Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Erondagi urushning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’siri: ekspertlar bilan suhbat
O‘zbekiston Erondan nima sotib oladi va unga nima sotadi? Tashqi savdomizda bu mamlakatning va undan o‘tuvchi tranzit yuklarining o‘rni qay darajada? Shu kabi savollarga Kun.uz studiyasida ekspertlar Nargiza Umarova va Umrbek Yusupov javob berishdi.
Oxirgi haftalarda Afg‘oniston–Pokiston hamda AQSh/Isroil–Eron ziddiyatlari qurolli to‘qnashuvlarga aylanib ketdi. Janubdagi qo‘shnilarimizda kuzatilayotgan notinchlik O‘zbekiston uchun eng kamida iqtisodiy oqibatlarga ega bo‘lishi tayin.
Xo‘sh, bu qanday oqibatlar va ularning ko‘lami qanaqa bo‘ladi? Oltin narxi oshishi bilan bog‘liq plyuslar yo‘qotishlarni qanchalik kompensatsiya qila oladi?
Kun.uz bu savollarga Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar institutining Strategik bog‘liqlik markazi rahbari Nargiza Umarova hamda Progressiv islohotlar markazi eksperti Umrbek Yusupovdan javob oldi.
– Hozirgi keskinlik O‘zbekistonning qaysi savdo koridorlariga katta xavf tug‘dirmoqda. Bu tashqi savdomiz uchun nimani anglatadi?
Nargiza Umarova: Eron, Pokiston va Afg‘oniston biz uchun strategik va ustuvor ahamiyatga ega bo‘lgan janubiy tranzit yo‘nalishining asosiy ishtirokchilari hisoblanadi. Ular janubiy tranzitni ta’minlab beruvchi davlatlar sirasiga kiradi. Eron aslida an’anaviy ravishda barqaror va xavfsiz tranzit davlati hisoblanadi. Biz bilamiz, o‘tgan yili ham yoz oyida 12 kunlik urush tufayli eng yirik porti — Bandar Abbosga zarar yetgan edi. Hozir ham beqarorlik kuzatilmoqda. Doimiy ravishda Eron shu imkoniyatni ta’minlab bergan, nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari uchun ham.
Oxirgi yillarda bizning strategik loyihamiz bor — 2018 yildan transafg‘on yo‘lini qurishni tashkil etdik. Bu loyihada ishtirokchi uch davlat bor: O‘zbekiston tashabbuskor, shuningdek, Afg‘oniston va Pokiston. Dinamikani ko‘radigan bo‘lsak, ham Afg‘oniston, ham Pokiston bilan, ayniqsa, savdo-iqtisodiy sohada aloqalar juda ham jadal rivojlanmoqda. O‘tgan yil, 2025 yil natijalariga ko‘ra, Afg‘oniston O‘zbekistonning TOP o‘ntaligiga kirdi, umumiy savdo aylanmamiz 1,7 mlrd dollarni tashkil qildi. Pokiston va Eron ham O‘zbekiston uchun TOP yigirmatalikka kiradi.
Siz aytayotgan masala — transport koridorlari va tranzit koridorlari masalasi. Hozir bu borada Eronning pozitsiyasi mustahkam, Eron dunyoning 15 mamlakati bilan chegaradosh. Tarixan ham Eron doim tranzit bog‘lovchi bo‘lib kelgan — Buyuk ipak yo‘li davridan, o‘rta asrlardan beri. Eron bilan bizning aloqalarimiz intensivlashgan, bu jarayon 2018 yildan boshlandi.
Ikkita sohani ajratib olgan bo‘lardim: savdo aloqalari va transport-logistika. Ikkisi bir-biri bilan bog‘liq: sizda yo‘l bo‘lmasa yoki uzoq bo‘lsa, savdo potensial bo‘lishiga qaramay cheklanadi. Yo‘llarning rivojlanishi savdo rivojlanishiga hissa qo‘shadi.
Portlar masalasida Eron juda rivojlangan, bir nechta portlarga ega, u okeanga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoniga ega. Bu yerda mintaqa ichidagi Kaspiy dengizi bor — Qozog‘iston va Turkmaniston bilan chegaradosh. Kaspiyda shimoliy portlar bor, ammo strategik va yirik portlar janubda. Bu yerda Hindiston tashabbusi bilan Chobahor porti ham rivojlantirilmoqda. Chobahorning ustunligi shundaki, u Erondagi yagona okean porti va chuqur. U yerda hozir muammoli bo‘lib turgan Hurmuz bo‘g‘ozini kesib o‘tish shart emas.
Bandar Abbos Eron orqali o‘tadigan barcha yuklarni — uglevodorod va neft mahsulotlarini tashishda ishtirok etadigan va umumiy hajmning 90 foizini tashkil etadigan yirik port hisoblanadi. O‘zbekiston paxta eksport qila boshlaganida Eron bizga tranzitni ta’minlab bergan edi, shu bilan bizning strategik mahsulotimiz dunyo bozoriga eksport qilingan.
Bugungi kunda ham portlar O‘zbekiston uchun muhim ahamiyatga ega, transport-logistika yo‘llarini diversifikatsiya qilish siyosati mavjud. Davlat faqat bitta infratuzilmaga bog‘lanib qolmasdan, ularni ko‘paytirishga harakat qilmoqda.
Shu jarayonning o‘zida ham Eron shimol va janub transport marshrutlarida, shuningdek, Sharq va G‘arb yo‘nalishlarida ishtirok etadi.
O‘zbekiston 2030 yilgacha tranzit pozitsiyasini oshirish orqali transport xizmatlari eksportini 2 barobarga oshirmoqchi. Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston uchun Sharq va G‘arb yo‘nalishidagi janubiy koridorni rivojlantirish muhim. Bu to‘liq quruqlik orqali Turkiyaga chiqib, asosiy bozor sifatida ko‘rilayotgan Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqish maqsadini ko‘zlaydi.
Nafaqat Eron, balki Pokiston va Afg‘onistondagi urush tufayli Pokiston yo‘nalishi ham yopilgan. Bu ikki yo‘lning berkilishi qaysi tovarlar pozitsiyasi bo‘yicha eksport va importga ta’sir qiladi?
Umrbek Yusupov: O‘zbekistonning tashqi savdosida Eronning ulushidan boshlasak, umumiy tashqi savdo aylanmasi 81,2 mlrd dollarni tashkil qilgan. Shundan eksportimiz 34 mlrd dollar, 47 mlrd dollardan ko‘prog‘i importga to‘g‘ri keladi. Eron bilan yarim mlrd dollar savdo hajmiga egamiz, bu umumiy savdo aylanmasida 1 foizni ham tashkil qilmaydi.
Asosiy TOP mahsulotlarga kelsak, savdomizning 157,4 mln dollarini eksport qilamiz. To‘qimachilik, paxta tolasini jahon bozoriga olib chiqishda Eron asosiy yo‘l hisoblanadi. Buni eksport statistikasida ko‘rishimiz mumkin — eksportimizning 30 foizi Eron yo‘nalishiga to‘g‘ri keladi. Xom ipak ham 3 foizni tashkil qiladi.
Import masalasiga kelsak, ko‘pchilik tasavvurida Eron neft va gaz bo‘yicha TOP o‘ntalikka kiradi: gaz zaxiralari bo‘yicha Rossiyadan keyin, neft bo‘yicha esa Venesuela va Saudiya Arabistonidan keyin turadi. Biz asosan Erondan qora metall mahsulotlarini olamiz. Xom neft emas, neft mahsulotlaridan tayyorlangan kundalik maishiy tovarlarni xarid qilamiz. O‘zaro savdoda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, qurilish materiallari, o‘g‘itlar, yem-xashak va shunga o‘xshash mahsulotlar ham bor. Albatta, tashiladigan tovarlar ham shulardan iborat bo‘ladi.
Nargiza Umarova: O‘tgan yil Eronga 1 mln 200 ming tonna yuk tashilgan, ko‘proq bu yerda tranzit katta ulushga ega. Masalan, Turkiyani olsak, u bizning TOP beshtalik savdo hamkorimiz. O‘tgan yil 3 mlrd dollardan ortiq savdo bo‘lgan, bu degani biz Turkiyaga ko‘p mahsulot tashiganmiz. Turkiyaga esa asosan Eron orqali chiqyapmiz.
Faqat Eronni bozor sifatida ko‘rib chiqmasdan, strategik va yirik hamkorlar bilan bog‘laydigan davlat sifatida ham ko‘rishimiz kerak. Pokistondan farqli ravishda, Eron O‘zbekistonga ko‘proq sotayotgan davlat hisoblanadi, Pokistonga esa biz ko‘proq sotamiz. Bu pozitsiyaga biz qisqa muddatda erishdik. Preferensial savdo bo‘yicha kelishuv imzolangach, Eron bilan ko‘p muzokaralar olib borildi.
Eronga qo‘yib berilsa, uning ishtahasi juda katta — O‘zbekiston va Markaziy Osiyo bozorlarini egallash uchun salohiyati juda yuqori. Faqat Eron va uning hamkorlarini cheklab turuvchi omillar bor — bu sanksiyalar. Shu omil tufayli biz Eron bilan savdoda barter usulidan foydalanamiz. Shuning uchun Eronni savdo hamkori bo‘lish bilan birga tranzit zonasi sifatida ham ko‘rish kerak.
Agar strategik loyihalarimiz amalga oshsa, janubiy tranzit yo‘laklari qurilsa, bu O‘zbekiston, Eron va bu yerda ishtirok etayotgan Turkmaniston uchun ham juda katta iqtisodiy o‘sishni ta’minlab beradi.
— Urush boshlanganidan beri vaziyat qanday? Portlar yopiq bo‘lsa, tadbirkorlar nima qilyapti?
— 1 martdan Hurmuz bo‘g‘ozi yopilgani ma’lum qilindi. Bu degani Bandar Abbos portida tashuvlar, ya’ni kemalarning kirish imkoniyati yo‘q degani. Eron juda katta hudud hisoblanadi. Quruqlikdan o‘tadigan yo‘llarda ham urush bo‘layotgan davlatlar orqali tashuvlarni amalga oshirishda sug‘urta stavkalari juda yuqori hisoblanadi. Bu yerda logistlarning o‘z tanloviga bog‘liq — yo risk qilib katta xarajatga borish, yoki alternativ yo‘llarni izlash.
O‘zbekiston hukumati bu yerda aniq harakat qilmoqda, o‘tgan yili prezident transport vaziriga alternativ yo‘llarni aniqlash vazifasini topshirgan edi. O‘sha paytning o‘zida oldindan hisob-kitoblarga ko‘ra, Eron portlarini almashtirish hisobiga xarajatlar 30 foizgacha oshishi aytilgan edi.
Transport vaziri 4 ta alternativni taklif qilgan — bularning ikkitasi Eron va Pokiston orqali o‘tadigan tranzit yo‘llar. Pokiston va Afg‘oniston konflikti tufayli biz yana bir alternativdan foydalana olmaymiz. Bu qisqa va samarali yo‘l edi.
Endi o‘rta koridor qoladi — Xitoy portlariga Qirg‘iziston orqali avtomobil yo‘li bilan chiqish imkoniyati. Shuningdek, Rossiya orqali shimoliy yo‘laklar bor. Lekin u yo‘llar uzun, xarajatlar oshadi. Biz eng qisqa yo‘llarni ishlatgan taqdirimizda ham xarajatlar yuqori, chunki O‘zbekiston dengiz yo‘llaridan ikki hissa uzoqda.
Shu nuqtayi nazardan, ikkita strategik yo‘nalishdan foydalanish murakkab bo‘lib turibdi. Bu borada bashorat olib borish qiyin. Konfliktlar qachon yakuniga yetadi — bilmaymiz.
Umrbek Yusupov: Yuqorida hamkasbim to‘g‘ri aytdi, davlatning savdo ko‘rsatkichiga qarab xulosa chiqarish noto‘g‘ri bo‘ladi. Savdo aylanmasi 1 foizga ham yetmaydi degani u oxirgi o‘rinda yoki yetarli o‘rinda emas deganimas.
Salohiyat jihatidan ikki karra dengizga chiqish imkoniyati cheklangan davlatmiz. Shuning uchun Eron biz uchun eng ishonchli va sinalgan yo‘nalish edi.
Temiryo‘llarni sharqqa qarab yo‘naltirish — O‘zbekiston–Qirg‘iziston–Xitoy temiryo‘li yoki janub yo‘nalishida O‘zbekiston–Pokiston avtomobil yo‘lini qo‘yish muqobil variantlarni yaratadi.
Rus ekspertlari shimoliy va sharqiy yo‘nalishlarga ehtiyoj ortishini ta’kidlamoqda. Bu yo‘llardan foydalanish mumkin, lekin narx evaziga. Hozirning o‘zida inflatsiya darajasi, dollarga nisbatan so‘mning qadrsizlanishi tufayli sug‘urta tariflari narxi oshadi.
Narxlar 30 foizga ko‘tarilganda davlat tomonidan yordam ajratilishi mumkin. Hukumatlararo komissiya hamkorlar bilan ishlamoqda — muqobil yo‘llar muhokama qilinmoqda.
Eron O‘zbekistonning strategik sherigi sifatida qoladi. Vahimaga o‘rin yo‘q. To‘liq to‘xtab qolgan taqdirda ham kardinal o‘zgarish bo‘lmaydi. Bilvosita ta’sir bevositaga aylanishi mumkin, buni vaqt ko‘rsatadi.
Hozirgi vaziyat Markaziy Osiyo uchun o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish imkonini beradi. Savdo kooperatsiyalarini yo‘lga qo‘yish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishda ichki ehtiyojdan unumli foydalanish kerak.
Nargiza Umarova: So‘nggi davlat rahbarlari darajasida erishilgan kelishuvlarga ko‘ra, biz umumiy savdoni Eron bilan 2 mlrd dollarga yetkazishga kelishganmiz. Bu bekor bo‘lgani yo‘q, faqat qiyinlashdi.
Hozirgi kundagi ko‘rsatkich salohiyat darajasida ishlamayapti. Bunga bir necha omillar sabab bo‘ldi: Eronning uzoq muddat izolyatsiyalangani mintaqa davlatlari bilan hamkorlikni kengaytirishga xalaqit berdi. Hozirgi Erondagi vaziyat to‘g‘ridan to‘g‘ri juda katta ta’sir o‘tkazmaydi, lekin inflatsiya birinchi kundanoq dollar kursining oshishi va so‘mning qadrsizlanishi orqali ta’sir ko‘rsatdi. Bu xarajatlar oshishi va oltin narxining tebranishiga olib keladi.
— Urushning global bozorlarga ta’siri O‘zbekistonga qanday aks-sado beradi?
Umrbek Yusupov: Eronning ta’siri haqida gapirganda, neft, gaz va uglevodorod sohasidagi salohiyati haqida aytish kerak. Dunyodagi TOP beshtalikni olsak, Venesuelada neft zaxiralarining 17 foizi, Saudiya Arabistonida 15 foizi, Eronda 12 foizi joylashgan. Gaz zaxiralari bo‘yicha Rossiya 24 foiz, Eron 17 foizni tashkil qiladi.
Bu to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir o‘tkazadi degani — har qanday rivojlangan va rivojlanayotgan davlat energetika resurslariga bog‘liq. Xitoy ehtiyojining 13 foizini Eron orqali qondiradi, bundan tashqari Hurmuz bo‘g‘ozi orqali 20 foiz neft tashiladi.
Shu sababli bu jarayonlar bizning iqtisodiyotimizga ham ta’sir qiladi, lekin ta’sir bilvosita bo‘ladi. Inflatsiya orqali neft mahsulotlari narxi oshadi, bu zanjir reaksiyasi orqali boshqa mahsulotlar narxlariga ham ta’sir qiladi.
Shu bilan birga, logistika va sug‘urta narxlari oshadi. Metall masalasida ham Eron mintaqada yetakchi ishlab chiqaruvchi hisoblanadi. Rossiya, Qozog‘iston va Turkiyadan keyin Erondan ham metall mahsulotlari import qilamiz, bu ichki bozorga ham ta’sir qiladi.
Eronning asosiy salohiyati ichki imkoniyatlariga tayangan. Agar vaziyat tinchlansa, O‘zbekiston bu salohiyatdan foydalana oladi. Eksportimiz tarkibining asosiy qismini paxta tolasi tashkil qiladi, uni tez tiklab olish imkoniyati mavjud.
To‘liq suhbatni Kun.uz'ning YouTube-kanalida tomosha qilishingiz mumkin.