Toshkentda qurilish sur’ati oshar ekan, asosiy masala endi “qancha bino qurildi?” emas, “qanday shahar muhiti yaratilmoqda?” degan savolga borib taqalmoqda. Shaharni “eniga” yoyib borish infratuzilma, transport va ijtimoiy xizmatlar yuklamasini keskin oshirayotgan bir paytda, mutaxassislar ilgari surayotgan eng maqbul yechim mavjud hududlar doirasida “bo‘yiga” o‘sish, ya’ni ixcham va funksional rivojlanish modeliga o‘tishdir.
Buning uchun qurilishlar parcha-parcha emas, yagona konsepsiya asosida kompleks tarzda rejalashtirilishi, yirik loyihalar esa bosqichma-bosqich xususiy sarmoya jalb etgan holda amalga oshirilishi lozim. Davlat esa moliyalovchi emas, balki shaffof qoidalarni belgilovchi va sifatni qat’iy nazorat qiluvchi regulyator sifatida ishtirok etishi kerak.
Kompleks yondashuvning ustunligi: natija tez, sifat barqaror, infratuzilma muvozanatli
Yaxlit qurilish va obodonlashtirish loyihalari shahar boshqaruvi nuqtai nazaridan eng to‘g‘ri va samarali yondashuv hisoblanadi. Chunki bunday loyihalar doirasida:
— turar joy binolari qurilishi transport yechimlari bilan bir vaqtda rejalashtiriladi;
— maktab, bog‘cha, poliklinika, sport va madaniyat obektlari oldindan loyihalanadi;
— muhandislik tarmoqlari (suv, kanalizatsiya, elektr, issiqlik) yuklama hisob-kitobi bilan moslashtiriladi;
— yashil hududlar, sayr maydonlari va jamoat makonlari qurilishning ajralmas qismi sifatida belgilanadi.
Natijada shahar nafaqat “uy-joy fondi” bo‘yicha, balki yashash sifati, qulaylik va xavfsizlik jihatidan ham tizimli ravishda yuksaladi. Eng muhimi, kompleks yondashuv shahar infratuzilmasiga tushadigan ortiqcha bosimning oldini oladi va rivojlanishning boshqariladigan modelini yaratadi.
Kompleks qurilishni asosiy belgilab beruvchi tayanch hujjat bu master-plan va bosh plan hisoblanadi. Ushbu hujjatlar mukammal ishlab chiqilishi va ularga qat’iy rioya qilinishi yuqoridagi masalalarning kompleks yechimi bo‘lib xizmat qiladi.
Xorij tajribasi: rivojlangan shaharlar kompleks qurilishga tayanadi
Dunyo amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, yirik shaharlarda barqaror rivojlanishning asosiy mexanizmi aynan kompleks rejalashtirish va aralash funksiyali hududlarni shakllantirishdir.












