ushlandi, deb xabar berdi Ichki ishlar vazirligi.

Ma’lum bo‘lishicha, muqaddam Jinoyat kodeksining o‘g‘rilik va bezorilik moddalari bilan sudlangan 18 yoshli yigit atrofiga tengdoshlarini to‘plab, uyushgan guruh tuzgan. Ular o‘zini «muammolarni hal qiluvchi yetakchilar» sifatida tanishtirib, odamlarni qo‘rqitib, urish va do‘pposlash orqali pul va boshqa moddiy boyliklarni tortib olgan.

Tergovgacha tekshiruv jarayonida aniqlanishicha, masalan, guruh 18 yoshli yigitdan muntazam ravishda, qo‘rqitish yo‘li bilan turli miqdorda pul undirib kelgan. Keyinchalik unga zo‘ravonlik yo‘li bilan 14 ming dollar to‘lash majburiyati yuklatilgan. Guruh mazkur mablag‘dan 2 ming dollarini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi «b» va «v» bandlari (O‘ta xavfli retsidivist tomonidan hamda uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ular 5 yildan 10 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid