Jamiyat | 19:50 / 10.03.2026
5286
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada suv ta’minoti xodimi kaltaklandi

Xonadondagi suv ta’minoti holatini o‘rganish davomida xizmat vazifasini bajarayotgan inspektor kaltaklandi. Unga tan jarohati yetkazgan fuqaro protsessual tartibda ushlandi.

Foto: Bosh prokuratura

Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston tumanida xizmat vazifasini bajarayotgan suv ta’minoti xodimi kaltaklandi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.

Aniqlanishicha, 9 mart kuni «Farg‘ona suv ta’minoti» korxonasining O‘zbekiston tumani filiali inspektori D.S. Sochtepa ko‘chasida joylashgan xonadonlardan biriga borgan. Ushbu xonadonda suv ta’minoti holatini o‘rganish davomida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan hisoblagich mavjudligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, jarima qo‘llanilishi haqida ma’lum qilingan vaqtda shu xonadonda yashovchi F.P. xizmat vazifasini bajarayotgan inspektorga qarshilik qilib, janjallashgan. Janjal davomida F.P. yog‘och bo‘lagi bilan inspektorning boshiga urib, tan jarohati yetkazgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi F.P. protsessual tartibda ushlangan. Prokuratura tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid