Jamiyat | 19:55
1068
2 daqiqa o‘qiladi

Nogironlar uchun onlayn platforma tenderida shubhali holatlar aniqlandi

Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun onlayn murojaat platformasini yaratish bo‘yicha 710 mln so‘mlik davlat xaridi shubha ostiga tushdi. Aksilkorrupsiya agentligiga ko‘ra, g‘olib va zaxira g‘olibi o‘zaro afillanganiga ishora qiluvchi holatlar bor.

Foto: Shutterstock

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish masalalari bo‘yicha davlat organlariga onlayn videoaloqa orqali murojaat qilish imkonini beruvchi platforma yaratilishi bilan bog‘liq jarayonlarni o‘rgandi.

Ma’lum qilinishicha, topshiriq ijrosiga mas’ul – Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi buyurtmachiligida platformani ishlab chiqish bo‘yicha 2022 yil 14 noyabr kuni boshlang‘ich narxi 737 mln so‘m bo‘lgan tanlov o‘tkazilgan.

Davlat xaridida “E.” MChJ 710 mln so‘mlik taklif bilan g‘olib deb topilgan. Tanlovda unga yagona raqib sifatida ishtirok etgan “I.” MChJ esa zaxira g‘olibi sifatida belgilangan.

O‘rganishlar davomida bu ikki talabgorning hujjatlari maxsus axborot portaliga bir xil qurilma orqali va bir IP-manzildan yuklangani ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, platformaning App Store'ga joylashtirilgan mobil ilovasida ishlab chiquvchi sifatida “I.U” jamoat birlashmasi qayd etilgan. Tekshiruvda mazkur birlashma ta’sischisi B.S.S. zaxira g‘olibi bo‘lgan “I.” MChJning yagona rahbari va ta’sischisi ekani aniqlangan.

Qolaversa, buyurtmachi tomonidan platformani ishlab chiqish uchun “E.” MChJga to‘lab berilgan 710 mln so‘m mablag‘ joriy xarajat sifatida hisobga olingan bo‘lib, platformani balansga qabul qilish choralari ko‘rilmagan.

Aksilkorrupsiya agentligi aniqlangan holatlar yuzasidan to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yubordi.

Исомиддин Пулатов
Tayyorlagan Исомиддин Пулатов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid