Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Samarqandda xorijdagi festivalga o‘z farzandlarini yuborgan mansabdorlardan 28 mln so‘m undirildi
Vazirlikka tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘ygan rasmiylarni ishdan bo‘shatish haqida taqdimnoma ham kiritilgan.
Foto: Petr Kovalev/TASS
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilgan «Alvon yelkanlar» nomli bitiruvchilar bayramiga Samarqand viloyatidan iqtidorli yoshlar o‘rniga farzandi, jiyani va yaqinlarini xorijga yuborgan mahalliy rasmiylar 28 mln so‘mni budjetga qaytaradi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari Akmal Burxonov ma’lum qildi.
U Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mansabdor shaxslari tomonidan qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yilganini ta’kidlagan.
«Dastlabki o‘rganishlar natijasida bu voqea o‘z tasdig‘ini topdi. Rossiya tomonidan viloyat hokimligiga taklifnoma berilgan, hokimlik viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga yo‘naltirgan.
Sakkiz o‘quvchi va ikki o‘qituvchi yuborilgan. Shundan ikki nafari – boshqarma boshlig‘ining yaqin qarindoshi, ya’ni farzandi va jiyani, yana ikki nafari boshqarma hisobchisi va metodistining farzandlari bo‘lib chiqdi, yana bir nafari boshqarma boshlig‘ining yaqin tanishining o‘g‘li bo‘lib chiqdi.

Ularning borib kelishi uchun mahalliy budjetdan 95 million so‘m ajratilgan ekan. Uch bolaning ota-onasidan 28 million so‘m mahalliy budjetga qaytarildi», deya Burxonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Bundan tashqari, o‘rganishlar natijasida ushbu holat davlat xizmatchilarining odob-axloq qoidalariga zid ekani haqida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rahbariyatiga taqdimnoma kiritilgan, unda aybdorlarga qat’iy choralar ko‘rish so‘ralgan.
«O‘rganishlar natijasida 28 millionni qaytardik. Yana bir bor o‘rganib, yana budjetga zarar yetkazilgan bo‘lsa uni ham qaytarish, shuningdek, tanish-bilishchilik holatlariga yo‘l qo‘ygani uchun mutasaddilarga, birinchi navbatda, boshqarma rahbariga hamda boshqa aybdorlarga keskin chora ko‘rish, ya’ni lavozimdan ozod etishgacha bo‘lgan choralar ko‘rish bo‘yicha taqdimnoma kiritdik. Bu bo‘yicha o‘n kun ichida javob berilishi kerak», degan Burxonov.
Shu kunlarda Sankt-Peterburgda o‘tkazilgan «Alvon yelkanlar» bitiruvchilar bayramiga Samarqand viloyatidan yuborilgan maktab o‘quvchilari ro‘yxati jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘lgandi.
Kun.uz saytida e’lon qilingan materialda sayohatga borganlar orasida viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining o‘g‘li va jiyani, shuningdek boshqa mas’ullarning farzandlari ham borligi aniqlangani ma’lum qilingandi.
Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi holat yuzasidan bildirgan munosabatida dastlab mazkur tadbir uchun 14 nafar iqtidorli o‘quvchi va 1 nafar mas’uldan iborat delegatsiya shakllantirilgani, ammo ayrim o‘quvchilarning xorijga chiqish pasportlari o‘z vaqtida tayyor bo‘lmagani va ayrimlarining ota-onalari safarga ruxsat bermagani sababli ro‘yxat o‘zgartirilganini ma’lum qilgandi.
Mavzuga oid
20:30 / 04.02.2026
Toshkent – Sankt-Peterburg – Toshkent yo‘nalishida avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi
08:53 / 04.02.2026
Sankt-Peterburgdagi bayramga iqtidorli o‘quvchilar qolib, amaldorlarning farzandlari bordi
15:30 / 03.02.2026
Samarqandda kuniga 500 tonna chiqindi saralaydigan stansiya quriladi
11:27 / 31.01.2026